Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sugʻurtasi nimasi bilan afzal

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʻurtasi nimasi bilan afzal
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʻurtasi nimasi bilan afzal

Shu oʻrinda davlat tomonidan aholi uchun tibbiy yordam oldin ham bepul berilgan, endi ham berilar ekan, yangilik nimada, degan savol boʻlishi mumkin. Qayd etish kerakki, oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda faqat murojaat tartibi oʻzgaradi. Avvallari bemor oʻzining oilaviy shifokoriga uchrashmasdan, tor soha shifokori qabuliga ketavergan boʻlsa, endi oilaviy shifokor yoʻllanma bersagina, tor soha mutaxassisiga boradi. Agar yoʻllanmasiz borsa, pul toʻlaydi. Mamlakatimizda inson salomatligi va uning turmush farovonligini oshirishga eʼtibor bugun oʻz samarasini bera boshladi. Ayniqsa, shifo maskanlarida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshib, fuqarolar, qolaversa, davolanuvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Fuqarolarni davlat tomonidan tibbiy sugʻurtalash masalasi Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrda qabul qilingan “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz aksini topdi.

Dunyoning koʻplab mamlakatlarida maxsus tibbiy sugʻurtalash jamgʻarmalari faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy maqsadi — bemorlarga sifatli tibbiy va profilaktik yordam koʻrsatilishini taʼminlash uchun majburiy tibbiy sugʻurtalash tizimini moliyalashtirishdir. Yurtimizda ham Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Rossiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribasi asosida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tashkil etildi.

Ushbu jamgʻarmaning asosiy vazifasi — davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni taʼminlash. Aholining barcha qatlamlarini davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan taʼminlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etishda ishtirok etamiz.

Davlat tibbiy sugʻurtasi bilan nimaga erishamiz? Eng avvalo, kasalliklarni erta aniqlash, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʻlamini yanada oshirishga erishiladi. Kafolatlangan paketlar bilan esa har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat koʻrsatiladi va dori vositalari yetkazib beriladi. Fuqaro paket doirasida hududiy oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda zarur diagnostik va laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtadi. Bu paketlarning muddati boʻlmaydi va hammaga teng boʻladi.

Hozir Sirdaryo viloyatida aholi roʻyxatdan oʻtkazildi va ularning salomatligi mavjud xavf omillariga koʻra xavf guruhlariga boʻlindi. Oʻrta va yuqori xavf guruhlariga kiruvchi aholi belgilangan muddatlarda tibbiy koʻrikdan oʻtishi taʼminlanadi va salomatligi davriy kuzatuvga olinadi. Yuqori xavf guruhiga kiruvchi va mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlar doimiy kuzatuvga olinib, uyida tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Profilaktik koʻriklar oʻrniga hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, muayyan kasalliklar boʻyicha maqsadli skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi va patronaj koʻriklari optimizatsiya qilinib, yangi maqsadli patronaj tizimi joriy etilmoqda.

Shu oʻrinda davlat tomonidan aholi uchun tibbiy yordam oldin ham bepul berilgan, endi ham berilar ekan, yangilik nimada, degan savol boʻlishi mumkin. Qayd etish kerakki, oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda faqat murojaat tartibi oʻzgaradi. Avvallari bemor oʻzining oilaviy shifokoriga uchrashmasdan, tor soha shifokori qabuliga ketavergan boʻlsa, endi oilaviy shifokor yoʻllanma bersagina, tor soha mutaxassisiga boradi. Agar yoʻllanmasiz borsa, pul toʻlaydi. Shuning uchun har bir fuqaro oʻzining hududiy poliklinikasiga biriktirilgan boʻlishi kerak. Oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda klinik protokollar, diagnostika va davolash standartlariga koʻra kafolatlangan paketda belgilangan hajmda tibbiy xizmat koʻrsatiladi.

Shu tariqa Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash tizimida 2021-yilning 1-iyulidan 2022-yil oxiriga qadar tajriba-sinov tariqasida sogʻliqni saqlash tizimining yangi modeli va moliyaviy mexanizmlari sinovdan oʻtkazilmoqda.

Hozir Sirdaryo viloyatidagi 11 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi, 18 ta viloyat sogʻliqni saqlash muassasasi bilan shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalarga asosan birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmatlari koʻrsatuvchi muassasalar global byudjet asosida va statsionar muassasalar bajarilgan ishlar natijasi (davolangan holatlar) boʻyicha moliyalashtirish tizimiga oʻtkazildi.

Ayni vaqtda Prezidentimizning 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan tuzilgan shartnoma asosida tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlarida moliyalashtirilmoqda.

Bugungi kunda 14 ta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi oʻrtasida shartnomalar tuzildi. Ixtisoslashtirilgan muassasalarda bemor davolanganidan soʻng Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan bazaviy narxlar doirasida bemorga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq, sarflangan mablagʻ ixtisoslashtirilgan muassasalarga Davlat byudjeti hisobidan oʻtkazib berilmoqda.

Noyabr oyidan respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi va urologiya, 2022-yil 1-yanvardan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilishiga ruxsat berildi.

Bunda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar tibbiy xizmat koʻrsatadigan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnomasi mavjud davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarini oʻz xohishiga koʻra erkin tanlash huquqiga ega boʻladi.

Shuningdek, nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmat koʻrsatish Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan tuziladigan shartnoma asosida bazaviy narxlardan kelib chiqib amalga oshirilishi belgilab qoʻyildi.

2022-yil 1-yanvardan boshlab, respublika darajasidagi 13 ta davlat tibbiyot muassasasida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tartibi hamda moliyalashtirishning yangi mexanizmi joriy etiladi.

Farrux Sharipov,
Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasining
ijro etuvchi direktori