Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Аholi kafolatlangan tibbiy yordam bilan toʼliq qamrab olinadi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Аholi kafolatlangan tibbiy yordam bilan toʼliq qamrab olinadi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Аholi kafolatlangan tibbiy yordam bilan toʼliq qamrab olinadi

Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida belgilangan standartlarga muvofiq jihozlangan shifokor oldi koʼrigi xonalari tashkil etildi.
Natijada, bir bemorni koʼrish, tashxis qoʼyish, davo muolajalarni oʼtkazish uchun oilaviy shifokorning avvalgi oʼrtacha 5-6 daqiqa oʼrniga 15-20 daqiqa vaqt ajratishi, har bir bemorda chuqur tahlil oʼtkazib, unga koʼproq eʼtibor qaratish imkoni yaratildi.

Shifokor oldi koʼrigi xonasida hamshiralar bemorni mustaqil ravishda tekshirib, yuqumli boʼlmagan (yurak qon-tomir, qandli diabet, nafas olish organlari) kasalliklar xavfini baholashi uchun dastlabki skriningdan oʼtkazib, shikoyatlarini qayd etadi va zarur hollarda oilaviy shifokor qabuliga yoʼnaltiriladi. Dastlabki koʼrik natijasida oilaviy shifokor qabul qiladigan bemorlar soni ortib, bemorlarni tor soha mutaxassislariga yoʼnaltirish oʼrtacha 16 foizga kamaydi.

Masalan, Guliston shahridagi 4-sonli oilaviy poliklinikaning bir nafar amaliyotchi hamshirasi tomonidan joriy yil yanvarь-fevralь oylarida 165 nafar 40 yoshdan oshgan aholi maqsadli skrining tekshiruvlaridan oʼtkazildi. Natijada ularning 114 nafarida yurak qon-tomir kasalliklari boʼyicha xavf omillari erta aniqlanib, nazoratga olindi.

Barcha tibbiyot muassasalarida shartnoma asosida kafolatlangan tibbiy yordam hajmiga kiritilgan tibbiy xizmatlar xaridi yoʼlga qoʼyildi.

Аjratiladigan mablagʼlarning 90 foizi oldindan avans sifatida, qolgan 10 foizi esa har bir davolangan holatlar sonidan kelib chiqib, Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi (keyingi oʼrinlarda – Jamgʼarma) tomonidan oʼrganib chiqilgandan soʼng moliyalashtirib berilmoqda.

Davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari hajmi tasdiqlandi. Kafolatlangan paketga 120 turdagi dori vositalari, tibbiy buyumlar va sarflov materiallari va barcha boʼgʼindagi tibbiyot muassasalarida bepul koʼrsatiladigan tibbiy xizmat turlari kiritildi.

Bunda esa Davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sogʼliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Unga koʼra, 2021 yilning 1 iyulidan Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini joriy etilmoqda.

2023 yildan esa viloyatda erishilgan ijobiy natijalarini yurtimizning boshqa hududlari – Qorakalpogʼiston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand, Fargʼona viloyatlari va Toshkent shahrida ham bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi belgilangan.

Shu bois Qorakalpogʼiston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand, Fargʼona viloyatlarining tibbiyot xodimlariga Sirdaryoda erishilgan natijalar asosida mahorat darslari oʼtkazilmoqda.

Xususan, Sirdaryo viloyatida Davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini joriy etish tajriba-sinov loyihasini oʼrganishga doir oʼquv-amaliy seminar ishtirokchilari Guliston shahridagi 3-4-oilaviy poliklinikalar, Boyovut tumanidagi 3-oilaviy poliklinika, Boyovut tuman markaziy koʼp tarmoqli poliklinikada boʼlib, tizimli ishlar bilan yaqindan tanishdi.

–Oilaviy shifokorlarga aholini biriktirish holati, MIS dasturini ishlashi, oilaviy shifokor qabuliga navbatga oldindan yozilish, qabulga kirish, oilaviy shifokor tomonidan tor soha mutaxassislariga yoʼllanma berish tartibi, shifoxonaga yotqizish mezonlarini oʼrgandik, – deydi. – Yangi tizimda oila shifokorini aholi salomatligiga masʼulligini belgilash hamda mavqeini oshirish maqsadida, faqat oilaviy shifokor yoʼllanmasi asosida bepul tibbiy yordam koʼrsatish tartibi joriy qilinmoqda.

Yoʼllanmasiz koʼrsatiladigan tibbiy yordam pullik asosda amalga oshirilishi belgilangan.

Oʼquv-amaliy seminarda aholini ambulatoriya sharoitida bepul dori vositalari bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan reimbursatsiya va uning maqsad va vazifalari haqida Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti eksperti А. Goroshko, Sirdaryo viloyatidagi tajriba-sinov loyihasiga tatbiq etish va boshqa hududlar sharoitiga moslashtirish borasida yana bir ekspert А. Katsaga taqdimot oʼtkazdi.

                                                                                                                                                                                                                                                          Davlat tibbiy sugʼurtasi jamg’armasi