Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sug‘urtasi sababli avvalo shifokorlarning ma’suliyati oshdi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi sababli avvalo shifokorlarning ma’suliyati oshdi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi sababli avvalo shifokorlarning ma’suliyati oshdi

Davlat tibbiy sug‘urtasi e’tiborini tibbiyot sohasiga ya’ni tizimga ajratilayotgan mablag‘larni samarali foydalanishga qaratmoqda. Zero, o‘tgan yili Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etilganda ko‘plab holatga guvoh bo‘lganmiz.

Misol uchun, Sirdaryodagi shahar yoki tuman shifoxonasiga borilganda qabulxonada bemorlarni qabul qilish jarayonini kuzatganimiz, holatni o‘rganganmiz. Shunda shifokorlar huzuriga ertayu kech yordamga muhtoj bo‘lmagan kasallar (lekin surunkali kasalligi bor) “shifoxonaga yotaman”, deb kelayotganiga guvoh bo‘lgandik.

Ular bilan qilgan muloqotlarimizda yilida ikki marta qish va yoz fasllari oldidan shifoxonada profilaktika uchun davolansa o‘zlarini yaxshi his qilishliklarini aytishdi. Yoki bo‘lmasam, ba’zi bir holatlarda nogironligi bo‘lgan fuqarolar ham nogironlikni uzaytirish uchun albatta qaysidir viloyat shifoxonasiga yotishim kerak, degan fikrdan hamon voz kechishmagan.

O‘tgan davrda davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi xodimlari, Sirdaryolik mutaxassislar bilan birga mahallalarda uchrashuvlar tashkil etib, aholiga tushuntirishlar berishmoqda. Zero, bugungi kunda kechayu kunduz kuzatuv kerak bo‘lmagan bemorlar shifoxonada yotishga majbur emas. Ko‘pgina kasalliklarni oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarda ham bemalol oilaviy shifokor davolasa bo‘ladigan holatda ekanligi Sirdaryo misolida ko‘p kuzatilmoqda.

Hozirda aholi ko‘p narsalarni tushinib yetmoqda. Masalan, Sirdaryo viloyati aholisi tibbiyot muassasasiga yo‘llanmasiz borsa pul to‘lash kerakligini, kechayu kunduz kuzatuv kerak bo‘lmaganda oilaviy shifokorga murojaat qilishi va statsionarning kunduzgi bo‘limida shifokorning nazorati ostida bemalol davolanishi mumkinligini tushunmoqda.

Aslida ham oldimizga qo‘yilgan maqsadlarni biri ham shudir. Aholi davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanishni tushunishi kerak. Negaki, endilikda shifoxonalarga bemorning davolangan holati bo‘yicha mablag‘ to‘lanadi. Bunda davolanganlik holati masalan, yuqori qon bosimi bilan kelgan bemorga yordam ko‘rsatib, davolab bo‘lgandan keyin buning uchun mablag‘ to‘lash masalasi tajriba sifatida amalga oshirilmoqda.

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini afzal jihatlarini Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan shifokorlar ham e’tirof etmoqda.

Ma’rifat Turdiyeva, Sirdaryo viloyati Perinatal markazi direktor o‘rinbosari:

–Sirdaryoda davom etayotgan tajriba-sinov tariqasida boshlangan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizimlarini o‘z faoliyatimizda joriy etish jaryonida amin bo‘ldimki, haqiqatdan ham bu tizimga o‘tishimiz kerak bo‘lgan ekan. Bunda aholiga qaratilayotgan e’tibor, qulayliklar, tibbiyotdagi o‘sishni ko‘rib, dilingiz yayraydi. Davlat tibbiy sug‘urtasi sababli eng avvalo shifokorlarning ma’suliyati oshdi. Har bir kasallikni tegishli standart va protokollar bo‘yicha davolash va tashxis qo‘yish kerakligini angladik.

Tibbiy sug‘urtani xalq uchun foydali tomoni –har bitta ko‘rsatiladigan xizmatlar yuzasidan kafolatlangan paket ishlab chiqilgan va ana shu paket doirasida bemorlarni so‘zsiz qabul qilish, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish asosiy maqsad qilib olingan. Mana endi tibbiyotimiz zamon bilan hamnafas rivojlanmoqda.

Bemorlar yo‘llanma asosida kelsa, statsionar xizmatlar bepul amalga oshiriladi. Buning uchun birlamchi tizimdagi shifokor bilim va malakasini oshirib borishi kerak. Chunki, bemorni qaysi yo‘nalishda, qaysi shifoxonaga yo‘naltirilishi uchun u tashxisni to‘g‘ri qo‘ya olishi kerak. Bemorning holatiga ko‘ra respublika yoki viloyatga yo‘llanma berishi talab qilinadi. Har bir shifokor kafolatlangan paket, unga kiritilgan tibbiy xizmatlar xaqida bilimga ega bo‘lishi, bu haqida to‘liq tushunchasi bo‘lishi kerak.Tibbiy sug‘urta orqali tibbiyotda yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘layotgani mubolag‘a emas.

Davlat tibbiy sug‘urtasining asosiy maqsadi aholining barcha qatlamini tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lishini ta’minlash, bemor hohlagan vaqtida o‘zi istagan tibbiyot muassasasidan bu xizmatni olish imkonini berish.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi matbuot xizmati