Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Adolatli va shaffoflik tamoyillariga amal qilinadi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Adolatli va shaffoflik tamoyillariga amal qilinadi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Adolatli va shaffoflik tamoyillariga amal qilinadi

Davlat tibbiy sug‘urtasi: Adolatli va shaffoflik tamoyillariga amal qilinadi.
Mamlakatimizda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali tizim yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 28 iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu hujjatga ko‘ra o‘tgan yilning 1 oktabridan Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tizimiga 14 ta tibbiyot muassasi o‘tkazildi. Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Akademik Yo.X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Bolalar milliy tibbiyot markazi shular sirasidan.
Mazkur ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilindi. Uning o‘rniga xalqaro tajriba – moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida bemorlarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi joriy etildi.
Bunda, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga davolanishga yo‘llashda kasallikning og‘irlik darajasiga ko‘ra, axborot tizimi orqali navbatda turishning shaffof mexanizmlari amaliyotga tatbiq etildi. Shu tariqa bemorlarga o‘zlarining so‘rovlari, murojaatlari hamda navbati haqidagi axborotni olish imkoni yaratildi.
Ayni vaqtda esa bemorlarga, ularning kasalligiga muvofiq ixtisoslashtirilgan muassasalarda davolanishlarini ta’minlaydigan yo‘llanmalar berilmoqda. Ushbu yo‘llanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi, bunda bemor davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida tibbiy xizmatlar olishni o‘zi ixtiyoriy tanlay oladi.
Bu jarayonda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bemor Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan tibbiyot muassasasida davolangach, mazkur muassasaga bazaviy narxlar doirasida bemorga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga ko‘ra sarflangan mablag‘ budjet mablag‘lari hisobidan to‘liq to‘lab beriladi.
Tizimda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida 52 ta hududiy tibbiyot muassasasi bilan ham hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Shu tariqa ularda ham moliyalashtirishning yangi mexanizmi yo‘lga qo‘yildi va shu orqali bemorlarning o‘z yashash hududlarida yuqori texnologik tibbiy yordam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bunday imtiyozlardan unumli foydalangan bemorlarning vaqti va mablag‘lari tejalmoqda. Eng muhimi, ular poytaxtga kelib, ovora bo‘lishining oldi olinmoqda.
Eng muhimi, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnomasi mavjud davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan o‘ziga ma’qulini erkin tanlash huquqiga ega. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari ko‘rsatadigan tibbiy xizmatlar uchun qo‘yiladigan talablar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan.
Yaxshi yangiliklardan yana biri sifatida aytish mumkinki, hozirda Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatida joylashgan o‘nga yaqin nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan shartnoma tuzilgan. Kelgusida Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyasiga ko‘ra, boshqa hududlardagi nodavlat tibbiyot muassasalari bilan ham shartnomalar tuzish ko‘zda tutilgan. Bunday muassasalarning imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga ko‘rsatgan yuqori texnologik tibbiy yordami xarajatlarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi qoplab beradi.
Amalga oshirilayotgan ushbu o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek,”… Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir”… Zero, so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar negizida inson salomatligi asosiy o‘rinni egallaydi. Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, yoshlarni oliy tibbiy ta’lim bilan qamrab olish, yosh mutaxassislarga sharoit yaratish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bir so‘z bilan aytganda xalqni rozi qilish islohotlar mazmunining negizidir.

F.Sharipov.
Davlat tibbiy sug‘urtasi
jamg‘armasi ijro etuvchi direktori.