Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Barcha islohotlar inson qadi uchun

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Barcha islohotlar inson qadi uchun
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Barcha islohotlar inson qadi uchun

Mamlakatimizda  olib borilayotgan oqilona siyosat va tibbiyot sohasidagi islohotlar yurtdoshlarimizning turmush farovonligini oshirish va salomatligini saqlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega. Davlat  tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etishdan ko‘zlangan maqsad ham aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning sifat va samaradorligini oshirishdan iborat.
Davlat tibbiy sug‘urtasi amaliyotga joriy etilar ekan, tizimdagi samarasiz xarajatlar ulushi bosqichma – bosqich qisqartiriladi, tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligi oshadi. Yanada e’tiborli jihati aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmi bepul ko‘rsatiladi va bunga xususiy tibbiyot tashkilotlari ham jalb etiladi.
Xalqaro tajribadan ma’lumki, kasalliklarning qariyb 80 foizini birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida erta bosqichlarda aniqlash va davolash mumkin. Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida ham birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish orqali kasalliklarni erta aniqlash, to‘g‘ri tashxislash hamda  sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda. Eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika va patronaj tizimining mutlaqo yangicha shakli yaratilmoqda.
So‘nggi yillardagi o‘zgarishlarga nazar soladigan bo‘lsak, mamlakatimiz tibbiyotida katta o‘zgarishlar davri boshlanganini kuzatish mumkin. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrda qabul qilingan  PQ-4890 – qaroriga ko‘ra Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida davlat tibbiy sug‘urta tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish ishlari  boshlangan edi.
O‘tgan yillarda bir qator natijalarga erishildi. Misol uchun, viloyatdagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida  412 ta tibbiy brigada tashkil qilindi. Har bir tibbiy brigada 1 nafar oilaviy shifokor, 1 nafar amaliyotchi hamshira, 2 nafar  patronaj hamshira va  doyadan iborat bo‘lib, ularning har biriga 2000 nafardan aholi biriktirildi. Shifokorlik   punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionarlar soni 379 tadan 493 taga ko‘payib, davolanganlar soni 76,4 foizga oshdi.

Shifokor oldi ko‘rigi xonalari tashkil etilib, amaliyotchi hamshiralar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Amaliyot hamshiralar tomonidan mustaqil qabul va skrining tekshiruvlari o‘tkazilishi natijasida oilaviy shifokorning yuklamasini 30-40 foizga kamaytirishga erishildi. Endi oilaviy shifokor axloqiy me’yorlarga va shaxsga doir ma’lumotlarni sir saqlanishiga  erishib, har bir bemor bilan yuzma-yuz suhbatda bo‘lib, kasallik sabablarini tub mohiyatini aniqlashi mumkin. Negaki, oilaviy shifokor ishining asosida bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘yish, kasallikning kelib chiqish sabablarini topish yotadi. Endi bu vazifani uddalash uchun yana kengroq imkoniyat ya’ni qo‘shimcha vaqt berilmoqda. Misol uchun, Sirdaryo viloyatining tuman va shahar shifoxonalariga oilaviy shifokor yo‘llanmasi bilan murojaat qilish  85,5 foizga oshdi. Natijada, tor soha mutaxassislariga murojaatlar 8 foizga   kamaydi. Shifoxonalarga bemorlarni asossiz yotqizish ko‘rsatkichi 45 foizdan 20 foizgacha kamaydi.

Patronaj hamshiralar qisqa o‘quv kurslarida qayta o‘qitildi. Ular homilador, tug‘ruqdan keyingi davr hamda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni o‘z vaqtida sifatli patronajini amalga oshirish, xavf omillarini aniqlash, aniqlangan muammolarni hamkorlikda hal qilish borasidagi ko‘nikmalarni egalladi. 5 yoshgacha bolalarni o‘z vaqtida patronaj qilish, shifokor oldi ko‘rik xonalarida o‘sish va rivojlanishi bo‘yicha skrining tekshiruvlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Skrining natijalari asosida bolaga o‘z vaqtida aniqlangan kasalliklarni samarali davolash bo‘yicha  davo muolajalari  berish amalga oshirilmoqda.
Hozirda viloyat aholisi elektron dastur orqali oilaviy shifokorlarga biriktirilib, elektron ma’lumotlar bazasi yaratildi. 40 va undan katta yoshdagi aholi  skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilib, xavf omillari aniqlandi. Bemorlarga bu borada zaruriy tavsiya va maslahatlar berilib, nazoratga olindi. Agarda ushbu skrining tekshiruvlar bo‘lmaganda ko‘pchilik salomatligida uchrayotgan xavf omillaridan bexabar bo‘lib, kasallik kuchaygan yoki og‘ir oqibatlarga olib kelganda shifokorga murojaat qilishi mumkin edi. Shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida profilaktika maktablari va sog‘lom turmush tarzi xonalari tashkil qilindi. Profilaktika maktablarida surunkali kasalligi bo‘lgan bemorlar bilan mashg‘ulotlar o‘tish, ularni qiziqtirgan savollariga javob berish, kasallik asoratlarini kamaytirishda turmush tarzi va ovqatlanishning ahamiyati to‘g‘risida maslahatlar berilmoqda.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida xizmatlar sifatini yaxshilashda raqamlashtirish, bemorlarni ro‘yxatga olish, elektron tibbiy karta yuritish, shifokor qabuliga onlayn  yozilish, elektron retsept  yozishda  kabi omillar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, oilaviy shifokor yo‘llanmasi asosida bemorlarga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi joriy qilindi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda surunkali kasalliklar bo‘yicha dispanser nazoratidagi bemorlarga elektron retsept asosida dorixonadan 11 turdagi dori vositalarini bepul berib  ambulator davolash “reimbursatsiya” tizimi joriy etilmoqda. Bunda, asosan,  (yurak ishemik kasalligi,  yuqori qon bosimi, qandli diabet II turi, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi)  bo‘lgan fuqarolar shifokor yozadigan elektron retsept asosida uzoqqa bormasdan dorilarini poliklinikaning o‘zida yoki unga yaqin joylashgan dorixonadan olishi mumkin.

Reimbursatsiya – inglizcha so‘z bo‘lib, “xarajatlarni qoplash” ma’nosini anglatadi – bu aholini dori vositalari bilan ta’minlash hisoblanib, alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor tomonidan buyurilgan dori vositalari xarajatlarini maqsadli kompensatsiya qilishni nazarda tutadi. Negaki, davolash standartlariga ko‘ra dori vositalarini qabul qilish har qanday kasallikni davolashning ajralmas qismi, biroq surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda uzluksiz davolash tizimi mukammal emas.
Shu bois aholini zarur dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida Reimbursatsiya dasturi amaliyotga joriy etildi. Mazkur dastur bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini bepul olish imkonini beradi.   Xarajatlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Jamg‘arma orqali qoplab beriladi.
Amalga oshirilgan bu kabi ishlar yurtimizning boshqa hududlariga ham bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bunda esa birlamchi bo‘g‘inni samarali faoliyatini tashkillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Birlamchi bo‘g‘inda tibbiy sug‘urta tizimining yo‘lga qo‘yilishi sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushi oshishiga, aholining ijtimoiy zaif toifasini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga, aholining tibbiy yordam uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Farruh Sharipov
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasini Ijro etuvchi direktori