Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Inson hayotidan bebaho ne’mat yo‘q

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Inson hayotidan bebaho ne’mat yo‘q
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Inson hayotidan bebaho ne’mat yo‘q

Davlat har bir fuqaroga o‘zi xohlagan klinikada davolanishi, istagan shifokoridan tibbiy maslahat olishi uchun imkoniyat yaratmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18-mart kuni tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib, har bir vazifa bo‘yicha aniq moliyaviy manbalar, yechim va amaliy mexanizmlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ana shu uchrashuvda “Biz xalqimiz salomatligi uchun har qancha mablag‘ va kuch-imkoniyat sarflashga tayyormiz. Shaxsan men uchun xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli. Lekin sohaga ajratilayotgan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanilyaptimi? Meni shu savol ko‘p o‘ylantiradi. Soha rahbarlari har bir so‘mning qadriga yetishi, ularning samarasini odamlarimiz o‘z hayotida his etishi lozim”, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Aslida ham inson qadri va xalq manfaati ulug‘lanadigan yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir islohotda aholi ehtiyojlari hisobga olingan. Asosiy maqsad ham aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini ta’minlash, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan. Inson hayotidan bebaho ne’mat yo‘q. Shu bois, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish Prezidentimizning doimiy diqqat markazidagi masalalardan bo‘lib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aholining budjet mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda sifatli tibbiy yordam olishini kafolatlaydi. Unga ko‘ra, Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi 2021 yil 1 iyuldan tajriba-sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida joriy etildi.

O‘tgan davrda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish borasida bir qator ishlar bajarildi. Avvalo, kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini oshirishga erishildi. Yangi tizimda tibbiy xizmat ko‘rsatishning har bir darajasida davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqildi. Mazkur paketlar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda O‘zbekiston fuqarolariga hamda yurtimizda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etilmoqda.

Oilaviy shifokor har bir muassasa turi bo‘yicha tibbiy xizmat hajmi va klinik protokolga muvofiq, tor soha mutaxassislariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanma beradi. Oilaviy shifokor yo‘llanmasi olinmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pulli asosda ko‘rsatiladi.

Oilaviy shifokor aholining sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni monitoring qilish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yo‘naltirishni yagona elektron platforma orqali bajaradi. Bu esa bemor va tibbiyot xodimlari o‘rtasida yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘plab tushunmovchiliklarning oldini oladi hamda shaffoflikni ta’minlaydi.

Yangi tizimning yana bir ijobiy jihati davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltiradi. Bu bilan davlat har bir fuqaroga o‘zi xohlagan klinikada davolanishi, istagan shifokoridan tibbiy maslahat olishi uchun imkoniyat yaratmoqda. Zero, aholi uchun ishlab chiqilayotgan elektron dasturlar orqali kasallik bo‘yicha qaysi shifo maskaniga murojaat qilish, shifokor qabuliga yozilish, buyurilgan dorilarni topish kabi masalalarga ham oson yechim topiladi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlardan, yaratiladigan qulayliklardan aholi beminnat bahramand bo‘ladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish 2021 yildan Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, uning ikkinchi bosqichi 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida, uchinchi bosqichi esa 2025 yildan yurtimizning barcha hududida joriy etiladi.

Shu bilan mamlakatimizda barcha aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik, adolat va shaffoflik tamoyillari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish imkoniyati yaratiladi.

Bu jarayonda esa davlatimiz rahbarining 2021 yil 28 iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatga asosan o‘tgan yilning 1 oktabridan davlat budjeti mablag‘lari evaziga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tizimiga 14 ta tibbiyot muassasasi o‘tkazilgan bo‘lsa, bularga joriy yilning 1 oktabridan yana 12 ta tibbiyot muassasasi qo‘shildi.

Ushbu muassasalar qatorida Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Akademik Yo.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi va boshqa shifo maskanlari bor. Joriy yildan ular qatoriga Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali klinikasi, Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasi, Orolbo‘yi mintaqasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya va kardioxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kabilar ham qo‘shildi.

Mazkur tibbiyot muassasalarida imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy yordam uchun sarflangan xarajat Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi va bemorlarga tekin tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida bemorlarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimidan foydalaniladi. Shu tariqa bemorlar kasalligiga muvofiq ixtisoslashtirilgan muassasalarda davolanishini ta’minlaydigan yo‘llanma beriladi. Mazkur yo‘llanma axborot tizimida avtomatik shakllantiriladi va davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini beradi. Bemorlarga o‘zining davolanish navbati haqidagi axborotni olish imkoniyati yaratilgan.

Bemor davolanganidan so‘ng Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bemorni davolagan muassasaga bazaviy narxlar doirasida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq sarflangan xarajat to‘lab beriladi.

Bundan tashqari, 52 ta hududiy tibbiyot muassasasi tomonidan bemorlarga o‘z yashash hududida yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yaratildi. Ya’ni ularning Toshkent shahriga kelib ovora bo‘lishiga hojat yo‘q, shu bilan birga, vaqti ham, mablag‘i ham tejaladi.

Eng muhimi, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarini tanlash huquqiga ega bo‘lmoqda. Bunda bemor tibbiyot muassasasini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzganlar orasidan o‘ziga qulayini tanlay oladi.

Joriy yilning o‘tgan davrida Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyasiga asosan Toshkent shahri va viloyatlardagi 28 ta xususiy klinika bilan shartnoma tuzildi. Ana shu shartnomalarga ko‘ra, imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy yordam xarajati davlat budjeti mablag‘i hisobidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab berilmoqda.

Farrux Sharipov,

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi

ijro etuvchi direktori