Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Sogʼliqni saqlash sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish, jumladan, boshqaruvni takomillashtirish, sohani rivojlantirishning kelgusi istiqbollarini belgilash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va davlat mulki obʼektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish orqali sifatli tibbiy xizmatlar koʼrsatish koʼlamini kengaytirish maqsadida:
1. Аholining sogʼlom turmush tarzini qoʼllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti (keyingi oʼrinlarda – Institut) etib qayta tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sogʼlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʼlmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish boʼyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
sogʼlom turmush tarzini targʼib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining barqaror tibbiy madaniyatini shakllantirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
ilgʼor va maqbul xorijiy tajriba asosida sogʼliqni saqlash tizimi faoliyatining ustuvor yoʼnalishlari, oʼrta muddatli va uzoq muddatli rivojlanish stsenariylari va strategiyalari boʼyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
tibbiy statistikani shakllantirish va yuritish, statistik koʼrsatkichlarni shakllantirishda xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish boʼyicha takliflar ishlab chiqish, tibbiyot sohasidagi statistik maʼlumotlarni yigʼish, qayta ishlash, umumlashtirish, tahlil qilish, tarqatish va saqlash borasidagi ishlarni takomillashtirish.
Belgilansinki, 2024 yil 1 yanvardan Institut va uning hududiy boʼlinmalari xodimlari mehnatga haq toʼlash, moddiy ragʼbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlariga koʼra, tegishli ravishda, Sogʼliqni saqlash vazirligi va uning hududiy boshqaruv organlari xodimlariga tenglashtiriladi.
3. Sogʼliqni saqlash vazirligi Institut bilan birgalikda ikki oy muddatda 2024-2026 yillarda sogʼlom turmush tarzini shakllantirish, toʼgʼri ovqatlanishni tizimli targʼib qilish va ommalashtirish dasturini ishlab chiqsin va unda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutsin:
sogʼlom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan yiliga 25 tagacha promo-roliklar, dastur va telekoʼrsatuvlar tayyorlash;
uyali telefon foydalanuvchilariga kasalliklar profilaktikasi va sogʼlom turmush tarzi asoslari boʼyicha har kuni qisqa xabarlar (SMS) yuborish;
jurnalistlar va boshqa matbuot vakillari oʼrtasida har yili “Sogʼlom turmush tarzi boʼyicha yilning eng yaxshi targʼibotchisi” tanlovini oʼtkazish;
bozorlar, samolyot, poezd, avtobus, metro, supermarketlar va fuqarolar ommaviy yigʼiladigan boshqa joylarda sogʼlom turmush tarzi boʼyicha poliklar namoyish qilish, radiomaslahatlar taqdim qilish va bukletlar tarqatishni taʼminlash.
4. Sogʼliqni saqlash vazirligi xalqaro tashkilotlar va xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda 2023 yil yakuniga qadar ilgʼor xorijiy tajriba asosida quyidagilarga asosiy eʼtiborni qaratgan holda “Аholi salomatligi – 2030” milliy strategiyasi ishlab chiqilishini taʼminlasin:
aholini maksimal qamrab olgan holda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini unga yanada yaqinlashtirish;
fuqarolarning sogʼlom turmush tarzini, sogʼlom ovqatlanishini va jismoniy faolligini qoʼllab-quvvatlash, ularni aholi orasida har tomonlama targʼib qilish;
onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining bu boradagi ehtiyojlarini qondirish;
ixtisoslashgan tibbiy yordam koʼlamini kengaytirish;
sogʼliqni saqlash tizimini toʼliq raqamlashtirish, qogʼozbozlikka, asossiz byurokratiyaga va navbatlarga chek qoʼyish, aholiga tibbiyot muassasalariga murojaat qilganida qulayliklar yaratish;
zamonaviy va samarali boshqaruv usullarini joriy qilish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;
kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish;
xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish hamda yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish;
tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
farmatsevtika tarmogʼini samarali tartibga solish.
5. Quyidagilar Sogʼliqni saqlash vazirligi tuzilmasiga oʼtkazilsin:
Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi;
2024 yil 1 yanvardan Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi.
6. Belgilansinki:
mazkur Farmonning 5-bandida koʼrsatilgan muassasalar Sogʼliqni saqlash vazirligi tuzilmasiga mustaqil yuridik shaxs maqomi hamda ular faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi manbalari va tartibini saqlab qolgan holda oʼtkaziladi;
Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi farmatsevtika sanoati barqaror rivojlanishi uchun javobgarlikni toʼliq zimmasiga oladi;
Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasining kuzatuv kengashi tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida tibbiy xizmat koʼrsatish uchun jalb qilinadigan yetkazib beruvchilar (davlat va nodavlat)ni, xarid qilinadigan tibbiy yordamlar hajmini mustaqil belgilaydi va oʼz byudjetini shakllantiradi;
Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi 2027yil 1 yanvardan Sogʼliqni saqlash vazirligi tarkibidan chiqadi va mustaqil jamgʼarma sifatida faoliyat yuritadi;
Davlat byudjeti mablagʼlari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tashxis qoʼyish va davolash boʼyicha tasdiqlangan standartlarga muvofiq tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlari Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʼmitasi bilan kelishgan holda belgilanadi;
sogʼliqni saqlash vaziri va Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ijrochi direktori 2026 yilning yakuniga qadar tibbiy sugʼurtaning respublika boʼylab toʼliq joriy etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
7. 2024 yil 1 yanvardan Sogʼliqni saqlash vazirligi huzurida quyidagilarni birlashtirish orqali yuridik shaxs maqomiga ega boʼlmagan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʼarmasi (keyingi oʼrinlarda – Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasi) tashkil etilsin:
Onkogematologik va davolash qiyin boʼlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʼlomlashtirishga koʼmaklashish jamgʼarmasi;
Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʼarmasi;
Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʼllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʼarmasi;
Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʼyilgan bemor bolalarni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi.
8. Quyidagilar 2024 yil 1 yanvardan Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Davlat byudjetidan har yili ajratiladigan 350 milliard soʼm miqdoridagi mablagʼlar;
spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʼyilgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʼrsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish xarajatlari uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʼlar;
iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʼllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish uchun Davlat byudjetidan har yili ajratiladigan 50 milliard soʼm miqdoridagi mablagʼlar;
Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning boʼsh turgan binolari, koʼchmas mulk obʼektlari va yer uchastkalarini ommaviy savdolar (auktsion)da sotishdan tushadigan mablagʼlarning respublika byudjetiga oʼtkaziladigan 50 foizi;
Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning mol-mulkini ijaraga berishdan tushadigan tushumlarning, Davlat mulki obʼektlaridan samarali foydalanish markazining operatsion xarajatlarini chegirib tashlagan holda, mahalliy byudjetlarga oʼtkaziladigan 100 foizi;
xalqaro moliya institutlarining, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik koʼmak mablagʼlari;
Gʼaznachilik xizmati qoʼmitasi tomonidan Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasining vaqtincha boʼsh mablagʼlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Belgilansinki, Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlari quyidagilarga sarflanadi:
sogʼliqni saqlashni boshqarish organlari va Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dasturiy mahsulotlar sotib olish va axborot-kommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat koʼrsatish;
tibbiy asbob-uskunalar, kompyuterlar, planshetlar, multimedia va tarmoq qurilmalari, dasturiy taʼminotlarni xarid qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish va rivojlantirish;
sogʼliqni saqlashni boshqarish organlari va Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining xodimlarinixorijda tayyorlash va qaytatayyorlash, shuningdek, oʼqitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bogʼliq xarajatlarni moliyalashtirish;
sogʼliqni saqlashni boshqarish organlari, shuningdek, Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish;
onkogematologik va davolash qiyin boʼlgan kasalliklar boʼyicha yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
mahalliy va xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish, sogʼliqni saqlash sohasidagi keng koʼlamli vazifalarni amalga oshirish maqsadida ekspertlik guruhi faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish;
onkogematologik va davolash qiyin boʼlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʼrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalarini kapital va joriy taʼmirlash, qurish va rekonstruktsiyaqilish, ularga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini xarid qilish;
Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʼyxat asosida ogʼir kasallikka chalingan yetim bolalarva ota-ona qaramogʼidanmahrum boʼlgan bolalarning respublikada amalga oshirilmaydigan jarrohlik amaliyotlarini xorijiy mamlakatlarda oʼtkazish bilan bogʼliq xarajatlarni qoplash;
onkogematologik va davolash qiyin boʼlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis va davolash-profilaktika xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash;
Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimi xodimlarini oʼqitish, qayta tayyorlash va stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, Oʼzbekiston hududidan tashqarida oʼtkaziladigan konferentsiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini, xizmat safariga yuborilishini tashkil etish bilan bogʼliq xarajatlarni qoplash;
oliy va oʼrta tibbiyot taʼlim muassasalarining iqtidorlitalabalariga maxsus stipendiyalar toʼlashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;
Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasi va uning direktsiyasi, shuningdek, Institut va uning hududiy boʼlinmalari faoliyatini tashkil etish va qoʼllab-quvvatlash bilan bogʼliq xarajatlarni qoplash;
Sogʼliqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan boshqa tadbirlarni hamda sogʼliqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish bilan bogʼliq xarajatlarni moliyalashtirish.
10. 2024 yil 1 yanvardan Sogʼliqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasida vazirlik boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida yuridik shaxs maqomiga ega boʼlmagan Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasi direktsiyasi tashkil etilsin.
11. Belgilansinki:
Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasi mazkur Farmonda nazarda tutilgan birlashtirilayotgan jamgʼarmalarning barcha majburiyatlari va daromadlar manbalari boʼyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlari uning kuzatuv kengashi qaroriga asosan qatʼiy ravishda ushbu Farmonda koʼrsatilgan yoʼnalishlarga sarflanadi;
Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasining joriy moliya yilida foydalanilmagan (oʼzlashtirilmagan) mablagʼlari keyingi moliya yiliga oʼtkaziladi.
12. Sogʼliqni saqlash vazirligi va Аdliya vazirligi bir oy muddatda Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasi toʼgʼrisidagi nizomni hamda uning kuzatuv kengashi tarkibini tasdiqlasin.
Bunda, Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlarini sarflashning shaffof tartibini, uning daromadlari va xarajatlari toʼgʼrisida hisobdorlikni, shuningdek, faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash masalalarini nazarda tutish.
13. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʼzgartirishlar kiritilsin.
14. Sogʼliqni saqlash vazirligi Аdliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʼzgartish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N.Аripov va Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni saqlash vaziri А.Sh.Inoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʼzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYoEV
Toshkent shahri,
2023 yil 6 sentyabr