Muhabbat Yuldasheva Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida yashaydi. Ikki yil avval Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida oʻng oyogʻiga, joriy yilning boshida esa Guliston tibbiyot klasterida chap oyogʻiga entoprotez qoʻyildi. Buning uchun sarflangan sarf-xarajatlarni Prezidentimizning 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan PQ-5199-sonli qarorida berilgan imtiyozga koʻra Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi qoplab berdi.
Oʻtgan kunlar haqida Muhabbat opa shunday eslaydi: “Uzoq yillar davomida oyogʻimni zurgʻa sudrab yurgan vaqtlarim ham boʻldi. Suyaklarim shu qadar qaqshardiki, bu ogʻriqlarda qochishga joy topolmay qolardim. Kuchli ogʻriqlar sabab yurolmay, yotib ham qoldim. Operatsiya qildirishga sharoitimiz toʻgʻri kelmaganidan, yetarlicha mablagʻ yoʻqligi sabab tuzalishdan butkul umidimni uzdim. Bu ogʻriqlar bilan endi u dunyoga ketsam kerak, deb yigʻlardim.”
2-guruh nogironi Muhabbat opa yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan mamnun. U oʻz minnatdorligini va hayotga yana qaytgani haqida qayta-qayta aytishdan charchamaydi.
DTSJ Matbuot va PR xizmati