Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Kafolatlangan paket oldingizmi?

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Kafolatlangan paket oldingizmi?
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Kafolatlangan paket oldingizmi?

Yangi tizim


Yaqinda mahallamiz patronaj hamshirasi xonadonimizda ro‘yxatda turuvchi oila a’zolarining pasport nusxalarini so‘rab qoldi. Nimaga kerak desam, davlat tibbiy  sug‘urtasi uchun ro‘yxat shakllantirilayotganini, agar ro‘yxatdan qolib ketsak, kelgusida pullik xizmat ko‘rsatilishini aytdi. Hayron bo‘lib, yangi tizim bilan qiziqdim.

Xo‘sh, davlat tibbiy sug‘urtasi nima? Unga ro‘yxatga kiritilganlar qanday imtiyozlarga ega bo‘lishadi? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida Davlat tibbiy  sug‘urtasi jamg‘armasi viloyat  bosh mutaxassisi  Olimjon Isakov  bilan bog‘landik.

Olimjon aka, davlat tibbiy sug‘urtasi va uning oddiy sug‘urtadan qanday farqi borligini tushuntirib bersangiz?
Yurtimizda inson salomatligi va uning turmush farovonligiga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, shifo maskanlarida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati oshib, davolanuvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Fuqarolarni davlat tomonidan tibbiy sug‘urtalash masalasi Prezidentimizning 2020-yil 12- noyabrda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida o‘z aksini topdi. Unga ko‘ra, Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi esa sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash, davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida aholiga sifatli va zarur tibbiy yordam ko‘rsatish etib belgilandi. Ushbu yangicha tizim orqali, kasalliklarni erta aniqlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini yanada oshirishga erishiladi.
Sir emas, sug‘urtani ko‘pchilik majburiy, foydasiz narsa, deb tushunadi. Sababi, ko‘p hollarda odamlar majburan sug‘urta kompaniyalariga tegishli miqdorda mablag‘ to‘lab, sug‘urta polislari sotib oladi. Unda ko‘rsatiladigan xizmatlar aks etgan bo‘ladi. Oddiy qilib aytsak, “Sug‘urta ma’lum bir mablag‘ evaziga seni saqlaymiz, kafolatlangan xizmat ko‘rsatamiz”, degan ma’noda tushuniladi.

Endilikda esa davlat hisobidan har bir fuqaroning salomatligi sug‘urta qilinmoqda. Farqi: bunda aholi pul to‘lamaydi. Davlat har bir bosqichda avvalgi kabi tibbiy xizmatni bepul kafolatlaydi. Shundan sug‘urta ma’nosi kelib chiqmoqda. Bizning vazifamiz esa davlatning puli evaziga aholining sog‘lig‘ini saqlash. Davlat aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatni kafolatlayapti. Aslida avval ham davlat tibbiyoti bepul deganimiz bilan u tekin bo‘lmagan. Buning uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilgan.

– Unda nima o‘zgaradi?
Deyarli hech narsa, faqat murojaat tartibi o‘zgaradi. Avvallari bemor tor doira shifokoriga murojaat qilgan bo‘lsa, endi har bir fuqaro o‘z hududidagi oilaviy shifoxonaga biriktiriladi. Oilaviy shifoxona eshigidan kirishi bilan uni ro‘yxatga olish, shifokorga uchrashi, tahlillardan o‘tishi va h.k. barchasi nazoratga olinadi. Kafolatlangan xizmatlar tekin bo‘ladi. Biroq, uning tekinligini ta’minlashning shartlari, standartlari, hajmi bor.
Jumladan, aholi oilaviy shifoxonaga bir necha sabablarga ko‘ra kelishi mumkin – profilaktika uchun, nimadir bezovta qilsa yoki hamshira emlashga chaqirganda. Agar fuqaro eshikdan kirib boshim og‘ridi, desa shifokor uning qon bosimini o‘lchaydi, qonini tahlil qilish, qand miqdorini aniqlash uchun laboratoriyaga yuboradi. Shunda ham oilaviy shifokor tashxis qo‘yishga ikkilansa, bemorni tor soha mutaxassisi, misol uchun, kardiologga yo‘llanma yozib, ko‘p tarmoqli shifoxonaga yuboradi. Shu tariqa tashxis qo‘yiladi va kerakli dorilar yozib beriladi. Jarrohlik amaliyoti kerak bo‘lsa, xizmatlar doirasi yanada kengayib boraveradi, shu tariqa har bir muassasada tibbiy xizmatlar ro‘yxati shakllantiriladi. Zarur hollarda viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar beriladi. Bir jihatni ta’kidlash kerak, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi.

– Kafolatlangan paket egasi qanday huquqlarga ega bo‘ladi?
– Avvalo, har bir tibbiyot muassasasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi. Paketlar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda O‘zbekiston fuqarolari, yurtimizda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etiladi. Bunda eng katta o‘zgarish – fuqaro paket doirasida tekshiruvlardan o‘tadi, shifokor tavsiyasi, yo‘llanma va barcha amaliyot elektron ravishda amalga oshiriladi.
Endilikda bemor tekshiruv va tahlillar natijasini bilish uchun shifoxonaga kelishi shart bo‘lmaydi, natijalarga qarab, oilaviy shifokor statsionar davolanish uchun qachon, qaerga borishi ko‘rsatilgan yo‘llanmani bemorning mobil raqamiga SMS qilib yuboradi. Ya’ni, oilaviy shifokorlar aholining sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni monitoring qilish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yo‘naltirishni yagona elektron platforma orqali bajaradi. Bu esa bemor va tibbiyot xodimlari o‘rtasida yuz berishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarning oldini oladi. Negaki, har bir fuqaroning o‘z raqami bo‘ladi. Shu maqsadda ko‘chalar, mahallalar, uylar kodlashtirilmoqda. Shunda fuqaro hududning qaerida bo‘lsa ham paket doirasida tibbiy xizmat olishga haqli bo‘ladi. Paketlar hammaga teng bo‘lib, muddati chegaralanmagan.


Bunda birlamchi tibbiy yordam shifokorlarining qabuli, ixtisoslashgan mutaxassislar bilan maslahatlashish (agar oilaviy shifokorning tavsiyalari bo‘lsa), test va diagnostika tekshiruvlari (bu ham oilaviy shifokorning yo‘llanmasi bilan), tibbiy ko‘rikdan o‘tish, skrining tekshiruvlari, emlash (milliy emlash taqvimiga muvofiq), tez yordam chaqirish, biriktirilgan poliklinikadan uyga oilaviy shifokorni chaqirish, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ta’minlash kabi yana bir qator imtiyozlar mavjud.
Shuningdek, tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishidan oldin,  aholi soni va ularning kasalliklarining xavf guruhlari aniqlab olinadi. Ular sog‘lom, kasal, surunkali kasal va nogironlar yoki yotib qolganlar kabi guruhlarga bo‘linadi. Guruhlar bazasi shakllantirilgandan keyin kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lomlashtirish, ularga o‘z vaqtida muntazam yordam ko‘rsatish borasidagi chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Aslida ham oilaviy shifoxonada profilaktika tadbirlari o‘z vaqtida olib borilsa, odamlar ambulatoriya sharoitda davolanib, statsionarga ehtiyoj qolmaydi. Hozirda fuqarolar qanday holatda, qaysi kasalliklar bo‘yicha murojaat qiladi, zarur dorilar ro‘yxati borasidagi talablar o‘rganilmoqda.
Darvoqe, kelgusida kafolatlangan paket asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinishi mumkin. Bunda ajratilgan budjet mablag‘larining samaradorligi va natijadorligi Jamg‘arma tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi.

Viloyatimizda bu jarayon qanday kechmoqda?
Barcha shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida DTSJsi mexanizmlarini joriy etish, “Davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi”,  “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida faoliyat yuritayotgan “tibbiyot brigadalar”i faoliyatini yanada takomillashtirish choralari”, “Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida shifokor oldi ko‘rigi xonalarini tashkil qilish”, “Bemorlarni tor mutaxassis va shifoxonalarga yo‘llash tartibini joriy etish”, “Reimbursatsiya, ya’ni aholini ambulatoriya sharoitida bepul dori vositalari bilan ta’minlash” mavzularida seminarlar o‘tkazildi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy sug‘urta mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida hududlarda mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va tibbiyot xodimlari bilan targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Bugungi kungacha,  viloyatdagi 22 ta shahar va tumandan 16 tasida aholini tibbiy axborot tizimi orqali oilaviy shifokorlarga biriktirish (mis.ssv.uz tizimiga kiritish) bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

“Toshkent haqiqati” muxbiri

Nozima RASULOVA suhbatlashdi.