Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan ilk shartnomani imzoladi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan ilk shartnomani imzoladi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan ilk shartnomani imzoladi

Aslida ham kelgusi besh yilda yurtimiz aholisini sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining eng muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Bunda esa Prezidentimizning 2021 yilning 28 iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5199-son qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Unga ko‘ra, tizimda bir qator o‘zgarishlar yuz bermoqda. Ulardan biri – davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini keng joriy etgan holda xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini keng ko‘lamda rag‘batlantirishdir. Bu bilan aholiga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan kafolatli bepul tibbiy yordam bilan birga, sifatli va arzon tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xabaringiz bor, yurtimizda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari Sirdaryo viloyatida tajriba – sinov tarzida joriy etilmoqda. Shu bilan bir vaqtning o‘zida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida 14 ta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan ham shartnoma asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Kardiologiya, kardioxirurgiya, travmatologiya va ortopediya, akusherlik va ginekologiya hamda oftalmologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari shular sirasidandir.
Shuningdek, og‘ir bemorlarning poytaxtga kelib, vaqt va mablag‘ sarflashining oldini olish maqsadida hududlardagi 52 ta muassasa bilan ham shartnomalar tuzildi.
Aholiga ko‘rsatiladigan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘lami va sifatini yanada oshirish maqsadida xususiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik choralari ko‘rildi. Shuning uchun yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatadigan xususiy klinikalar faoliyati o‘rganildi, monitoringlar o‘tkazildi.
Natijada Sog‘liqni saqlash vazirlining tavsiyasiga ko‘ra Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Dr Boboev jarrohlik markazi” bilan ilk hamkorlik shartnomasi tuzildi. Albatta, kelgusida bu kabi hamkorlik shartnomalari har bir viloyat miqyosida tuzilishi mo‘ljallanmoqda.
Endi imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnomasi mavjud davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan o‘ziga ma’qulini erkin tanlash huquqiga ega bo‘ldi. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari ko‘rsatadigan tibbiy xizmatlar uchun qo‘yiladigan talablar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan.
Bunda nodavlat tibbiyot tashkilotlari imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmatlarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuziladigan shartnoma asosida bazaviy narxlardan kelib chiqib belgilaydi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi matbuot xizmati