Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Ikkinchi umr yoxud tibbiyotdagi islohotlarning goʼzal natijasi

Tibbiy sug‘urta sayti > Новости > Ikkinchi umr yoxud tibbiyotdagi islohotlarning goʼzal natijasi
Tibbiy sug‘urta sayti > Новости > Ikkinchi umr yoxud tibbiyotdagi islohotlarning goʼzal natijasi

Insonning sogʼlom boʼlishiga hissa qoʼshish yaxshi amal sanaladi. Аmmo unga yangi hayot bagʼishlash, ikkinchi umr ato etish esa buyuk sharafdir. Аyniqsa, mablagʼ, vaqt talab qiladigan murakkab jarrohlik amaliyotlarining mamlakatimizda amalga oshirilishi, shuningdek, ularning bepul o‘tkazilishi yurtimizda olib borilayotgan tibbiyotdagi islohotlarning natijasidir.

Fargʼona tumani Gulshan qishlogʼining chegara bilan yondosh mahallasida istiqomat qiluvchi Xursanoy Аbdulhamidova uchun bu yilgi koʼklam boshqacha keldi. Tibbiyotdagi islohotlar uning oilasiga xursandchiliklarni hadya etdi, deya baralla ayta olamiz.

– Kasal boʼlganimda qiynaldim, lekin umidimni uzmadim – deydi Xursanoy Аbdulhamidova biz bilan boʼlgan suhbatda. – Davolanish uchun uzoq Hindiston o‘lkasi tanlandi va juda katta mablag‘ to‘plashga kirishdik. Аmmo birdan o‘zimizda, yurtimizda murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini eshitib qoldik. Uch qizim bor, ikkinchi farzandim Maftuna menga donorlik qildi.

Ha, fargʼonalik bemorning hayotiga, xonadoniga yana nur kirdi. Poytaxtimizdagi V.Vohidov nomli respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bemorda jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli, eng asosiysi, bepul o‘tkazildi. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bo‘lib o‘tgan murakkab operatsiyani oila uchun mo‘jiza, tibbiyotimiz uchun esa rivojlanishga dadil qadam, deya baralla ayta olamiz.

Ota-ona uchun farzandi salomatligidan muhimroq narsa yo‘q. Qizining kasallikdan tobora nurab borayotgani otani iztirobga solardi. Аyniqsa, katta qizi ham shu darddan aziyat chekib, kasalligiga shifo topa olmay, bir necha yillar avval vafot etgani uchunmi, yuragini oldirib ham qo‘ygandi. Tinmay shukrlar aytayotgan ota bugun og‘ir kunlar ortda qolganligidan chindan ham xursand.

Hayotdan umidini uzgan, salomatligi tiklanishini kutmagan bemorlar uchun endi najot eshiklari tom maʼnoda ochilyapti. Inson qadri uchun olib borilayotgan tibbiyotdagi islohotlardan maqsad ham sohani xalqqa yaqinlashtirish, odamlar roziligiga erishish ekan, bu borada yana dadil qadamlar tashlanaveradi. Xursanoy opa singari onalar qalbida rostdan ham xursandchiliklar bo‘laveradi.

«Yangi Fargʼona» gazetasining 2023-yi 12-aprel soni.