Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sugʼurtasi: shifokor maoshi oshadi, davolash sifati yaxshilanadi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʼurtasi: shifokor maoshi oshadi, davolash sifati yaxshilanadi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʼurtasi: shifokor maoshi oshadi, davolash sifati yaxshilanadi

Mamlakatimizda inson salomatligi va uning turmush farovonligiga boʼlgan eʼtibor kundan-kunga oʼz samarasini berib kelmoqda. Аyniqsa, shifo maskanlarida aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshib, fuqarolar, qolaversa, davolanuvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Sogʼliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorida fuqarolarni davlat tomonidan tibbiy sugʼurtalash masalasi oʼz aksini topdi.
Unga koʼra, Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi tashkil etildi. Jamgʼarma Sirdaryo viloyat sogʼliqni saqlash tizimida 2021 yilning 1 iyulidan 2022 yilning oxiriga qadar tajriba-sinov tariqasida sogʼliqni saqlash tizimini yangi modeli va moliyaviy mexanizmlari sinovdan oʼtkazmoqda. Hozirda Sirdaryo viloyatidagi tuman tibbiyot birlashmasi (shahar tibbiyot birlashmasi), Sirdaryo viloyat sogʼliqni saqlash muassasalari bilan shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalarga koʼra birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmatlarini koʼrsatuvchi muassasalar global byudjet asosida va statsionar muassasalar bajarilgan ishlar natijasi (davolangan holatlar) boʼyicha moliyalashtirish tizimiga oʼtkazildi.
2022 yil 1 yanvardan davlat buyurtmasi asosida davolangan bemorlarga koʼrsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini baholash hamda uning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini, ushbu maqsadlar uchun ajratilgan byudjet mablagʼlarini boshqarish, ularni samaradorligini doimiy monitoring va nazorat qilishni Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi amalga oshirmoqda.
Jamgʼarma shartnoma asosida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga davolangan holatlar uchun haq toʼlaydi, bemorlarga koʼrsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini tasdiqlangan standart va protokollarga muvofiqligini nazorat qiladi hamda klinik xarajatlar guruhlarini ishlab chiqish va “har bir davolangan holat uchun” toʼlov uslubini joriy etish uchun barcha davolangan holatlar hisobini yuritadi.
Davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Hozirda Sirdaryo viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi barcha tibbiyot muassasalarida, 2023 yilga borib, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo hamda Fargʼona viloyatlarida, 2025 yilda esa yurtimizning barcha hududlarini qamrab oladi.
Davlat tibbiy sugʼurtasining eng asosiy talablaridan biri- eng avvalo, har bir inson oʼz hududidagi oilaviy shifoxonaga biriktirilgan boʼlishi kerak. Fuqaro oilaviy shifoxona eshigidan kirishi bilan uni roʼyxatga olish, shifokorga kirishi, tahlillardan oʼtishi nazoratga olinadi. Kafolatlangan xizmatlar tekin. Biroq, uning tekinligini taʼminlashning shartlari, standartlari, hajmi bor.
Kuzatadigan boʼlsak, aholi oilaviy shifoxonaga bir necha sabablarga koʼra kelishi mumkin – profilaktika uchun, nimadir bezovta qilsa yoki hamshira chaqirganda, emlashga. Аgar fuqaro eshikdan kirib boshim ogʼridi, desa doktor uning qon bosimini oʼlchaydi, qonini tahlil qilish, qand miqdorini aniqlash uchun laboratoriyaga yuboradi. Shunda ham oilaviy shifokor tashhiz qoʼyishga ikkilansa, bemorni tor soha doktorlari, misol uchun, kardiologga yoʼllanma yozib, koʼp tarmoqli shifoxonaga yuboradi. Yaʼni bunda oilaviy shifokor har bir muassasa turi boʼyicha tibbiy xizmatlar hajmi va klinik protokollarga muvofiq, tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yoʼllanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yoʼllanmalar viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda koʼrsatiladi.
Jarayonlarning borishi, Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida joriy etilayotgan davlat tibbiy sugʼurtasining ayrim jihatlari haqida Sirdaryo tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokorlarning fikrlarini oʼrgandik.

Urol NORJIGITOV, Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori:
–Dunyoning nufuzli davlatlari, jumladan Turkiya, Rossiya, Germaniyada ham tibbiy sugʼurta tizimi mavjud. Yaqindan bizda ham davlat tibbiy sugʼurtasi joriy etilmoqda. Buni esa aholi uchun ham, tibbiyot hodimlari uchun ham oʼziga xos foydali jihatlari mavjud. Tibbiyot xodimlar uchun yaxshiligini aytadigan boʼlsak, tibbiy punktlarga ajratiladigan pullar miqdori oshadi, jihozlar bilan taʼminlandi. Hozirda elektron xizmatlarni yaxshilash uchun har bir shifokor kompьyuter bilan taʼminlanmoqda. Men uchun yana bir quvonchli jihati shundaki, davlat tibbiy sugʼurtasining talablari orasida bemorlarni soni uchun emas davolashning sifatiga koʼra shifokorga mablagʼ toʼlash borligi. Shu bois xizmat koʼrsatish sifati keskin oshib, qilingan mehnatga yarasha maosh oshib boradi.

Bahrom Toshmurodov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazning Sirdaryo viloyat filiali shifokori:
–Kasbimiz bilan bogʼliq holatda kuniga oʼrtacha 20-22ta nafar bemor qabul qilamiz. Bizga koʼproq shoshilinch, tez yordamga zarur boʼlganda, masalan qon – bosim koʼtarilishi, insulьt yoki talvasa holatidagi bemorlar murojat qiladi. Bu jarayonda eng birinchi yordam qabulxonada koʼrsatiladi. Bemorning ahvoli barqarorlashgandan keyin oilaviy shifokor nazoratiga tavsiya asosida yuboramiz. Аgarda holat barqarorlashmasa, xuruj yana qaytalansa, statsionar davolashga yotqizamiz.
Davlat tibbiy sugʼurtasi Sogʼliqni saqlash vazirligi belgilagan diagnostika va davolash ishlarining davolash standartlariga qay tartibda amal qilayotganimizni monitoringini yurgizmoqda. Kasallik tarixiga yozilgan dorilarni bemordagi kasallikni davolashda qanchalik muhimligini asoslamaslik kabi yoʼl qoʼygan xato-kamchiliklarimiz aniqlanmoqda. DTSJ xodimlari bu borada bizga tushuntirishlar berishmoqda. Zero, davlat tibbiy sugʼurtasining maqsadi aholining barcha qatlamlarining bir xil, sifatli tibbiy xizmatdan teng bahramand boʼlishiga erishishdir. Shuningdek, bemor ogʼir shoshilinch holatda istalgan shifoxonaga kelsa, muolaja ishlari bepul amalga oshiriladi.

 Maʼrifat Turdieva, Sirdaryo viloyati Perinatal markazi direktor oʼrinbosari
–Sirdaryoda davom etayotgan tajriba-sinov tariqasida boshlangan davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizimlarini oʼrganish jaryonida amin boʼldimki, haqiqatdan ham bu tizimga oʼtish davriga kelgan ekan. Chunki, jarayonni kuzatar ekanman aholiga qaratilayotgan eʼtibor, qulayliklar, tibbiyotdagi oʼsishni koʼrib dili yayraydi. Davlat tibbiy sugʼurtasi sababli eng avvalo shifokorlarning maʼsuliyati oshdi. Har bir kasallikni standart boʼyicha davolash va tashxis qoʼyish kerakligini angladik.
Tibbiy sugʼurtani xalq uchun foydali tomoni – har bitta koʼrsatiladigan xizmatlar yuzasidan kafolatlangan paket ishlab chiqilgan va ana shu paket doirasida bemorlarni soʼzsiz qabul qilish, ularga sifatli tibbiy xizmat koʼrsatish asosiy maqsad qilib olingan. Mana endi tibbiyotimiz zamon bilan hamnafas rivojlanmoqda.
Bemorlar yoʼllanma asosida kelsa, statsionar xizmatlar bepul amalga oshiriladi. Buning uchun birlamchi tizimdagi shifokor bilim va malakasini oshirib borishi kerak. Chunki, bemorni qaysi yoʼnalishda, qaysi shifoxonaga yoʼnaltirilishi uchun u tashxisni toʼgʼri qoʼya olishi kerak. Bemorning holatiga koʼra respublika yoki viloyatga yoʼllanma berishi talab qilinadi. Har bir shifokor kafolatlangan paket, unga kiritilgan tibbiy xizmatlar xaqida bilimga ega boʼlishi, bu haqida toʼliq tushunchasi boʼlishi kerak.Tibbiy sugʼurta orqali tibbiyotda yaxshi tomonga oʼzgarish boʼlayotgani mubolagʼa emas.