Xalqaro tajribaga asoslangan bir qator dasturlar sog’liqni saqlash tizimining birlamchi bo’g’in muassasalarida amalga oshirilmoqda. Xususan, aholiga kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy yordam va dori-darmonlar bilan ta’minlash choralari ko’rilmoqda. Shuningdek, surunkali kasalliklarni davolash uchun zarur bo’lgan ba’zi dorilarni ambulator sharoitda bepul ta’minlash dasturi ishlab chiqildi.
Ushbu dastur «reimbursatsiya» deb ataladi. «Reimbursement» so’zi ingliz tilidan olingan bo’lib, «xarajatlarni qoplash» degan ma’noni anglatadi va surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor tomonidan yozilgan dorilar xarajatlarini manzilli qoplashga tegishli.
Tibbiy yordam standarti bo’yicha dorilarni qabul qilish har qanday kasallikni davolashning ajralmas qismi hisoblanadi, biroq surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda uzluksiz davolash tizimi mukammal emas. Shu sababli aholining zarur dori vositalariga kirish imkoniyatini oshirish maqsadida reimbursatsiya dasturini amalga oshirish zarurati tug’ildi.
Xarajatlarni qoplash dasturi bemorga oilaviy shifokor tomonidan yozilgan elektron retsept asosida dorilarni dorixonalar orqali bepul olish imkonini beradi. Sirdaryo viloyatida o’tkazilayotgan tajriba doirasida ambulator sharoitda arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, 2-toifa qandli diabet, bronxial astma va surunkali obstruktiv o’pka kasalliklarini davolash uchun 11 turdagi dori vositalari reimbursatsiyaga kiritilgan.