Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Guliston shahrida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi bilan bogʻliq taqdimot oʻtkazildi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Guliston shahrida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi bilan bogʻliq taqdimot oʻtkazildi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Guliston shahrida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi bilan bogʻliq taqdimot oʻtkazildi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sirdaryo viloyat hokimligi va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tashabbusi bilan Guliston shahrida “Tibbiy xizmatlar koʻrsatilishining yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish” mavzusida taqdimot oʻtkazildi.


Kengaytirilgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Li. Toʻychiyev, Sogʻliqni saqlash vaziri B.. Musayev, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ijrochi direktori Fa. Sharipov, Sirdaryo viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilot ekspertlari ishtirok etdi.


Har qanday kasallik qaysidir miqdorda mablagʻ va tibbiy imkoniyat talab qiladi. Tibbiy xizmat narxi oshganda aholining kamxarj qatlamida yuqori malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati boʻlmasligi mumkin. Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasining maqsadlaridan biri ana shu muammoni bartaraf etgan holda, tibbiy xizmatdan foydalanishda barchani teng qamrab olishdir.


Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini taʼminlash, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan.
Ishtirokchilar Sirdaryo viloyati Guliston shahri
4-son oilaviy poliklinikada boʻlib, amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.


Qayd etish kerakki, tibbiy sugʻurta tizimi joriy etilishi avvalida viloyat aholisining elektron reestri shakllantirildi. Bemorning kasalligi, qaysi shifokor qabulida boʻlgani, tashxis va davolanish holati haqidagi maʼlumotlar elektron bazaga kiritildi. Bu esa xastaliklarni erta aniqlash va oldini olish, shifokorlar faoliyatini baholashda qoʻl kelmoqda.


Shu asosda poliklinikaga murojaat qilgan yoki shifoxonaga borgan shaxsga individual maslahat berish, zarurat boʻlsa, nazoratga olish, konsultatsiya va davolashreabilitatsiya jarayoniga jalb qilish amaliyoti olib borilyapti. Viloyatdagi har bir tibbiyot muassasasida “tibbiy brigada”lar shakllantirilib, 852 mingdan ortiq aholi xatlovdan oʻtkazildi.


Ambulator karta elektron shaklga oʻtkazilmoqda. Bu bemor uchun ham shifokor uchun ham ancha qulay. Negaki, bemor haqida elektron bazaga kiritilgan maʼlumotlar tezda topiladi, oldingi tashriflar va tekshiruvlarning yozuvlarini shifokor toʻliq koʻra oladi va buning uchun bir necha daqiqa kifoya. Ambulator kartaning qogʻoz shaklida esa bemorlar roʻyxatga olish, kartalarni qidirib topishni kutishlari va shifokor ham yozuvlarni koʻzdan kechirishi uchun koʻproq vaqt sarflardi.Maqsad kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy yordamning birlamchi boʻgʻinida malakali va sifatli xizmat koʻrsatish, aholining salomatlik darajasi, oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini oshirishdan iborat.Sababi, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari doirasida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga koʻproq eʼtibor berila boshlandi. Ilgari ular roʻyxatga olinib, davolanish buyurilgan va kuzatuvga olingan. Afsuski, hamma bemorlar ham dori-darmonlarni oʻz vaqtida xarid qilib, qabul qilmasdi. Natijada bemorlarda asoratlar paydo boʻldi. Endilikda davlat tibbiy sugʻurtasi joriy etilishi tufayli bemorlarga dori vositalarining bir qismini bepul berilmoqda. Dorixona esa poliklinikaning oʻzida joylashgan.

Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonida Reimbursatsiya tizimi ham amaliyotga joriy etildi. Unga koʻra, bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini olish imkoniyatini yaratilmoqda. Bunda – aholini dori vositalari bilan taʼminlash, alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor buyurgan dori vositalari xarajatlarini maqsadli kompensatsiya qilish koʻzda tutilgan.

Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi matbuot xizmati