Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Joriy yilning 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot chog‘ida “Bundan buyon aholi imtiyozli yo‘llanma bilan nafaqat davlat shifoxonalariga, balki o‘zi tanlagan xususiy klinikalarga ham bemalol borishi mumkin bo‘ladi…” deya ta’kidlagan edi.

O‘tgan vaqt davomida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ushbu vazifani bajarish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirlining tavsiyasiga ko‘ra o‘nga yaqin nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan hamkorlik borasida shartnoma tuzdi.

Ular orasida Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Dr Boboev jarrohlik markazi” ham bor edi. Zamonaviy, yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan mazkur markaz Turkiya davlatidagi bir qator tibbiyot muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Xususan, «D.R Boboyev» jarrohlik va kadrlar malakasini oshirish makazida ham mavjud bo‘lib, unda Turkiyadan kelgan shifokorlar tibbiy ko‘rik hamda murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazib kelmoqda. Ushbu amaliyotlarda mahalliy shifokorlar ham bevosita ishtirok etishadi.

O‘zbekiston tarixida ilk marotaba aholiga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar uchun mazkur klinikaga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi to‘lovni amalga oshirdi.

Ayni vaqtda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnomasi mavjud davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan o‘ziga ma’qulini erkin tanlash huquqiga ega. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari ko‘rsatadigan tibbiy xizmatlar uchun qo‘yiladigan talablar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

Bunda nodavlat tibbiyot tashkilotlari imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmatlarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuziladigan shartnoma asosida bazaviy narxlardan kelib chiqib belgilaydi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi matbuot xizmati