Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Qahramoni shifokorlar bo‘lgan suratlar: o‘rta asrlardan bugungi kungacha

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Qahramoni shifokorlar bo‘lgan suratlar: o‘rta asrlardan bugungi kungacha
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Qahramoni shifokorlar bo‘lgan suratlar: o‘rta asrlardan bugungi kungacha

2020-yilda shifokorlar va ularning hamkasblari faoliyati vaziyat taqozosiga ko‘ra jamiyatda keng muhokama qilinuvchi dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Ularning safida nafaqat shifokorlar, hamshiralar va shifoxona xodimlari bo‘lgan, balki laboratoriyalar sukunatida kasallikni yengish uchun dori-darmonlarni kashf etgan olimlar ham bor edi.

Tibbiyot xodimlari va olimlar barcha davrlarda rassomlarga ilhom manbai bo‘lib kelgan. San’atga bag‘ishlangan “Point ART” jurnali shifokor va hamshiralarning tasviriy san’at asarlarida aks ettirilgan obrazlarini jamladi.

Adam Elsxaymer «Bemorlarni davolayotgan Avliyo Yelizaveta», 1500-yil © Art&Culture

Adam Elsxaymer “Bemorlarni davolayotgan Muqaddas Yelizaveta”

Yelizaveta Tyuringskaya Germaniyada xayriya va shafqat an’analarining asoschilaridan biri hisoblanadi. 14 yoshida Yelizaveta Tyuringiya landgrafi yoki knyazi Lyudvig IV ga turmushga chiqadi, tez orada fransiskanlar g‘oyalari bilan ilhomlanib, erining qo‘llovi bilan xayriya faoliyatini boshlaydi — muhtojlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va pul tarqata boshlaydi. Uning mablag‘i hisobidan Ayzenaxda kambag‘allar uchun birinchi kasalxona quriladi. Eri vafot etgandan so‘ng esa, Yelizaveta o‘zini butunlay bemorlarni parvarishlashga bag‘ishlaydi. Ayniqsa, moxov kasalligiga chalinganlarga g‘amxo‘rlik qilish bilan shug‘ullanadi. Bu og‘ir mehnat Yelizavetaning sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatadi va u 24 yoshida vafot etadi. Qisqa muddat ichida u avliyolik darajasiga ko‘tariladi.

Adam Elsxaymer o‘z asarida avliyoning hayotiga bo‘lgan qarashini ifodalab, tanani davolash vositalari cheklangan bo‘lgani sababli, o‘rta asr shifoxonasini ko‘proq ruhni davolaydigan va azob chekayotganlarni narigi dunyoga o‘tishga tayyorlaydigan joy sifatida tasvirlaydi.

Rembrandt “Doktor Tulpning anatomiya darsi”

1632-yil 31-yanvarda gollandiyalik jarroh va anatom, Tulp (Lola) taxallusli doktor Nikolas Peterszoon Amsterdamda inson qo‘llaridagi mushak paylari haqida ma’ruza o‘tkazdi. Jasad Adriaan Adriaansga tegishli edi. U o‘sha davrda Utrextda qamoqxona qo‘riqchisini og‘ir jarohatlagani, Amsterdamda esa bir kishini kaltaklab, talon-taroj qilgani uchun osib o‘ldirilgan va Amsterdam jarrohlar gildiyasiga ommaviy yorib ko‘rish uchun topshirilgandi.

Rembrandt «Doktor Tulpning anatomiya darsi», 1632 © Maurisxyoys Qirollik galerreyasi, Gaaga

Garchi suratda 1632-yilgi ma’ruzadagi haqiqiy yorib ko‘rish jarayoni aks etmasa-da (qoidaga ko‘ra, bu jarayon oshqozon va bosh chanog‘ini yorishdan boshlanishi kerak edi), Rembrandtning rasmida o‘sha shaxsning qo‘l mushaklarini ochib ko‘rish voqeasi tasvirlangan bo‘lib, surat tasavvur qilingan manzarani ifodalaydi. Rassomga hamkasblari bilan birga doktorning portretini tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi va u bu vazifani, shubhasiz, a’lo darajada uddalagan. Doktor Tulpdan tashqari, rasmda jarrohlar gildiyasining yetti a’zosi tasvirlangan bo‘lib, ularning har biri o‘zini rasmga kiritish uchun katta miqdorda pul to‘lagan.

Rasm Rembrandt 1632  deb imzolangan. Rassom birinchi bor rasmni RHL (Leydenlik Rembrandt Xarmens) bosh harflari bilan emas, balki o‘z ismi bilan imzolaydi. Bu uning obro‘si oshib borayotganining belgisi sifatida qaralishi mumkin.

Fransisko Goyya “Doktor Arietta Goyyani davolamoqda”

Mashhur ispan rassomining ijodi go‘yo azob va fojia bilan chambarchas bog‘langanday. XVIII asr 90-yillarida Goyya og‘ir xastalikdan so‘ng butunlay eshitish qobiliyatini yo‘qotadi. 1819-yilda rassom yana kasallikka chalinadi. Bu safar nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham — unga tushkunlik oralaydi. Uning davolovchi shifokori rasmda tasvirlangan doktor Yevgeniy Arietta edi.

Fransisko Goyya “Goyyani doktor Aryetta davolamoqda”, 1820 © San’at instituti, Minneapolis

“Goyya 73 yoshidagi og‘ir va xavfli kasallik paytidagi g‘amxo‘rligi va muvaffaqiyatli davolashi uchun do‘sti Ariettaga minnatdordir”. Bu minnatdorchilik so‘zlari rassom tomonidan doktorga sovg‘a qilingan suratning pastki qismida bitilgan. Rasm bir muddat Ariettada saqlanib, keyin bir necha qo‘ldan o‘tgach, Minneapolis san’at instituti kolleksiyasiga kelib qo‘shildi.

Paskal Danyan-Buvre “Baxtsiz hodisa”

Fransuz rassomi Paskal Danyan-Buvre 1852-yil 7-yanvarda tug‘ilgan. U o‘z asarlarida XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi fransuzlarning kundalik turmushini haqqoniy tarzda tasvirlagan.

Paskal Danyan-Buvre “Baxtsiz hodisa”, 1879 © Uolters rassomchilik muzeyi, Baltimor

“Baxtsiz hodisa” fransuz qishlog‘i hayotining, ularning tibbiyot va shifokorlarga, kasallik va salomatlikka bo‘lgan munosabatining yorqin ifodasi hisoblanadi. Unda baxtsiz hodisaga uchragan rangi o‘chgan bolani o‘rab olgan oila a’zolari yoki bir muassasa xodimlari tasvirlangan. Birinchi yordam ko‘rsatayotgan shifokor ishonchlilik, mahorat va xotirjamlik timsolidir. U tomoshabinlarga orqa o‘girib turgan bo‘lsa-da, bu yaqqol sezilib turibdi. Chamasi, Danyan-Buvreni to‘planganlarning rang-barang qiyofalari, ularning kechinmalari va sodir bo‘lgan voqeani idrok etishlari ko‘proq qiziqtirgan.

Albert Edelfelt “Lui Paster portreti”

Albert Edelfelt — shved millatiga mansub mashhur fin rassomi, grafik, peyzaj ustasi, maishiy va janr mavzularining mohir ijodkori edi. Uning yetuk ijod davrida asosiy yo‘nalishi portret san’ati bo‘lgan. Aynan Edelfelt tufayli dunyo mashhur fransuz olimi, kimyogar va mikrobiolog, quturish kasalligiga qarshi vaksina ixtirochisi Lui Pasterning qiyofasi bilan tanish.

Albert Edelfelt “Lui Paster portreti”, 1885 © Orse muzeyi, Parij

Edelfelt Pasterni Ulm ko‘chasidagi laboratoriyasida tasvirlagan. Bu “Interyerdagi portret” deb ataladigan uslubning namunasi bo‘lib, unda qahramon o‘ziga xos muhitda aks ettirilgan. Ushbu asar mutaxassislar va keng jamoatchilik tomonidan juda yuqori baholangan. 1886-yilgi Salonda Pasterning Edelfelt va fransuz rassomi Leon Bon tomonidan chizilgan portretlari namoyish etildi. g‘alaba Faxriy legion ordeni va ko‘plab yangi buyurtmalar bilan birga yosh finlikka nasib etdi. Lui Pasterning portreti ushbu uslubdagi asarlarning haqiqiy rivojlanishiga turtki bo‘ldi.

Nikolay Yaroshenko “Shafqat hamshirasi”

Shafqat hamshirasi timsolini aks ettirgan eng mashhur asarlardan biri Nikolay Aleksandrovich Yaroshenkoning shu nomdagi surati hisoblanadi. “Uning yuksak olijanobligi, to‘g‘riso‘zligi va yuqori darajadagi matonati hamda o‘zi xizmat qilayotgan ishga bo‘lgan e’tiqodi, nafaqat men uchun, balki boshqalar uchun ham namuna bo‘lgan bo‘lsa kerak, — deb yozgan edi rassom haqida Mixail Nesterov, — va oramizda shunday to‘g‘ri inson borligini anglash bizni ezgu ishlarga ruhlantirardi”.

N.A.Yaroshenko “Shafqat hamshirasi”, 1886 © Ivanovskiy viloyat rassomchilik muzeyi

Rassomga xos bo‘lgan bu fazilatlarning barchasi uning asari qahramonida ham namoyon bo‘ladi. Charchoq ortida ruhiyat qudrati, ongli yondashuv va o‘z ishining muhimligiga ishonch yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, Yaroshenko yuqori qadrlaydigan va barcha asarlaridagi obrazlarda mujassam etgan insoniy qadr-qimmat ham sezilib turadi.

Mixail Nesterov “I.P. Pavlov portreti”

Akademik Pavlovning portreti Tretyakov galereyasi kolleksiyasidagi eng sara asarlardan biridir. Unda mashhur fiziolog, Nobel mukofoti sovrindori Ivan Petrovich Pavlov Koltushidagi biologik stansiya hududida joylashgan uyida tasvirlangan.

M.V.Nesterov “I.P.Pavlov”, 1935 © Tretyakovskiy davlat galereyasi

O‘sha paytda chizilgan boshqa portretlardagi qahramonlardan farqli o‘laroq, Pavlov rassomga notanish edi. Bundan tashqari, Nesterov bu masalada uzoq vaqt ikkilanib yurdi. Chunki bir tomondan, u o‘zini portret ustasi deb hisoblamas, ikkinchi tomondan esa mashhur suratlar ta’sirida shakllangan olim qiyofasida o‘zini jalb qiladigan hech narsa ko‘rmasdi. Ammo oxir-oqibat u ta’shqi ta’sirlar natijasida bu ishga kirishdi va 1930-yilda Koltushidagi biostansiyaga kelib, olim bilan tanishdi. Rassom 68 yoshda, akademik esa 81 yoshda edi. Birinchi uchrashuvdanoq ular o‘rtasida do‘stona munosabatlar paydo bo‘ldi va portret “faol, g‘ayratli, boy ma’naviy dunyoga ega va olijanob inson timsolini” to‘liq aks ettirdi. Ivan Petrovich Pavlov aynan shunday inson edi.

Fedor Shapaev “Qishloq shifokori”

Fedor Vasilyevich Shapaev psixologik portret ustasi edi. Hayotining aksariyat qismini Pokoy nomli ajoyib qishloqda o‘tkazgani bois uning asarlaridagi qahramonlar ham shu muhitga “joylashtirilgan” edi.

F.V.Shapayev “Qishloq shifokori”, 1964 © ulpravda.ru

Shifokorlik nihoyatda mas’uliyatli kasb. Qishloq joylarida shifokorlik qilish esa yanada murakkab. Bu yerda har qanday ob-havoda uzoq masofalarni bosib o‘tish, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlarning yetishmasligi va psixologik bosim mavjud, chunki barcha qarorlarni mustaqil va tezkor qabul qilish lozimdir.

Fedor Shapaevning suratidagi shifokor — yoshi katta ayol. U qorli o‘rmonlar va dalalar yonidan chaqiruvga ko‘ra ketmoqda. U pichan to‘ldirilgan qishloq chanasida ikki qavat po‘stinga o‘ranib olgan hamda shaharga oid shlyapa, charm qo‘lqop kiygan, yoqasiga mo‘yna taqqan, oyoq tomoniga tibbiyot sumkasini qo‘yib olgan holda tasvirlangan. Uning butun qiyofasidan xotirjamlik va ishonch sezilib turardi. Ehtimol, u charchagan bo‘lsa-da, manzilga yetib borgach, uni kutayotgan bemor, albatta, yordam olishi va hammasi yaxshi bo‘lishiga shubha yo‘q.

Aleksandr Laktionov “Jarrohlik amaliyotidan so‘ng”

“Jarrohlik amaliyotidan so‘ng” Aleksandr Ivanovich Laktionovning so‘nggi yirik asari, eng jiddiy jamoaviy portretidir. Asarning markaziy qahramoni jarroh Sergey Sergeyevich Yudin bo‘lib, unda Moskvadagi N.V. Sklifosovskiy nomidagi Shoshilinch tibbiy yordam instituti binosining ikkinchi qavatida joylashgan xonasining asl ko‘rinishi tasvirlangan.

A.I.Laktionov “Jarrohlik muolajasidan so‘ng”, 1965 © A.A.Dayneki nomidagi Kursk davlat suratlar galereyasi

Butun asarning kompozitsion va mazmuniy markazi kolbadir. Yudin institut shogirdlari va hamkasblari bilan birga, ehtimol, 1930-yil 23-mart voqealarini xotirlayapti. o‘sha kuni u dunyoda birinchi bor insonga fibrinoliz qonni muvaffaqiyatli quyishga erishgan (bu kashfiyoti uchun u vafotidan keyin Lenin mukofotiga sazovor bo‘lgan). Rasmda tasvirlangan yana uch shaxs — professorlar A.A. Bocharov, D.A. Arapov va B.S. Rozanovlar bu voqeaning guvohi va faol ishtirokchilari bo‘lishgan.

Laktionov natyurmot bilan ishlashga odatlangani bois, rasmda xonaning asl ko‘rinishi aks ettirilgan; Bocharov, Arapov va Rozanov portret uchun maxsus pozada turganlar. Eng mushkuli sahnaning asosiy ishtirokchisini tasvirlash edi: Sergey Sergeyevich Yudin o‘sha paytda hayotdan ko‘z yumgan edi. Uning timsolini yaratishda fotosuratlar, haykaltarosh M.P.Olenin tomonidan olingan qo‘llari va yuzining o‘limdan keyingi niqobi, M.V. Nesterovning ikkita portreti hamda V.I. Muxinaning byusti manba bo‘lib xizmat qilgan.

Nikolay Plastov “Doktor”

Mashhur rus rassomi Arkadiy Plastovning o‘g‘li Nikolay Arkadevich Plastov ijodiy yo‘lining boshida sotsialistik realizm g‘oyalariga to‘liq mos kelmasa-da, hayotning ideallashtirilgan, optimistik tasvirlashni xush ko‘rardi. Urush yillarida rassom qahramonlikni ulug‘lovchi harbiy sahnalarni va ta’sirchan manzaralarni chizdi. 50-yillardan boshlab esa u dehqonlar turmushini tasvirlashga mehr qo‘ydi.

N.A.Plastov “Doktor”, 1966 © Ulyanovsk viloyat rassomchilik muzeyi

“Doktor” asari Nikolay Arkadevich Plastov ijodidagi eng sara asarlardan biri deb e’tirof etilgan. Rasm syujetiga ko‘ra, ayol shifokor stetofonendoskop yordamida bolani tekshirmoqda. Bu qishloq shifokorlarining uyda bemorlarni qabul qilish amaliyotidagi odatiy holat. Aynan o‘zining hayotiyligi tufayli rasm kishini lol qoldiradi.

Plastovlar oilasi Simbirsk — Ulyanovsk o‘lkasining sog‘liqni saqlash tizimi bilan uzviy bog‘liq edi. SSSR xalq rassomi, akademik Arkadiy Aleksandrovich Plastovning ona tomondan bobosi Ivan Vasilevich Leiman Simbirsk guberniyasida qishloq tabibi bo‘lgan. A.A.Plastovning o‘g‘li Nikolay Arkadevich esa tez-tez bemorlarni Prislonikadan Yazikovkadagi kasalxonaga olib borardi. Kasalxona shifokorlarining eslashicha, u nihoyatda mehribon va hech qachon yordam so‘rovchilarni rad etmaydigan inson bo‘lgan.

DTSJ Matbuot va PR xizmati