Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Joriy yilning 9 oyida 38 mingdan ortiq bemorga 301 mlrd so‘mlik tibbiy xizmat ko‘rsatildi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Joriy yilning 9 oyida 38 mingdan ortiq bemorga 301 mlrd so‘mlik tibbiy xizmat ko‘rsatildi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Joriy yilning 9 oyida 38 mingdan ortiq bemorga 301 mlrd so‘mlik tibbiy xizmat ko‘rsatildi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi axborot xizmati rahbari Sayyora Shoyeva ma’lum qildi:

Prezidentimizning 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini standartlar asosida baholash, ajratilgan mablag‘lar samaradorligini nazorat qilish Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga yuklatilgan.

Unga ko‘ra, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tizimiga 26 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasi o‘tkazildi. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hozirda ushbu markazlar, 52 ta hududiy tibbiyot muassasasi hamda 28 ta xususiy klinika bilan shartnoma tuzgan.

Mazkur tibbiyot muassasalarida imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy yordam uchun sarflangan xarajatlarni Jamg‘arma budjet mablag‘lari hisobidan qoplab berdi. Bemorlar davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan o‘ziga qulayini tanlash va tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish imkoniga ega.

Ushbu tibbiyot muassasalarida bemorlarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Yo‘llanmalar axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi va bemorlar davolanishiga navbati haqidagi axborotdan xabardor bo‘lib turadi.

Shu tartibda joriy yilning 9 oyida 38 ming nafardan ko‘proq bemorga 301 milliard so‘mlik tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, hududiy tibbiyot muassasalarida davolanganlar soni qariyb 3 ming, xususiy klinikalarda esa sal kam 230 nafar bemor davolnadi.

Jamg‘arma xodimlari bemorlarning yoshlari bilan bog‘liq monitoring ham o‘tkazmoqda. Unga ko‘ra, hozirga qadar davolangan bemorlarning 51 foizini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 26 foizini 18 dan 60 yoshgacha, 23 foizini esa pensiya yoshidagilar tashkil etdi.

Mamlakatimizning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida inson qadrini yuksaltirish borasida kelgusi besh yillik uchun muhim vazifa va maqsadlar belgilangan. Ularga erishish uchun esa har birimiz mas’uldirmiz.