Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar O’roqov Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida joriy etilayotgan davlat tibbiy sug’urtasining ayrim jihatlari haqidagi fikrlarini bildirdi.
«Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ekspertlari yaqinda muassasamizga kelishgan edi. Ular davlat tibbiy sug’urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy qilinishini o’rganish jarayonida tibbiy sug’urtaning tibbiy tashkilotlarga afzallik va qulayliklari, erishilgan natijalar bilan qiziqdi.
Qayd etish kerakki, tibbiy sug’urta tizimida yetti oydan buyon ishlamoqdamiz. Albatta, bu tizim to’g’ri va bizni manfaatlarimizni o’ylab ishlab chiqilgan, deb hisoblaymiz. Uning eng asosiy – jihatlaridan biri aholi kafolatlangan paketdan bepul foydalanish huquqiga ega va bunda hech qanday ijtimoiy tabaqalanish yo’q.
O’zimizdan qiyos: o’tgan yetti oy davomida ko’p yutuqlarga erishdik. Samarasiz ishlayotgan muassasalarni birlashtirdik. Alohida oilaviy poliklinika tashkil qildik. “Elektron poliklinika” yaratildi. Hududimizdagi barcha aholi ro’yxatdan o’tkazilib, davlat tibbiy sug’urtasi jarayonida ularga kafolatlangan tibbiy yordam ko’rsatishga erishdik. Endilikda tibbiyotimizda xizmatlarni qaysi pullik, qaysi bepulligiga aniqlik kiritildi. Oilaviy poliklinakalar uchun alohida, ko’p tarmoqli poliklinikalar va statsionarlar uchun alohida kafolatlangan paketlar ishlab chiqilgan bo’lib, har inson manfaati himoyalangan.
Bu yilga Prezidentimiz “Inson qadrini ulug’lash va faol mahalla yili” nomini bergan edilar. Davlat tibbiy sug’urtasi ham inson qadrini ulug’lash uchun xizmat qilmoqda. Negaki, davlat tibbiy sug’urtasida tibbiyot xodimlari uchun ham, aholi uchun ham qulayliklar ko’p. Misol uchun, oldin tizimda tartibsizliklar ko’p edi. Endi hammasi bir sxemaga tushgan. Aholi oilaviy shifokorning yo’llanmasi bilan tor soha shifokorlariga yoki stantsionarlarga boradi. Shu tariqa bemor kafolatlangan paketga kiritilgan dori vositalari bilan to’liq ta’minlanadi. Oilaviy poliklinika va ko’p tarmoqli markaziy poliklinikalar orqali ham bemorlarga dori vositalari yetkazib berilmoqda”.