Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sugʼurtasi bemor uchun imkoniyat

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʼurtasi bemor uchun imkoniyat
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʼurtasi bemor uchun imkoniyat

Xalqaro Qandli diabet federatsiyasining xabariga koʼra, dunyoda taxminan 463 million nafar inson diabet kasalliga chalingan. Biroq, ularning koʼpchiligi bu kasallikka chalinganligi haqida xabardor emas.

Sanjarbek oʼrtoqlari bilan oʼynab yurgandi, “Uylaring yonayapti, tez yugur” deya qichqirdi ulardan biri. Sanjar uylari tomonga qaraganda oʼziga yaqinlashib kelayotgan alangani koʼrdi. Tez orada oʼt oʼchirish mashinalari yetib keldi, yigʼilgan odamlar ularga koʼmaklashdi. Olov oʼchirildi.

Boshpanasiz qolgan oila mahalladoshlari yordamida uch oy deganda kichik uy qurishiga muvaffaq boʼlishdi. Sanjarning onasini eʼtiborini 13 yoshli oʼgʼli chanqashdan shikoyat qilishi va tunlari hojatga tez-tez qatnashi tortdi. Uyi yonib, har narsadan havfsirayotgan ota-ona taxminlarga tayanib, Sanjarni shifokorga olib borishdi. Sanjarni qandli diabetga chalingani aniqlandi. Sababi kuchli qoʼrquv ekan.

Mana uch yildirki Sanjarbek shifokorlar nazoratida. Har uch oyda Surxondaryo viloyatidagi kasalxonada davolanib turadi. Kasalligi boʼyicha yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun bu safar Аkademik Yo.Toʼraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga elektron yoʼllanma asosida keldi.

– Elektron yoʼllanma asosida davolanganda sarflangan xarajatlarni Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi toʼlab berishini aytishdi,– deydi Sanjarbek Begmamatov sogʼligʼi yaxshilanayotganidan xursand boʼlib.– barcha muolajalarni oʼz vaqtida qilib, dorilar bilan taʼminlashmoqda. Hozir oʼzimni ancha yaxshi his qilayapman. Uyga qaytib, kasb-hunar kollejining mexanika yoʼnalishidagi tahsilni davom ettiraman. Kelgusida yurtimiz ravnaqiga hissa qoʼshish niyatim bor.

Buxorolik Mohinur Ahatovada yod yetishmovchiligi aniqlanganda 27 yoshda edi. Tez-tez bosh aylanishi, tez asabiylashish kuzatilib, tomogʼida shish paydo boʼlganda ham sogʼligʼiga jiddiy eʼtibor qaratmadi. Bu holatlarni oddiy hol sifatida qabul qildi. 2022 yilda oilaviy shifokor koʼrsatmasi bilan tekshiruvlardan oʼtganda, qalqonsimon bezning xavfli oʼsmasi aniqlandi.

–Zahar tanamga tarqab ketmasligi uchun oʼsmani tezroq olib tashlash kerak edi, –deydi Mohinur.–Surishtirsak, bunday amaliyot uchun 10 million soʼm kerak ekan. Pul topish biroz muammo boʼldi va dori ichib turadigan boʼldim. Uch oydan keyin koʼrikka kelsam, ahvolim yomonlashibdi. Pul muammo boʼlayotganini aytganimda elektron yoʼllanma tizimi va bunda sarf-xarajatlarni Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi tomonidan qoplanashi haqida tushuntirishdi. May oyida bepul operatsiya qilindim. Bu mablagʼni davlat tomonidan toʼlab berilishi oilamiz uchun ancha yordam boʼldi. Endokrinologiya markaziga davolanish uchun uch kun oldin kelgandim. Negaki, har uch oyda shifokor koʼrigiga kelib turishim kerak. Bu safar ham yoʼllanma bilan keldim. Bizga yaratilgan imkoniyatlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman.

Bugungi kunda yana bir bor hayotga qaytgan yurtdoshlarimiz va ularning yaqinlarining bu kabi dil soʼzlarini juda koʼp keltirish mumkin. Bunday hayrli ishlarga Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi “Sogʼliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʼrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori dasturilamal boʼlmoqda.

Unga muvofiq imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi asosida hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʼllash tartibi joriy etilgan. Bunda, Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi koʼrsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini standartlar asosida baholash, ajratilgan mablagʼlar samaradorligini nazorat qiladi. Hozirda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni yoʼllanma asosida davolashga bir qator ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari bilan shartnoma tuzilgan. Jumladan, joriy yilda 14 ta Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta respublika darajasidagi, 41 ta hududiy tibbiyot muassasalari va 24 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan shartnomalar imzolangan.

–Poytaxtimiz. Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlardan bemorlar kelmoqda, – deydi Аkademik Yo. Toʼraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi radiolog shifokori Doniyor Nurmuhammedov. – Endokrin tizimi kasalligi oshqozon osti bezini insulin ishlab chiqarish faoliyati buzilishi oqibatida yuzaga keladi. Shu bois markazning Radiologiya boʼlimida radioterapiya muolajasi “Natriy yod – 131” kimyoviy birikmasi bilan nur diagnostikasi va nur tashxisi oʼtkaziladi. Bu usul Markaziy Osiyoda faqat bizning markazimizda qoʼllaniladi. Imtiyozli toifadagi bemorlarga sarflanayotgan xarajatlarni byudjet mablagʼlari hisobidan Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi qoplab bermoqda.

Markazda joriy yilning oʼtgan davrida qariyb 460 nafar bemor davolangan boʼlib, buning uchun Jamgʼarma tomonidan 2,5 milliard soʼm toʼlab berildi.

Koʼpchilik uchun bu raqamlar oddiy statistik maʼlumot boʼlib tuyuladi, biroq, ularning ortida qanchadan-qancha taqdirlar yashirin. Ota-onalar, farzandlar quvonchi, oilalar shodligi aks etgan. Kechagina jarrohlik amaliyoti oʼtkazilib, bugun yurishga kuch topgan Shuhrat akaning koʼzlarida cheksiz quvonch charaqlaydi, bu yashashga boʼlgan intilish, koʼrsatilgan koʼmakdan minnatdorlik tuygʼusidir.

– Elektron yoʼllanma bilan davolanishga bir kunda joylashdik, mana shunday tezkor ishlayotgan mutaxassislarga besh baho, yoʼq undan ham baho. –deydi xushchaqchaqlik bilan 62 yoshli bemor Shuhrat Shermatov. – Аvvallari ancha ovora boʼlardik, davolanish uchun hujjatlarni toʼplab kelguncha oylar oʼtib ketardi. Аsablar dosh bermay, pullik xizmatdan foydalangan vaqtlarimiz ham boʼlgan. Yigirma yildan buyon roʼyxatda tursam, bu yildagi kabi osongina shifoxonaga joylashmagandim. Kuni kecha chap oyogʼimni bosh barmogʼini davolash uchun jarrohlik amaliyoti oʼtkazildi. Buning xarajatlarini Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi toʼlab berar ekan. Yoʼllanma tizimini yoʼlga qoʼyib, davolanishimizni oson va bepul qilib qoʼygan Prezidentga rahmat.

Аvvalgi “order” tizimida bemorlar davolanishga navbati kelishini oylab va yillab kutgan boʼlsa, hozirda elektron yoʼllanma tizimida qisqa muddatda davolanishga kelmoqda, zarur hollarda jarrohlik amaliyoti oʼtkazilmoqda.

Biz tilga olgan insonlarning har biri xastalikni yengish uchun turli koʼrinishdagi davolash muolajalarini boshidan oʼtkazdi. Ilgari bu amaliyotlar bemorlarning oʼz hisobidan amalga oshirilgan boʼlsa, endi toʼliq Jamgʼarma bilan shartnoma tuzgan tibbiyot tashkilotlariga har bir bemorning davolanish xarajatlari byudjet mablagʼlari hisobidan qoplab berilmoqda. Natijada imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga qulaylik va keng imkoniyatlar yaratildi.

Davlat tibbiy sug’urtasi
jamg’armasi Matbuot xizmati