Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Farmatsevtika mahsulotlari hisobi va nazorati axborot tizimi joriy etiladi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Farmatsevtika mahsulotlari hisobi va nazorati axborot tizimi joriy etiladi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Farmatsevtika mahsulotlari hisobi va nazorati axborot tizimi joriy etiladi

“Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–411-son, 26.10.2022 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan tegishli ro‘yxatda belgilangan dorilardan tashqari barcha yangi dori vositalari klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Quyidagilar bekor qilinadi:

🔹retseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxatini Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlash;
🔹dori moddalarini (substansiyalarni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
🔹O‘zbekistondan tashqarida amalga oshirilgan dori vositalarining ro‘yxatdan o‘tkazish natijalarini tan olishda standart namunalarini talab etish.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladigan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bemorlar dori va tibbiy buyumlar bilan shifoxona orqali ta’minlanadi.

Mazkur jarayon dastlab respublika darajasidagi shifoxonalarda 2023-yil davomida tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi.

Shunga ko‘ra, 2022-yil yakunigacha shifoxonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

2023-yil 1-iyuldan referent narxlari qayd etilmagan yoki qayd etilgan narxdan yuqori bo‘lgan dori vositalarini sertifikatlashtirish taqiqlanadi.

2023-yil 1-maydan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan dorilar uchun dorixonalar tomonidan beriladigan xarid chekining fiskal belgisi soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda dorilar narxlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtiriladi.

Dorilarning chakana narxlariga belgilangan ustamalar oshirib qo‘llanilganligi aniqlangan taqdirda, bu haqida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun maxsus vakolat berilgan davlat organiga avtomatik ravishda xabar yuboriladi.

Xarid cheki bo‘yicha narx dorining chakana referent narxidan ortiq deb topilganda, huquqbuzardan jarima undiriladi.

2023-yil 1-martgacha dori vositalarining ishlab chiqarilishidan boshlab ularning iste’moli natijasigacha bo‘lgan jarayonlarni nazarda tutuvchi Farmatsevtika mahsulotlari hisobi va nazorati axborot tizimi joriy etiladi.