Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Tibbiy sug'urta aholiga nega kerak?

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tibbiy sug’urta aholiga nega kerak?
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tibbiy sug’urta aholiga nega kerak?

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʼra, dunyo aholisining deyarli yarmi eng kerakli tibbiy xizmat bilan toʼliq qamrab olinmagan. 800 milliondan ortiq aholi yoxud dunyo aholisining 12 foizi daromadining kamida 10 foizini sogʼliqni saqlash uchun sarflaydi. Chunki har qanday kasallik qaysidir miqdorda mablagʼ va yuqori tibbiy imkoniyat talab qiladi. Tibbiy xizmat narxi oshganda aholining kamxarj qatlamida yuqori malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati boʼlmasligi mumkin. Tibbiy sugʼurtaning maqsadlaridan biri ana shu muammoni bartaraf etgan holda tibbiy xizmatdan foydalanishda barchaga teng imkoniyat yaratishdir.
Samara nimalarda koʼrinmoqda?
Sogʼliqni saqlash sohasidagi smetali moliyalashtirish tizimi eskirgani, xalqaro amaliyotga mos kelmaydigan mexanizmlarga asoslangani, aholining malakali va kamxarj tibbiy xizmatga boʼlgan ehtiyoji tibbiy sugʼurta tizimiga zaruratni yuzaga keltirdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasini tashkil etish, uning zimmasiga tibbiy sugʼurtani joriy qilish, boshqarish, kafolatlangan paket boʼyicha koʼrsatilgan tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish, ajratilayotgan mablagʼ samaradorligini nazorat qilish, davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etilishidan koʼzlangan asosiy maqsad ham aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini taʼminlash, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan.
Davlat tomonidan boshqariladigan va aholining barcha qatlamini qamrab oladigan mazkur tizim eng tejamkor va ratsional model hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sogʼliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorida oʼtgan yilning 1 iyulidan shu yil oxirigacha Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanida davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini joriy etish, tajriba-sinov natijalarini tahlil qilish, 2023 yildan boshlab uning ijobiy natijalarini yurtimizning boshqa hududida ham bosqichma-bosqich joriy qilish vazifasi belgilangan. Аyni paytda mazkur amaliyot Sirdaryoda ilk samarasini koʼrsatmoqda.
Tibbiy sugʼurta tizimi joriy etilishi avvalida viloyat aholisining elektron reestri shakllantirildi. Bemorning kasalligi, qaysi shifokor qabulida boʼlgani, tashxis va davolanish holati haqidagi maʼlumotlar elektron bazaga kiritildi. Bu esa xastaliklarni erta aniqlash va oldini olish, shifokorlarning faoliyatini baholashda qoʼl kelmoqda.
Shu asosda poliklinikaga murojaat qilgan yoki shifoxonaga borgan shaxsga individual maslahat berish, zarurat boʼlsa, nazoratga olish, konsultatsiya va davolash-reabilitatsiya jarayoniga jalb qilish amaliyoti olib borilyapti. Viloyatdagi har bir tibbiyot muassasasida tibbiy brigadalar shakllantirilib, 852 ming nafardan ortiq aholi xatlovdan oʼtkazildi. Ular salomatlik koʼrsatkichiga koʼra toʼrt guruhga ajratildi. Maqsad kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy yordamning birlamchi boʼgʼinida malakali va sifatli xizmat koʼrsatish, aholining salomatlik darajasi, oʼrtacha umr koʼrish davomiyligini oshirishdan iborat.
— Moliyaviy resurslar cheklangani, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish sogʼliqni saqlash sohasining muhim, hal qilinishi zarur boʼlgan muammolaridan biri edi, — deydi Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov. — Sugʼurtalash tizimining joriy etilishi aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʼlamining oshishi, xavfli kasalliklarga chalinish ehtimolini kamaytirish bilan birga, tez tibbiy yordam tizimining transport, tibbiyot muassasalarining dori-darmon bilan taʼminlanishini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalari bilan Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi oʼrtasidagi shartnomaga koʼra aholi jon boshiga nisbatan global byudjet (anʼanaviy) tarzda va har bir davolangan holat uchun moliyalashtirish usulidan foydalanilmoqda.
Hozir Sirdaryo viloyatidagi 11 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi, 18 ta sogʼliqni saqlash muassasasi bilan shartnomalar imzolangan. Ushbu shartnomalarga asosan birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmati koʼrsatuvchi muassasalar global byudjet asosida va statsionar muassasalar bajarilgan ishlar natijasi (davolangan holatlar) boʼyicha moliyalashtirish tizimiga oʼtkazilgan.
Oʼtgan yilning iyul–dekabr oylarida davlat byudjetidan Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalariga shartnoma asosida Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi 225,5 milliard soʼm yoʼnaltirdi.
Davlat tibbiy sugʼurtasi joriy etilishi tibbiy xizmat narxining arzonlashishiga, xizmat sifati oshishiga xizmat qilmoqda. Fuqarolar oilaviy shifokor yoʼllanmasi bilan tibbiyot muassasalarida sifatli tibbiy xizmat olish imkoniga ega boʼlmoqda.
Endi Sirdaryo viloyatidan Toshkent shahrida joylashgan tibbiyot muassasalariga keluvchilar soni kamaydi. Bu bilan bemorlarning vaqti tejalib, ortiqcha mablagʼ sarflanishining oldi olinmoqda. Eʼtiborlisi, eng murakkab jarrohlik amaliyoti viloyatning oʼzida, malakali mutaxassislar ishtirokida bajarilmoqda.

“Bir tom ostida”
2020 yili davlatimiz rahbarining Oqoltin tumaniga tashrifidan soʼng Sirdaryoda birinchilardan boʼlib tajriba-sinov tariqasida tibbiyot klasterini tashkil qilish gʼoyasi ilgari surildi. Mana shu tashabbus asosida barpo etiladigan tibbiyot klasteri koʼpgina tibbiyot muassasalarini bir joyda jamlashi kerak edi. Bir qator rivojlangan mamlakatlar tajribasi oʼrganildi. JSST mutaxassislari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, mazkur tizimning afzalliklari haqida fikr almashildi.
Yaqinda Guliston shahrida barcha qulayliklarga ega 520 oʼrinli Guliston tibbiyot klasterining birinchi bosqichi faoliyat boshlagani ana shu ezgu maqsad yoʼlidagi sayʼ-harakatlarga bir misoldir. Beshta davolash muassasasi va viloyat diagnostika markazi negizida tashkil etilgan klasterga tegishli barcha boʼlim, diagnostika va laboratoriya tekshiruvi markazlashib, bir binoda joylashtirilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj faxriylar shifoxonasidagi barcha bemor shu yerga koʼchirildi. Endi tibbiyotda innovatsiya va biotexnologiya ishlari uchun yoʼl ochildi. Tibbiy yordam koʼrsatishning uchinchi darajasida tibbiy xizmat koʼrsatishning yangi modeli yaratilib, endovaskulyar xirurgiya, kardioxirurgiya, yuqori texnologik davolash usullari, transplantatsiya xizmatlari tibbiyot klasterida toʼlaligicha yoʼlga qoʼyildi. Kelgusida endokrinologiya, koʼz kasalliklari dispanserlari, viloyatda shoshilinch tibbiy yordam markazi va diagnostika markazida yotgan bemorlarga yordam koʼrsatish shu klaster tarkibida amalga oshiriladi va buning uchun barcha shart-sharoit, imkoniyat yaratilyapti.
Bemorni davolashda bir vaqtning oʼzida kardiolog, okulist yoki endokrinolog maslahati kerak boʼlishi mumkin. Bu jarayonda boshqa davolash muassasasida zarur mutaxassis koʼrigidan oʼtib, ularning xulosasini olish uchun ovorayu sarson boʼlish, vaqt sarflash kerak edi. Klasterga kelganidan keyin aholining boshqa davolash muassasasiga borishiga ehtiyoj qolmaydi. Shu yerning oʼzida barcha mutaxassisning maslahatini olish mumkin. Bu esa bemorning vaqtini ham, mablagʼini ham tejaydi.
Rossiya, Belarus va Turkiyada malaka oshirib qaytgan, yangi hamda zamonaviy tibbiyot jihozlarini bemalol ishlata oladigan malakali shifokorlar soha samaradorligini oshirmoqda.
— Barcha bemor oʼziga zarur tibbiy yordamni qisqa vaqtda olishi mumkin, boshqa davlatlardagi kabi bir necha hafta navbat kutmaydi, — deydi Guliston tibbiyot klasteri direktori Qodir Hotamov. — Masalan, zarur hollarda shoshilinch tibbiy yordam navbatsiz koʼrsatiladi. Rejali kelgan bemorlar esa yoʼllanma bilan qabul qilinadi. Koʼp jihatdan xorijga qiyoslashni yaxshi koʼramiz. Chet elda bir necha marta boʼlib, ularning tajribasini oʼrganish jarayonida shunga guvoh boʼldimki, baʼzi jarrohlik amaliyoti uchun bemorlar 3-5 oygacha navbat kutadi.
Аyni paytda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti viloyatning oʼzida bajarilmoqda. Misol uchun, bir necha yil muqaddam faqat chet elda qilingan endoprotez (son boʼgʼimidagi kosachaning bosh chanogʼini almashtirish) oʼrnatish uchun hozir malakali shifokor va maxsus zamonaviy tibbiy qurilmalar yetarli. Oʼtgan yili viloyat miqyosida bu kabi 30 ta jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
— 2020 yilga nisbatan oʼtgan yilda jarrohlik amaliyoti koʼrsatkichi 1,5 barobar koʼpaydi, — deydi Qodir Hotamov. — Poytaxtga yuborilayotgan bemorlar soni 2 barobar kamaydi. Bu insonlarning sarson-sargardon boʼlib, qiynalib yurishining oldi olindi, degani.
Klaster oʼz-oʼzidan paydo boʼlib qolmaydi. Sababi, buning uchun mutaxassislardan tashqari yangi tibbiy uskunalar, zamonaviy jihozlar sotib olinishi kerak. Tibbiy sugʼurta tizimi anjomlarni sotib olish, mutaxassislarni tayyorlashda moliyaviy koʼmak bermoqda. 2020 yilgacha viloyatda qilinmagan noyob jarrohlik amaliyoti, masalan, endoprotezlash, umurtqa pogʼonasini mustahkamlash, ortopedik nuqson bilan tugʼilgan nogiron bolalarda aʼzolar shaklini, koʼkrak qafasidagi deformatsiyalarni toʼgʼrilash kabi amaliyotlar tibbiyot klasterida, yetakchi mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda.
— Oʼt pufagimda tosh paydo boʼlgani tufayli qattiq ogʼriqdan qiynalardim, — deydi Sardoba tumanidan kelgan 70 yoshli Iqboloy Jumasheva. — Tuman tibbiyot birlashmasida jarrohlik amaliyoti yoʼli bilan oʼt pufagimdagi tosh olib tashlandi. Shifoxonada sharoit yaxshi. Dori-darmon, davolash bepul. Hammasi uchun shifokorlarga rahmat.
Mazkur amaliyot kesmasdan, laproskapik usulda bajariladi va kam asoratli jarrohlik amaliyoti sanaladi. Bunda bemor ikki-uch kunda avvalgi sogʼlom holatiga qaytadi va bemalol uyga ketishi mumkin boʼladi. Bir hafta oʼn kundan keyin mehnatga layoqatliligi tiklanadi, noxush asoratlar kuzatilmaydi.
Аyni paytda viloyatda yengil jarrohlik amaliyotidan eng murakkab neyrojarrohlik amaliyotigacha bajarilmoqda. Neyroxirurgiyada har bir jarayon asab tolasi bilan bogʼliq, kichik bir ehtiyotsizlik yoki notoʼgʼri harakat amaliyot olib borilayotgan nuqtada sezgi hissining yoʼqolishiga sabab boʼlishi mumkin. Bu shifokordan katta malaka talab qiladi. Eʼtiborlisi, bunday operatsiyalar avvallari faqat poytaxtda yoki xorijda qilingan boʼlsa, ayni paytda malakali mutaxassislar yordamida viloyatda ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Buning uchun esa barcha sharoit yaratilgan. Zamirida “Inson qadri uchun” tamoyili ustuvor boʼlgan, aholi salomatligini asrash, umr davomiyligini oshirishdek ezgu niyatda qilinayotgan ishlar bugun har bir yurtdoshimiz hayotida oʼz ifodasini topmoqda.
— Suyak yemirilishi kasalligiga chalinganimga 15 yildan koʼproq vaqt boʼldi, — deydi gulistonlik Rohat Hojibekova. — Shuncha yildan beri sogʼligʼim yomonlashib, dardim ortayotganini sezib kelayotgandim. Yoʼllanma bilan mana shu shifoxonaga keldim. Jarrohlik amaliyoti oʼtkazilib, oyogʼimga protez qoʼyildi. Davolash, dori-darmon, operatsiya uchun mendan hech qanday mablagʼ talab qilinmadi. Hozir ahvolim yaxshi. Bizda barcha qulayliklarga ega shifoxonalar va yaxshi shifokorlar borligidan gʼururlandim. Barchasi uchun cheksiz minnatdorman.
Kelgusida angiograf uskunasini xarid qilish koʼzda tutilgan. Bu uskuna yordamida yurak va buyrakda murakkab jarrohlik amaliyoti oʼtkaziladi.
Mutaxassislar tayyorlanyapti, qimmatbaho uskunalar keltirilyapti. Bularning barchasi zamirida xalq roziligiga erishish, sifatli va samarali tibbiy yordam koʼrsatish maqsadi mujassam. Buni xalqimiz yaxshi biladi va qadrlaydi. Zotan anglangan qadrning ahamiyati yanada yuksak boʼladi.