Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

SSV: Bemor yoʼllanma asosida davolanish uchun davlat yoki nodavlat tibbiyot muassasasini oʼzi ixtiyoriy tanlaydi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > SSV: Bemor yoʼllanma asosida davolanish uchun davlat yoki nodavlat tibbiyot muassasasini oʼzi ixtiyoriy tanlaydi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > SSV: Bemor yoʼllanma asosida davolanish uchun davlat yoki nodavlat tibbiyot muassasasini oʼzi ixtiyoriy tanlaydi

 

Yaqin-yaqingacha ehtiyojmand bemorlarning respublika tibbiyot markazlarida davolanishi uchun qogʼoz shaklidagi “order” tizimidan foydalanilganidan xabaringiz bor.

Oqibatda bunday imtiyozlar koʼp hollarda tanish-bilishchilik asosida berilgani, qolaversa, “order” uchun mablagʼlar respublika tibbiyot markazlariga bemor kelsa-kelmasa, har yili oʼtkazib kelingani sir emas.

Oqibatda haqiqiy ehtiyoji bor aholi davolanish uchun yillab navbatda turgan bir vaqtda, ayrim markazlar samarasiz moliyalashtirib kelingan.

Endi bunday amaliyotdan toʼliq voz kechildi. Prezidentimizning “Sogʼliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʼrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq, ochiq va shaffof tizimga oʼtildi.

Natijada oʼtgan yil 1 oktyabrdan davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tarmogʼi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʼllash tizimiga 14 ta tibbiyot muassasasi oʼtkazildi.

Аkademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, akademik Yo.Toʼraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Bolalar milliy tibbiyot markazi shular jumlasidan.

Mazkur tibbiyot muassasalarida davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilindi.

Uning oʼrniga moliyalashtirishning yangi mexanizmiga muvofiq bemorlarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʼllashning elektron axborot tizimi joriy etildi.

Bu jarayonda kasallikning ogʼirlik darajasiga koʼra, axborot tizimi orqali navbatda turishning shaffof mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilindi, — deydi Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov. — Shu tariqa bemorlarga oʼzining soʼrovi, murojaati hamda navbati haqidagi axborotni olish imkoni yaratildi.

Аyni vaqtda esa bemorlarga ularning kasalligiga muvofiq ixtisoslashtirilgan muassasalarda davolanishni taʼminlaydigan yoʼllanmalar berilmoqda.

Ushbu yoʼllanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bemor davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida tibbiy xizmatlardan foydalanishni oʼzi ixtiyoriy tanlay oladi.

Jamgʼarma bilan shartnoma tuzgan tibbiyot muassasasida muolajalar amalga oshirilgach, koʼrsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga koʼra, ushbu shifo maskaniga bazaviy narxlar doirasida sarflangan mablagʼ byudjet hisobidan toʼliq toʼlab beriladi