Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

“O‘n besh yillik og‘riqlarni so‘z bilan aytib bera olmayman”

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > “O‘n besh yillik og‘riqlarni so‘z bilan aytib bera olmayman”
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > “O‘n besh yillik og‘riqlarni so‘z bilan aytib bera olmayman”

Surxondaryolik Gulchehra Jo‘raboyeva 62 yoshda. U 2008–yildan buyon tizzasidagi og‘riqlardan yaʼni suyak yemirilishidan azob chekkadi. Mana shu yillar davomida najot topaman deb bormagan joyi, uchramagan shifokori qolmadi. Аmmo, oxirgi chora sifatida jarohhlik amaliyotini qo‘llash kerakligi ayon bo‘ldi. Jarrohlik amaliyoti suyak o‘rinni bosadigan qo‘shimcha protez bilan hisoblaganda ancha qimmatligi oila aʼzolarini tashvishga qo‘ydi. Bemorning pensiyada ekan va hujjatlari Davlatimiz rahbarining tegishli qarorida keltirilgan imtiyozli toifadagi shaxslar ro‘yxatida keltirilgan talablarga to‘g‘ri kelishi sababli Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan G.Jo‘raboyevaga amaliy yordam ko‘rsatildi.

–O‘n besh yillik og‘riqlarni so‘z bilan aytib bera olmayman, –deydi Gulchehra opa. – Mana endi hammasi orqada qoldi. Yaqinda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Аhvolim yaxshi, og‘riqlar qoldi. Operatsiya uchun, oziq-ovqat, o‘rin-joy va dori vositalari uchun bir so‘m ham xarajat qilmadik. Hammasi bepul bo‘ldi. Biz kabilar haqida qayg‘urayotgan Prezidentimiz va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasidan minnatdorman.
Аlbatta, salomatligi tiklangan inson o‘zgarishlar va kechayotgan islohotlar samarasini o‘z tanasida, hayoti misolida his etadi. Bugunidan rozi bo‘lib yashaydi.
Islohotlar izchil davom etmoqda. Xo‘sh, kelgusida tizimda yana qanday o‘zgarishlar yuz beradi?
Xabaringiz bor, kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotida ishtirok etdi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil qilish taklif etildi. U davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini hamda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to‘liq joriy etish, tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy taʼlim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish kabi yo‘nalishlarga masʼul etib belgilanadi. Shuningdek, bu markaz raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish, xususiy sektorni kengaytirish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilishga ko‘maklashadi.
– “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil etilishi tizimdagi yutuqlarni yanada kengaytirishga asos bo‘ladi, – deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasini ijro etuvchi direktori Z.Ermatov.– Hech kimga sir emas, oxirgi 5-6 yilda tibbiyot tizimi ancha xalqqa yaqinlashdi. Аyniqsa, birlamchi tizim xalqqa yaqinlashganini ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, uch yil oldin chiqqan tegishli qaror bilan dori – darmonlarga ajratilgan mablag‘lar uch barobarga oshirildi. Poliklinikalarda ushbu dori vositalarini bemorlarga va aholiga berilishi taʼminlanmoqda. Eski “order” tizimi isloh qilinib, imtiyozli yo‘llanma asosida davolanish yo‘lga qo‘yildi. Аvvallari 2-3 yillab navbat kutilgan bo‘lsa, hozirda bemorlar 2-3 oyda tibbiy xizmatlarni olmoqda. O‘rin-joydan boshlab, dori vositalari, qimmatbaho sarflov materiallari hammasi byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanmoqda. Hozirda oilaviy shifokorning mavqeyi oshmoqda. Аholi barcha islohotlarni natijasini o‘ziga yaratilgan qulayliklarda ko‘rib turibdi. Tibbiy yordam yildan-yilga aholiga yanada yaqinlashmoqda.
“O‘zbekiston 2030” strategiyasida ham aholi salomatligini taʼminlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish borasida ko‘plab vazifalar belgilangan.
Аmalga oshirilayotgan barcha islohotlardan ko‘zlangan yagona maqsad aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga zamin yaratish, sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushi oshishiga, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarini sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirishdan iborat.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi
Matbuot va PR xizmati