Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Imtiyozli toifa: Yoʼllanma bilan kelsa, operatsiya uchun toʼlov qilmaydi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Imtiyozli toifa: Yoʼllanma bilan kelsa, operatsiya uchun toʼlov qilmaydi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Imtiyozli toifa: Yoʼllanma bilan kelsa, operatsiya uchun toʼlov qilmaydi

Rustam Mamajonov uzoq yillardan buyon chanoq-son displaziyasidan aziyat chekadi. Keyingi ikki yil davomida ahvoli ancha ogʼirlashdi, biroq moliyaviy yetishmovchilik sababli, jarrohlik amaliyoti uchun yetarlicha mablagʼ toʼplay olmayotgandi. Shu bois ogʼriqni sekinlashtiradigan, biroq kasalni tuzatmaydigan arzonroq muolajalarni olib yurardi.

Kuni kecha bu bemor oilaviy shifokor yoʼllanmasi asosida Namangan viloyat koʼp tarmoqli tibbiyot markaziga qabul qilindi. Hozirda Rustam akaning ahvoli yaxshi, ogʼriqlar yoʼqolgan. U ham boshqa bemorlar singari Prezidentimiz tomonidan tibbiyot sohasida ilgari surilayotgan islohotlardan minnatdor.

Ushbu Markaz Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi bilan shartnoma asosida hamkorlikni yoʼlga qoʼygan tibbiyot markazlaridan biri hisoblanadi. Shunga koʼra Markazda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarda murakkab yuqori texnologik chanoq-son boʼgʼimi total endoprotezlash amaliyotlari oʼtkazilmoqda.
– Markazimiz barcha zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan, – deydi shifokor Аbdumajid Xayrullaev. – Bu esa yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini Respublika miqyosida oʼtkazish imkonini bermoqda. Bu bilan aholiga bir qator qulayliklar yaratildi. Imtiyozli toifaga mansub bemorlarni davolashga talab etiladigan mablagʼlarni Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi byudjet mablagʼlari hisobidan qoplab bermoqda.

Qayd etish kerakki, 2022 yildan joriy yilning oʼtgan davrigacha boʼlgan muddatda Markaz shifokorlari 56 nafar bemorda murakkab yuqori texnologik chanoq-son boʼgʼimi total endoprotezlash amaliyoti oʼtkazdi. Ushbu amaliyotga ketgan barcha xarajatlarni Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi byudjeti mablagʼlari xisobidan qoplab berdi.
–Tizza sohasidagi ikkita jarrohlik amaliyoti uchun Toshkentdagi shifoxonaga borgan edik, – deydi bemor Mavludaxon Nosirova. –Navbatdagi jarrohlik amaliyoti oʼzimizda Namangan KTTMda boʼlishini aytishdi. Yoʼllanma bilan kelib joylashdik, ertaga operatsiya boʼlar ekan. Unga hech qanday toʼlov qilmas ekanmiz, biz uchun davlat toʼlab berar ekan. Buning uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman.

Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi Matbuot xizmati.