Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Urologiya markazida yuzlab bemorlar davolanib, eson-omon uylariga qaytishmoqda

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Urologiya markazida yuzlab bemorlar davolanib, eson-omon uylariga qaytishmoqda
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Urologiya markazida yuzlab bemorlar davolanib, eson-omon uylariga qaytishmoqda

Respublika darajasida oʼtkaziladigan baʼzi murakkab operatsiyalar hududlarda tashkil etilayotganligi bugun yuzlab fuqarolarning ogʼirini yengil, uzogʼini yaqin qilmoqda.
Аnʼanaga aylanib ulgurgan navbatdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Fargʼona filialida oʼtkazildi. Operatsiyalar poytaxtdan kelgan mutaxassis – Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor oʼrinbosari Ilxom Salimov rahbarligida mahalliy shifokorlar ishtirokida tashkil etildi.

—  Bu tadbirdan koʼzlangan maqsad avvalo bemorlarga joylarda malakali urologik yordam koʼrsatish, hududdagi dolzarb, muammoli kasalliklarni aniqlash va oldini olish boʼyicha choralarni ishlab chiqishdir, — deydi tibbiyot fanlari doktori Furqat Nosirov. — Tadbir doirasida hududdagi shifokorlar bilan birgalikda yuqori va pastki siydik yoʼllari kasalliklarida zamonaviy rekonstruktiv kabi    plastik operatsiyalar oʼtkazildi.

Shifokor Ilxom Salimovning taʼkidlashicha, mamlakatimizda aholi oʼrtasida tibbiy madaniyatni shakllantirish, kasallikni davolagandan koʼra, oldini olgan afzal, degan ibora bugun tizimda asosiy tamoyil sifatida qaralmoqda. Masalan, 50 yoshdan oshgan erkaklar kamida bir yilda bir marta maxsus tibbiy koʼrikdan oʼtishi prostata bezi saratoni kasalliklarining erta aniqlanishiga sabab boʼladi. Shuningdek, prostata spetsifik antigen qon plazma tekshiruvi, siydik oqimi tezligi va qoldiq siydik miqdorini aniqlash, birlamchi UTT tekshiruvlaridan oʼtish hamda siydik tahlilini topshirishni tavsiya bermoqda.

Sogʼlom turmush tarziga rioya qilishning 6 ta usuli:

1.  Toʼgʼri ovqatlanish (dietolog maslahati doirasida)
2.  Sport bilan muntazam shugʼullanish
3.  Faol jinsiy hayot
4.  Qabziyatni oldini olish
5.  Zararli odatlardan voz kechish
6.  Gigienaga rioya qilish.

Viloyatda yil boshidan beri, Davlat tibbiy sugʼurta jamgʼarmasi hamkorligida 107 nafar bemor mazkur shifoxonada davolangan va bunga 300 mln soʼm sarflangan. Natijada, qancha-qancha oilalarning ota-onalari, farzandlari, jigarbandlari eson-omon uylariga qaytishmoqda.


Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Matbuot xizmati