Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sugʻurtasini joriy etishga bag‘ishlangan seminar

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʻurtasini joriy etishga bag‘ishlangan seminar
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʻurtasini joriy etishga bag‘ishlangan seminar

Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini mamlakatimizda joriy etish ishlari davom etmoqda. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasida jadal tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Nukus shahrida tibbiyot xodimlari uchun tashkil etilgan seminarda davlat tibbiy sugʻurtasining afzallik va qulayliklari haqida ma’lumotlar berildi.
Davlat tibbiy sugʻurtasining bir nechta afzal jihatlari mavjud. Raqamlashtirish, yoʻllanmalar tizimi, kafolatlangan tizim, reimbursasiya shular sirasidan. Misol uchun, raqamlashtirish evaziga uzundan-uzun navbatlarga va ortiqcha qogʻozbozlikka chek qoʻyiladi. Shu bois, birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlarda asosiy e’tibor tibbiyot xodimlarining bilimlari va koʻnikmalarini oshirish hamda tibbiyot muassasalarini kompyuter jamlamalari, lokal tarmoqlar, yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashga qaratilmoqda.

Aholisi ikki million nafardan oshgan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 218ta shifoxona va tibbiyot muassasasi, xususan, 69 ta oila shifokorlik punkti, 81ta oilaviy poliklinika, 17ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika mavjud. Mazkur tibbiyot muassasalari aholiga elektron tizim orqali xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻymoqda. Elektron tizimdagi ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda hisobotlarning shakllanishi tibbiyot xodimlarining ham vaqtini tejamoqda.
Hozirda Respublikada tuman/shaxar tibbiyot birlashmalaridagi koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlarida 947ta tibbiyot brigadasi shakllantirildi. Ushbu brigada 5ta tibbiyot xodimidan iborat boʻlib, ular biriktirilgan aholiga samarali va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatadi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida 341 ta shifokor oldi koʻruv xonalari tashkil etilib, ular tarozi, boʻy oʻlchagich moslamasi, tonometr, fonendoskop, EKG, pulsoksimetr kabi zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Ushbu xonada amaliyotchi hamshira mustaqil ravishda aholini Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli normativ hujjatlari asosida tekshiruvlardan oʻtkazadi.
Aholiga birlamchi tibbiy sanitariya yordamini yanada yakinlashtirish maqsadida mazkur muassasalarda 1189 ta oʻrinli kunduzgi shifoxonalar tashkil etildi. Kunduzgi shifoxonalarning ish vaqti 8.00 dan 20.00 gacha etib belgilangan.
Joriy yilda shifoxonaga murojaatlar va qatnovlarga oid ma’lumotlar, tor soha mutaxassislariga murojaatlar, diagnostika-laborator tahlil natijalarini elektron tarzda qayd etishga toʻlaqonli oʻtiladi. Tibbiy brigadalar faoliyati samaradorligini oshirish, ortiqcha qogʻozbozliklarni kamaytirish maqsadida oilaviy shifokor, amaliyotchi va patronaj hamshiralari, doyalar faoliyati natijalarini baholashning elektron monitoringi yuritiladi.

Shu kunlarda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi Qoraqalpogʻistondada reimbursasiya dasturini joriy etishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Shu maqsadda dorixonalar roʻyxati tayyorlanib, arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning ikkinchi turi, bronxial astma, oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini davolsh uchun sarflanadigan taxminiy mablagʻlar oʻrganilmoqda.
Ushbu jarayonida doimiy ravishda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan uslubiy yordam koʻrsatilmoqda.


Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi Matbuot PR xizmati