“Tibbiyot muassasalarini farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-408-son, 29.11.2024-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan belgilangan tartib va roʻyxatga asosan quyidagi dori vositalari va tibbiy buyumlarning davlat xaridini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshirishga ruxsat etiladi:
original dori vositalari (ularning ishlab chiqaruvchisi yoki rasmiy yetkazib beruvchisi orqali);
yopiq turdagi laboratoriya uskunasi uchun maxsus reagent, reaktiv va sarflov vositalari;
shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar.
“Oʻzmedimpeks” va “Tibbiyot texnikalariga xizmat koʻrsatish oʻquv-ishlab chiqarish markazi” davlat muassasalari negizida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Xaridlar markazi hamda Markazning 13 ta hududiy filiali tashkil etiladi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti sogʻliqni saqlash tizimida dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridining qonuniyligi va maqsadliligini taʼminlash, ularning manzilli yetkazilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatadi.