Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirishning yangi bosqichi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirishning yangi bosqichi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirishning yangi bosqichi

Mamlakatimizda nodavlat tibbiyot tizimi rivojlanishining asosiy nuqtalaridan biri sifatida Vazirlar Mahkamasining 2003 yilning 31 oktabrida qabul qilingan «Tibbiy faoliyatni va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi qarorini keltirish mumkin. Ushbu hujjat bilan sohaga tegishli nizomlar tasdiqlanib, tibbiy faoliyatni amalga oshirish talab va shartlari belgilab olindi.

Bunday tajribani xalqaro miqyosda ham kuzatish mumkin. Dunyo mamlakatlari tajribasida davlat ishtirokisiz rivojlanishning imkoni bo‘lgan tibbiy yordam ko‘rsatish turlarini tashkil etish va sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish doimiy e’tiborda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nodavlat tibbiyot tizimini rivojlantirish bilan bir vaqtda shu orqali zarur tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirishdan iborat.

Prezidentimizning 2021 yilning 28 iyulida imzolagan PQ-5199-sonli qarori xususiy tibbiyot muassasalarini qo‘llab-quvvatlashda dasturilamal bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi, urologiya, kardiologiya, travmatologiya va ortopediya, akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatadigan tibbiy xizmatlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berishga ruxsat berilgan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish istagini bildirgan nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun ochiq tanlov e’lon qildi. Ayni vaqtda barcha hududlardagi nodavlat tibbiyot tashkilotlari ushbu tanlovda ishtirok etish uchun tegishli hujjatlarni taqdim etmoqda.
Hozirda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolanishini tashkil etishda “order” tizimiga barham berilib, ochiqlik va shaffoflik ta’minlanmoqda. Yangilik sifatida bemorlarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi joriy etilmoqda. Bunday axborot tizimi orqali bemorlarning kasalligiga muvofiq davolanishni ta’minlaydigan, tibbiy xizmatning qiymati ko‘rsatilgan hamda matritsali shtrix kod (QR-kod)ga ega bo‘lgan yo‘llanma beriladi. Ushbu yo‘llanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantirilib, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida tibbiy xizmatlar olish huquqini beradi. Bemor davolanganidan so‘ng, unga tibbiy xizmat ko‘rsatgan tibbiyot tashkilotiga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga ko‘ra bazaviy narxlar doirasida Davlat budjeti mablag‘laridan to‘lab beradi.

Tasdiqlangan bazaviy narxlar doirasida bemorlarni davolashdagi sarf-xarajatlarni Davlat budjetidan qoplab berilishini bir so‘z (ibora) bilan davlat buyurtmasi deb atash mumkin. Zero, davlat o‘z himoyasiga olgan aholi qatlamini davolash uchun har bir kasallikni davolashga belgilangan qiymatdagi bazaviy narxni tasdiqlab, bemorga davolash maskanini tanlash huquqini bermoqda.
Davlat buyurtmasini bajarishda nodavlat tibbiyot tashkilotlarini teng huquqlarda ishtirok etishi sog‘lom raqobat tamoyillariga tayangan holda yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish orqali mijozlar bazasini kengaytirish, nomi va obro‘sini oshirish hamda daromadini ko‘paytirishga imkon berishi bilan ahamiyatlidir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzishga tavsiya etilgan nodavlat muassasalar soni to‘qsontadan oshdi. Ayni vaqtda ularning o‘ndan ziyodi bilan shartnomalar tuzildi. Qashqadaryo viloyatidagi “Doctor Boboev” klinikasi ular orasida peshqadam bo‘lib, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan va davolanishga yo‘llash axborot tizimida shakllantirilgan yo‘llanma asosida bemorlarni qabul qilgan ilk nodavlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Qisqa davrda uchta bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Kitoblik Sarvigul Hamroyeva ulardan biri.

— Anchadan buyon sog‘lig‘im yomonlashib, buyrak xastaligidan aziyat chekayotgandim, — deydi S.Hamroyeva. — Yo‘llanma bilan xususiy shifoxonada davolanib chiqdim. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgach, o‘zimni juda yaxshi his qilayapman, ahvolim yaxshi. Davolash, dori-darmon, jarrohlik amaliyoti uchun mendan hech kim, hech qanday mablag‘ talab qilmadi. Hamma harajatlarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi budjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berdi. Bu biz uchun juda katta yengillik bo‘ldi. Uyimizga yaqin, barcha qulayliklarga ega xususiy shifoxonada davolanib, vaqtimizni va mablag‘imizni tejadik. Barchasi uchun cheksiz minnatdorman.
Hozirda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar yurtimiz aholisini sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli. Bularning barachasi xalq roziligiga erishish, ularga sifatli va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida qilinmoqda.

Z. Ermatov,
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining ijro etuvchi direktorning birinchi o‘rinbosari