Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Tibbiy xizmatlar bozoridagi ochiqlik va shaffoflik tibbiy yordam sifatini oshirish, to‘lovlar darajasini kamaytirish imkonini bermoqda

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tibbiy xizmatlar bozoridagi ochiqlik va shaffoflik tibbiy yordam sifatini oshirish, to‘lovlar darajasini kamaytirish imkonini bermoqda
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tibbiy xizmatlar bozoridagi ochiqlik va shaffoflik tibbiy yordam sifatini oshirish, to‘lovlar darajasini kamaytirish imkonini bermoqda

Davlat rahbarining 2020-yil 12-noyabrda «Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, unda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tgan yilning 1-iyulidan sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bilan bog‘liq tajriba-sinov loyiha ishlari Sirdaryoda boshlab yuborilgandi.

Natijada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyatidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat amaliyotchi hamshira (shifokor yordamchisi), 2 ta patronaj hamshira va doyadan tashkil topgan tibbiyot brigadalari ish boshladi.

Eng quvonarli tomoni, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi shakllantirildi hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga kafolatlangan paket asosida tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Qolaversa, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida faoliyat olib borayotgan oilaviy shifokor bemor, uning salomatlik ko‘rsatkichiga qarab tor soha shifokorlariga, zarur hollarda esa shifoxonaga yo‘llanma berish tartibi joriy etildi. Ushbu tartibga rioya etmagan bemorlarga hamda kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatilishi belgilandi.

Aholining sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni monitoring qilish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, retsept yozish va tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish borasida ham muhim qadam tashlanib, bu boradagi ishlar elektron axborot dasturi orqali amalga oshirish ta’minlandi.

Davlat rahbarining qaroriga muvofiq, tajriba-sinov loyihasi doirasida aholi mavjud xavf omillaridan kelib chiqib xavf guruhlariga bo‘lindi. O‘rta va yuqori xavf guruhlaridagi aholi tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilib, salomatligi davriy kuzatuvga, yuqori xavf guruhidagi va tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlar esa doimiy kuzatuvga olindi.

Mazkur bemorlarga uyiga borgan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish tashkil etildi. Profilaktik ko‘riklar o‘rniga, hudud xususiyatlariga ko‘ra, muayyan kasalliklar bo‘yicha maqsadli skrining tekshiruvlar yo‘lga qo‘yilib, patronaj ko‘riklari optimizatsiya qilindi va yangi maqsadli patronaj tizimi joriy etildi.

Bunda eng avvalo, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasi Sirdaryoda tashkil etilayotgan yangi tibbiy profilaktika va patronaj tizimi bilan bog‘liq qisqa muddatli o‘quv kurslari, birlamchi bo‘g‘inda ishlayotgan patronaj hamshiralarni davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishda qo‘l kelmoqda.

Sirdaryoda boshlangan va aprobatsiyadan o‘tkazilayotgan, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bilan bog‘liq tajriba-sinov loyihasi kelayotgan yildan boshlab, respublikaning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy etiladi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali tibbiy xizmatlar xaridi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu esa, davlat budjeti mablag‘larini maqsadli va samarali sarf qilish imkonini beradi. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tibbiyot tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish orqali ular faoliyatini moliyalashtirib boradi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat darajasidagi shifoxonalarga ajratiladigan mablag‘larning 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib belgilanadi. Bu esa, o‘z navbatida shahar va tuman shifoxonalariga yotkizilmagan holda davolanishi mumkin bo‘lgan holatlarni aniqlashda, ularni kunduzgi statsionar, ambulator sharoitda davolash orqali samarasiz xarajatlarni 40 foizga qisqartirish imkonini bersa, davlat tibbiy sug‘urta tizimi bilan bog‘liq ishlarni joriy etilishi natijasida fuqarolar kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy xizmat olish huquqini beradi.

Shu paytgacha sohaga ajratilayotgan mablag‘lar qancha bemor davolanganidan qat’iy nazar, tibbiyot muassasalariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari asosida bu mablag‘lar endilikda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bemorlarni davolanishiga yo‘naltirilmoqda.

Muhimi, ushbu tizim yo‘lga qo‘yilishi natijasida tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda aholining tibbiy yordam uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlari darajasini kamaytirish imkonini beradi.

Yuqorida qayd etilgan ishlardan tashqari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan imtiyozli toifadagi shaxslarga Davlat byudjeti hisobidan ko‘rsatiladigan tibbiy yordam xarajatlari qoplab berilmoqda.

Masalan, Sirdaryo viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, imtiyozli toifadagi shaxsning salomatlik ko‘rsatkichi bilan bog‘liq ma’lumot elektron axborot tizimiga kiritiladi va imtiyoziga ko‘ra, unga ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan tibbiy xizmat turi, ya’ni ko‘z sohasi bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti xarajatlari Jamg‘arma tomonidan tasdiqlangan bazaviy narxlar doirasida qoplab beriladi.

Oldinlari «order» asosida davolangan, yuqori texnologik operatsiyalarga muhtoj bemorning davolanish xarajatlari bemor yaqinlari tomonidan qoplangan bo‘lsa, hozirda mazkur mablag‘lar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim davlatimizning aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari haqidagi qayg‘urishini yaqqol misoli deya olaman.

Dilorom ERGASHЕVA,
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Sirdaryo viloyat hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi