Inson qadri uchun
Tibbiy sug‘urtaning ahamiyati, inson uchun naqadar zarurligiga doir ko‘plab misollar keltirish mumkin. Mashhur futbol yulduzi Lionel Messi 12 yasharligida boshiga tushgan ko‘rgulik ham aynan shu ijtimoiy xizmat ahamiyatini ochib beradi. Yurtimizda sug‘urta sohasi rivojlanyapti, ayniqsa, uzoq yillar ko‘pchilikka notanish bo‘lgan tibbiy sug‘urta xizmati shaxsan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimiz hayotiga bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Savol tug‘iladi: O‘zbekiston tanlagan tibbiy sug‘urta mexanizmlari kay tartibda ishlaydi? Sug‘urta deganda ko‘pchilik pul to‘lashni talab qiladigan xizmatni tushunadi, demak, aholi mazkur ijtimoiy xizmatdan foydalanishi uchun muayyan mablag‘ to‘lashi kerakmi? Yo‘lga qo‘yilayotgan xizmat hamma uchunmi yoki undan ma’lum toifa kishilargina foydalanadimi? Ishlaydigan va ishsizlar tibbiy sug‘urtasi qanday bo‘ladi? Shu va boshqa savollar bilan Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi mutasaddilariga murojaat etdik.
Aholining barcha qatlamlari uchun
— Kelgusi besh yilda yurtimiz aholisini sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining eng muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan, — deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov. — Fuqarolarni davlat tomonidan tibbiy sug‘urtalash masalasi Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topdi. Unga ko‘ra, Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etildi. Bizning asosiy vazifamiz davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash. Aholining barcha qatlamlarini davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etishda ishtirok etamiz.
Yurtimizda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari Sirdaryo viloyatida tajriba – sinov tarzida joriy etildi. Shu bilan birga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida 14 ta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan ham shartnoma asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Kardiologiya, kardioxirurgiya, travmatologiya va ortopediya, akusherlik va ginekologiya hamda oftalmologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari shular sirasidandir. Shuningdek, og‘ir bemorlarning poytaxtga kelib, vaqt va mablag‘ sarflashining oldini olish maqsadida hududlardagi 52 ta muassasa bilan ham shartnomalar tuzildi. Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida amalga oshirilayotgan davlat tibbiy sug‘urtasi bilan bog‘liq natijalar 2023 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida joriy etiladi. 2025 yildan esa respublikamizning barcha hududi qamrab olinadi.
Sug‘urta qanchaga tushadi?
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etishdan asosiy maqsad — kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash, tibbiy yordam ko‘rsatishning birlamchi bo‘g‘inida malakali va sifatli xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish, aholining salomatlik darajasi, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirishdan iborat. Ushbu tizimning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda joriy qilinishi ishtirokchilar o‘rtasida axborot almashinuvini ta’minlash hamda tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun kerakli ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Loyihada aholining elektron reestrini shakllantirish, bemor yo‘llanmasi, kasalligi, qaysi shifokor tomonidan ko‘rilgani, tashxis va davolanish holatlari haqidagi ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish rejalashtirilgan. Bu esa, o‘z navbatida, kasalliklarni oldini olish, prognozlash, shifokorlarni ish faoliyatini baholashga imkon yaratadi.
Hammani qiziqtirgan savolga o‘tsak, mazkur xizmat uchun daromadimizdan badal to‘lab borishimish kerakmi?
— Joriy qilinayotgan tizimda tibbiy sug‘urta uchun aholi o‘z daromadidan ajratma (badal)lar to‘lashi ko‘zda tutilmagan hamda ushbu tizim majburiylik xarakteriga ega emas, chunki mazkur xizmat davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi, — deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining ijro etuvchi direktori birinchi o‘rinbosari Z.Ermatov — Ana shu jihatdan ham Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi deb nomlandi. Ushbu tizimning asosiy maqsadi mamlakatimiz aholisining barcha qatlamini sifatli va malakali tibbiy yordam bilan qamrab olishdir.
Yangi tizimda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor va uning besh nafar yordamchi hamshirasidan iborat “brigada”lar tashkil qilinadi, har bir “brigada” 3 ming nafargacha bo‘lgan aholiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi. Oilaviy shifokorlarning vakolati kengaytirilishi, bemorlarga bepul davolanishga yo‘llanma taqdim etish, bepul dori-darmon uchun retsept berish ularning nufuzini oshirishga qaratilgan.
O‘zimizga xos va mos yo‘l
Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan tibbiy sug‘urta masalasiga jiddiy e’tibor qaratilib, malakali mutaxassislar tomonidan 2017 yildayoq davlatimiz rahbari topshiriqlari bilan dunyoda sug‘urta tizimi yaxshi rivojlangan davlatlar tajribasi puxta o‘rganildi. Jumladan, Isroil, Fransiya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Yaponiya kabi davlatda ushbu tizimning qay tarzda yo‘lga qo‘yilgani o‘rganilib, hech qaysi mamlakatning tibbiy sug‘urta tizimi O‘zbekiston sharoitiga mos kelmasligi oydinlashdi. Shu bois O‘zbekistonda o‘ziga mos va o‘ziga xos tizimni tanlab, shu yo‘lda dadil qadam tashlash vaqti kelgandi. Bu — davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy sug‘urta tizimi edi. E’tiborli jihati — hech qaysi mamlakatning sug‘urta tizimida xarajatlar davlat tomonidan to‘lig‘icha qoplab berilmaydi. Bizda esa aynan shun yo‘l tanlandi. Bunga Prezident sa’y-harakati bilan, kuch-iroda va mablag‘ topildi va ayni paytda xalqimiz bu imkoniyatdan foydalanmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etilishi aholini tibbiy tizimga emas tibbiy tizimni aholiga yaqinlashtiradi. Respublikamizda ilk bor sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida joriy etilayotgan davlat tibbiy sug‘urta tizimi aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini ta’minlab, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan. Maqsad — ezgu, o‘tgan davr mobaynida qanday natijalarga erishilgani esa yanada muhim.
— Tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilishi avvalida viloyat aholisining elektron reestri shakllantirildi, — deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mabuot xizmati rahbari Sayyora Shoeva. — Bemorning kasalligi, qaysi shifokor qabulida bo‘lgani, tashxis va davolanish holati haqidagi ma’lumotlar elektron bazaga kiritildi. Bu esa xastaliklarni erta aniqlash va oldini olish, shifokorlar faoliyatini baholashda qo‘l kelmoqda. Shu asosda poliklinikaga murojaat qilgan yoki shifoxonaga borgan shaxsga individual maslahat berish, zarurat bo‘lsa, nazoratga olish, konsultatsiya va davolash reabilitatsiya jarayoniga jalb qilish amaliyoti olib borilyapti. Viloyatdagi har bir tibbiyot muassasasida “tibbiy brigada”lar shakllantirilib, 852 mingdan ortiq aholi xatlovdan o‘tkazildi. Ambulator kartalar elektron shaklga o‘tkazilmoqda. Bu bemor uchun ham shifokor uchun ham ancha qulay. Negaki, bemor haqida elektron bazaga kiritilgan ma’lumotlar tezda topiladi, oldingi tashriflar va tekshiruvlarning yozuvlarini shifokor to‘liq ko‘ra oladi va buning uchun bir necha daqiqa kifoya. Ambulator kartaning qog‘oz shaklida esa bemorlar ro‘yxatga olish, kartalarni qidirib topishni kutishlari va shifokor ham yozuvlarni ko‘zdan kechirishi uchun ko‘proq vaqt sarflardi. Maqsad kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy yordamning birlamchi bo‘g‘inida malakali va sifatli xizmat ko‘rsatish, aholining salomatlik darajasi, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirishdan iborat.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari doirasida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga ko‘proq e’tibor berila boshlandi. Ilgari ular ro‘yxatga olinib, davolanish buyurilgan va kuzatuvga olingan. Endilikda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilishi tufayli bemorlarga dori vositalarining bir qismi bepul berilmoqda. Dorixona esa poliklinikaning o‘zida joylashgan.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonida Reimbursatsiya tizimi ham amaliyotga joriy etildi. Unga ko‘ra, bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini olish imkoniyatini yaratilmoqda. Bunda – aholini dori vositalari bilan ta’minlash, alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor buyurgan dori vositalari xarajatlarini maqsadli kompensatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Reimbursatsiya tizimida gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning ikkinchi turi, bronxial astma, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligida bemorlarni ambulator sharoitda davolashda qabul qilinadigan dori vositalari Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan dorixonalar tomonidan bepul beriladi. Dorixona xarajatlarini Davlat tibbiy sug‘urtasi qoplaydi.
Bir so‘m pul to‘lamadim
Shu o‘rinda yana bir yangilik. Yaqin-yaqingacha ehtiyojmand bemorlarning respublika tibbiyot markazlarida davolanishi uchun qog‘oz shaklidagi “order” tizimidan foydalanilganidan xabaringiz bor. Oqibatda bunday imtiyozlar ko‘p hollarda tanish-bilishchilik asosida berilar, “order” uchun mablag‘lar respublika tibbiyot markazlariga bemor kelsa-kelmasa, har yili o‘tkazib kelinardi. Oqibatda haqiqiy ehtiyoji bor odamlar yillab navbatda turisharli. Endi bunday amaliyotdan to‘liq voz kechildi. Prezidentimizning “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ochiq va shaffof tizimga o‘tildi. Natijada o‘tgan yilning 1 oktabridan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tarmog‘i orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tizimiga 14 ta tibbiyot muassasasi o‘tkazildi.
— Bu jarayonda kasallikning og‘irlik darajasiga ko‘ra, axborot tizimi orqali navbatda turishning shaffof mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilindi, — deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov. — Shu tariqa bemorlarga o‘zining so‘rovi, murojaati hamda navbati haqidagi axborotni olish imkoni yaratildi. Ayni vaqtda esa bemorlarga ularning kasalligiga muvofiq ixtisoslashtirilgan muassasalarda davolanishni ta’minlaydigan avtomatik yo‘llanmalar berilmoqda. Bemor davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida tibbiy xizmatlardan foydalanishni o‘zi ixtiyoriy tanlay oladi.
Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan tibbiyot muassasasida muolajalar amalga oshirilgach, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga ko‘ra, ushbu shifo maskaniga bazaviy narxlar doirasida sarflangan mablag‘ budjet hisobidan to‘liq to‘lab beriladi. Ya’ni bemor bir so‘m pul to‘lamaydi.
Yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazishda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining ko‘magidan foydalanish hududlarda ommalashmoqda. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida ham qisqa fursatda 40 ortiq jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Kataraktaning og‘ir turlari, glaukoma, to‘r parda kasalligi, qandli diabetning asoratlari kabilardir.
— Jarrohlik amaliyotidan chiqdim, – deydi 64 yashar bemor Sayyora Norqulova. – O‘zimni ancha yaxshi his qilayapman. Davlat tibbiy sug‘urtasidan va davlatimizdan minnatdorman. Bir so‘m pul to‘lamasdan ko‘zlarimga nur qaytdi, bundan quvonmay bo‘ladimi?
Gapning indallosi shuki, yangi tizim aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini yanada oshishiga yordam beribgina qolmay kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash, aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirish imkonini beradi. Bu bilan tibbiy xizmat ko‘rsatishda sog‘lom raqobat muhiti yaratiladi. Davlat tibbiyot sug‘urtasi kimga, qaysi vrach qabuliga kirsam ekan, yozib berilgan dorilarni qaerdan topsam bo‘ladi, xarajati-chi, degan savollarga o‘rin qoldirmaydi.