O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4890-sonli qarori aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish, sohaga bosqichma – bosqich tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining Farg‘ona viloyati bo‘limi tashkil etildi.
Viloyatda Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etishdan asosiy maqsad esa aholisi orasida kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash, tibbiy yordam ko‘rsatishning birlamchi bo‘g‘inida malakali va sifatli xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etishni ta’minlash. Shuningdek, aholining salomatlik darajasi, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish, boshqarish, kafolatlangan paket bo‘yicha ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish, ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini nazorat qilishdan iborat.
Ayni vaqtda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali hamda Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlik shartnomasi tuzgan.
Hozirda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi budjet mablag‘lari hisobidan ushbu to‘rtta tibbiyot muassasasida 40 nafardan ortiq bemorga yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish mo‘ljallanmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi budjet mablag‘lari hisobidan 2022 yilda Farg‘ona viloyati uchun 2 milliard 800 million so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lar yuqoridagi 4 ta muassasada davolangan bemorlar xaqidagi dalolatnomalar topshirilgandan so‘ng to‘lovlar amalga oshiriladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi matbuot xizmati