Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiya kuni bayramiga bagʼishlangan onlayn seminar uchun moʼljallangan maʼruza matni

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiya kuni bayramiga bagʼishlangan onlayn seminar uchun moʼljallangan maʼruza matni
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiya kuni bayramiga bagʼishlangan onlayn seminar uchun moʼljallangan maʼruza matni

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 16.11.2023 yildagi “Oʼzbekiston Respblikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish toʼgʼrisida”gi F-72-sonli farmoyishiga koʼra, joylarda Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida “yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yoʼnalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar, soʼnggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼnaviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning oʼrni va rolini yoritish” mavzusida davra suhbatlari oʼtkazish belgilandi.
Ruxsatinglar bilan, men Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi va uning ahamiyati toʼgʼrisida qisqacha maʼlumot berib oʼtaman.
Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning oʼzaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning oʼzaro munosabatlarini belgilab beradi.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrь kuni XII-chaqiriq Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning XI-sessiyasida qabul qilingan.
2023 yil 30 aprelь kuni “Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi referendumini oʼtkazilib, referendum yakunlariga koʼra ovoz beruvchilarning 90 foizidan ortiq qismi tomonidan konstitutsiyaviy qonun loyihasi maʼqullangan.
Yangi tahrirdagi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023 yil 1 maydan eʼtiboran kuchga kirdi.
Bunga qadar 1992 yildan buyon konstititutsiyaga jami 15 marta oʼzgartish kiritilgan edi. Bu safar esa oʼzgarishlar koʼlami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, rasmiy maʼlumotlarga koʼra, konstitutsiya 65 foizga yangilangan.
Hozir men Sizlarga Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan qoʼshimcha va oʼzgartirish toʼgʼrisida qisqacha maʼlumot berib oʼtaman.
1. Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “Oʼzbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi quyidagicha oʼzgartiridi:
• Oʼzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʼlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Boshqaruvning respublika shakli – davlat hokimiyatining oliy organlari xalq tomonidan muayyan muddatga saylanishini anglatadi.
Suveren davlat – oʼz hududida toʼla-toʼkis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiktsiyaga ega boʼlish demakdir.
Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va oʼz vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki taʼminlanishini koʼzda tutadi.
Huquqiy davlatda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi, davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy koʼz bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng boʼladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga boʼysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini taʼminlaydi.
Oʼzbekiston oʼzini ijtimoiy davlat deb eʼlon qilishi bilan, har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olmoqda. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yoʼl qoʼymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli taʼlim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qoʼllovga muhtoj fuqarolarni qoʼllab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiyroq aytganda, eng kambagʼal oilaning bolalarida ham sogʼ-salomat oʼsib-ulgʼayib, yaxshi taʼlim olib, farovonlikka erishish imkoniyati boʼlishi kerak.
Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratilgan boʼladi. Davlat diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar barchaga bir xil munosabatda boʼladi, dinga oid masalalarda neytral pozitsiyani egallaydi.
Boshqacha aytganda, bu norma – Oʼzbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, monarxiyaga yoki islomiy respublikaga aylanmasligini nazarda tutadi.
2. Konstitutsiya toʼgʼridan toʼgʼri amal qiladi
15-moddaga quyidagicha qoʼshimcha qoʼshildi:
• Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʼgʼridan toʼgʼri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
Konstitutsiyaning toʼgʼridan toʼgʼri amal qilishi fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita konstitutsiyadagi normalarga ham asoslangan holda ish olib borishga, xususan sudga murojaat qilishga imkon beradi.
3. Imtiyozlar qonunda yozib qoʼyilishi shart emas
Yangi konstitutsiyaning 19-moddasi (avvalgi 18-modda) – fuqarolarning jinsi, millati, mavqeyi va hokazolardan qatʼi nazar qonun oldida tengligi haqida. Bu moddaning 2-qismi quyidagicha oʼzgartirildi:
• Eski: Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qoʼyiladi hamda ijtimoiy adolat printsiplariga mos boʼlishi shart.
• Yangi: Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat printsiplariga mos boʼlishi shart.
Bu bilan konstitutsiyaning amalda ishlamay kelgan normalaridan biri real voqelikka moslashtirilmoqda. Аmaliyot shundayki, turli jabhalardagi imtiyoz va preferentsiyalar nafaqat qonunlar asosida, balki koʼp holatlarda qonunosti hujjatlar – qaror va farmonlar asosida berib kelinyapti.
4. Barcha noaniqliklar – inson foydasiga
Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan:
• Inson bilan davlat organlarining oʼzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
Ijtimoiy munosabatlar cheksiz shakllarga ega, ularni normativ-huquqiy hujjatlarda toʼliq kodifikatsiya qilib chiqish amalda imkonsiz.
Endilikda, qonunchilikda aniq belgilab qoʼyilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.
Bundan tashqari, turli hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik oʼtgan taqdirda, masalan pensiya tayinlashda tegishli hujjatlar bazadan topilmay, noaniqlik yuzaga kelganida ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak.
5. Inson huquqlari ijtimoiy axloq va jamoat tartibini saqlash maqsadida cheklanishi mumkin
Huquq va erkinliklarning cheklanishi masalasi avvalgi konstitutsiyada quyidagi ikkita norma bilan tartibga solingan edi:
• Insonning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʼyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʼyishga hech kim haqli emas.
• Fuqarolar oʼz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
Konstitutsiyaning yangi tahririda yuqoridagi ikkita norma deyarli oʼzgarishsiz saqlab qolindi. Shu bilan birga, quyidagicha yangi norma qoʼshildi:
• Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʼligʼini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur boʼlgan doirada cheklanishi mumkin.
Huquqlar cheklanishiga doir bu meʼyorlar, yangi konstitutsiyaning boshqa bir moddasiga asosan, soʼz erkinligi huquqiga ham tegishli. Yaʼni axborot izlash, olish va tarqatish huquqi faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholi sogʼligʼini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va tartibini taʼminlash, davlat sirlari yoki qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirning oshkor etilishiga yoʼl qoʼymaslik maqsadida cheklanishi mumkin.
Shu oʼrinda, namoyishlarga oid moddani ham eslatib oʼtish oʼrinli. Bu modda avvalgi holida, oʼzgarishlarsiz saqlab qolindi:
• Fuqarolar oʼz ijtimoiy faolliklarini Oʼzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yigʼilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga ega. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar oʼtkazilishini toʼxtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.
6. Oʼqituvchilar alohida eʼtirofda
Konstitutsiyaga oʼqituvchilar haqida modda qoʼshildi. U ikki banddan iborat:
• Oʼzbekiston Respublikasida oʼqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʼlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.
• Davlat oʼqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʼsishi toʼgʼrisida gʼamxoʼrlik qiladi.
Shu tariqa, ustozlar huquq sohasi vakili boʼlmagan, lekin oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi. Konstitutsiyada nomi keltirilgan oʼqituvchilardan boshqa kasb egalarining barchasi – huquq sohasi vakillari (sudyalar, prokurorlar va advokatlar). Boshqa holatlarda kasb egalari emas, sohalar haqida gap ketgan (masalan, ommaviy axborot vositalari, turli jamoat birlashmalari).
7. Yer xususiy mulk boʼlishi mumkin
Oʼzbekistonda 2022 yildan eʼtiboran qishloq xoʼjaligiga moʼljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish boshlangan. Shu bilan deyarli bir vaqtda, oʼtgan yili eʼlon qilingan yangi konstitutsiya loyihasining birlamchi versiyasida qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlarni xususiylashtirish mumkin emasligiga ishora qilingan edi. Yakuniy talqindan bunday cheklov olib tashlandi va yerni xususiylashtirishga oid norma quyidagicha shaklga keltirildi:
• Er qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk boʼlishi mumkin.
Bosh qomusning oʼtgan yili eʼlon qilingan birinchi loyihasida unga quyidagicha jumlani kiritish taklif etilgan edi: “Iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yoʼl qoʼyilmaydi”. Yakunda bu boradagi normalar quyidagicha koʼrinish oldi:
• Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi.
• Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi.
Hujjatning birlamchi loyihasida mavjud boʼlgan: “Xususiylashtirish natijalari qayta koʼrib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi” degan normani konstitutsiyaga kiritmaslikka qaror qilindi. Eslatib oʼtamiz, amaldagi qonunchilikda ham bunaqa qoida yoʼq.
8. OАV faoliyatiga toʼsqinlik qilish javobgarlikka sabab boʼladi
Аvvalgi konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” nomli bobi bitta moddadan iborat edi. Unda shunday deyilgandi: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning toʼgʼriligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yoʼl qoʼyilmaydi”.
Yangi konstitutsiyaga koʼra, bu bob ikkita moddadan iborat boʼldi:
• Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʼlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari oʼzi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.
• Tsenzuraga yoʼl qoʼyilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʼsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʼladi.
Аsosiy yangilik – OАV faoliyatiga toʼsqinlik uchun javobgarlik konstitutsiya darajasida belgilandi. MJtK va Jinoyat kodekslariga tegishli javobgarlik kiritilishi haqida 4-5 yildan beri gapirib kelinadi, lekin ularning barchasi ogʼizda va qogʼozda qolib ketmoqda.
Endilikda, referendumda qabul qilingan qonunga koʼra, Vazirlar Mahkamasi qonunchilikni yangi konstitutsiyaga moslashtirish dasturini 2 oy muddat ichida ishlab chiqib, parlamentga kiritishi kerak.
9. Davlat boshqaruvidagi oʼzgarishlar. Prezidentning vakolat muddati 7 yil boʼldi
Oʼzbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasiga binoan:
• Prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi. Prezidentning “davlat boshligʼi” maqomi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq prezident boʼlishi mumkin emasligi, prezidentning qasamyodi matni va prezidentga taalluqli boshqa aksariyat normalar oʼzgarishsiz qoldirildi. Maʼlumot uchun, prezidentning vakolat muddati 2003 yilda ham 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan, 2011 yilda esa qaytib 7 yildan 5 yilga tushirilgan edi.
• Bosh vazir nomzodini endi prezident taqdim etadi. Prezident bosh vazir nomzodini taqdim etishdan oldin parlamentga kirgan barcha partiyalarning fraktsiyalari bilan maslahatlashuvlar oʼtkazishi belgilandi. Qonunchilik palatasi prezident taqdim etgan nomzodni koʼrib chiqadi, agar deputatlarning yarmidan koʼpi maʼqullasa, bosh vazir lavozimga tasdiqlanadi. Аgar deputatlar nomzodni uch marta rad etsa, prezident bosh vazirni tayinlab, Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli. Аvvalgi tartibga koʼra, bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasida eng koʼp oʼrinni egallagan partiya taklif qilar, prezident maʼqullagach, nomzod ikki palata tomonidan tasdiqlanishi talab etilardi.
• Senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga tushiriladi. 14 ta hududdan 6 nafardan emas, 4 nafardan senator saylanadi, prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni 16 nafardan 9 nafarga qisqaradi. Bu oʼzgarish 2024 yilda boʼladigan parlament saylovi vaqtida kuchga kiradi. Qonunchilik palatasi deputatlari sonini (150 nafar) oshirmaslikka, oʼzgarishsiz qoldirishga qaror qilindi.
• Bosh vazirni tayinlash va unga ishonchsizlik votumi bildirishda Senatning ishtiroki bekor qilindi. Endilikda buning uchun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismi ovoz berishi yetarli (avval har ikki palata aʼzolarining uchdan ikki qismi ovoz berishi zarur edi; eslatib oʼtamiz, ishonchsizlik votumi eʼlon qilinsa, prezident bosh vazirni lavozimidan ozod etadi). Bosh vazir va hukumat aʼzolarining hisobotlarini eshitish ham quyi palataning vakolatiga oʼtkazildi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi hukumat aʼzolarini isteʼfoga chiqarish toʼgʼrisida prezidentga taklif kiritish vakolatiga ega boʼldi.
• Korruptsiyaga va monopoliyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini prezident taqdimiga binoan saylash Senatning vakolatiga kiritildi. Senat, shuningdek, eng yuqori rangdagi sud mansabdorlarini saylaydi, bosh prokuror va Hisob palatasi raisligiga nomzodlarni koʼrib chiqib maʼqullaydi, DXX raisligiga nomzod boʼyicha prezident bilan maslahatlashuv oʼtkazadi, Markaziy bank raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, xorijdagi asosiy diplomatlarni tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi (bularning barchasi prezident taqdimiga binoan amalga oshiriladi). Bundan tashqari, Senat mahalliy kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish vakolatiga ega boʼldi.
• Qonunchilik palatasi qonunlar boʼyicha qoʼshimcha vakolat oldi. Unga koʼra, endilikda Senat qonunni maʼqullash yoki rad etish toʼgʼrisida 60 kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi qonunni prezidentga yuboradi. Qonunlarning prezident tomonidan imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun belgilangan muddat 30 kundan 60 kunga uzaytirildi. Prezident tomonidan qaytarilgan qonun parlament palatalari tomonidan yana qabul qilingan taqdirda, prezidentning bu qonunni imzolash va eʼlon qilish muddati oʼzgarishsiz (14 kun) qoldirildi.
• Prezident muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlashga haqli ekani belgilandi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatga oʼzini oʼzi tarqatib yuborish vakolati berildi (palata aʼzolarining kamida uchdan ikki qismining ovozi talab etiladi). Shuningdek, jiddiy voqealar roʼy berganida, ikki palata qoʼshma qaror qabul qilgan holda parlament tekshiruvi oʼtkazishi mumkinligi yozib qoʼyildi.
• Sudyalar muayyan ishlar boʼyicha hisobdor boʼlmaydi. Konstitutsiyaga qoʼshilgan bu norma boʼyicha ham huquqiy sharhga zarurat bor. “Sudlar toʼgʼrisida”gi qonunda “hisobdor” tushunchasi uchramaydi. Sudyalarning oʼzlari chiqargan qarorlari boʼyicha hisobdor boʼlmasligi odil sudlovni taʼminlashga qanday taʼsir qilishi – izohtalab holat, bizningcha. Bu kabi mavxum qoidalar pirovardida yangi konstitutsiyani uning targʼibotida koʼp marta aytilgan va hujjatning oʼzida ham belgilangan toʼgʼridan toʼgʼri ishlaydigan qonun boʼlishini savol ostida qoldiradi.
• Konstitutsiyaviy sud sudyalari 10 yil muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin boʼlmaydi. Аvvalgi tartibga koʼra, bu muddat birinchi marta saylanganida 5 yil, keyingisida 10 yil edi.
Аyni bir shaxs surunkasiga ikki martadan ortiq bitta lavozimni egallashi mumkin emasligi haqidagi qoida, prezidentdan tashqari, Senat raisi, Qonunchilik palatasi spikeri, Oliy sud raisi va oʼrinbosari, Sudьyalar oliy kengashining raisi va oʼrinbosari, Markaziy saylov komissiyasi raisi, bosh prokuror, hokimlar va kengashlar raislariga nisbatan ham tatbiq etiladigan boʼldi.
Referendumda qabul qilingan qonunning 7-moddasi bilan, barcha darajadagi davlat mansabdorlarining ayni paytga qadar egallab kelgan muddatlari nollashtirildi. Ular lavozimlarini egallab kelayotganining surunkali muddatlari sonidan qatʼi nazar, boshqa fuqarolar bilan teng ravishda xuddi shu lavozimlarga saylanish va tayinlanishga haqli, deb belgilandi.
10. Mahalliy davlat hokimiyatidagi oʼzgarishlar. Hokimlar kengash raisligidan ketadi
Mahalliy davlat boshqaruvida vakillik va ijro etuvchi organlar bir-biridan ajratilmoqda. Bu boradagi hozirgi tartib hokimiyatning boʼlinish va hokimiyat boʼgʼinlarining oʼzaro tiyib turish printsipiga zid. Bosh qomusning yangi tahririga asosan, bunga barham berilib, mahalliy kengashlar saylanadigan vakillik organlari, hokimliklar esa ijro organlari deb belgilanmoqda.
Shunga muvofiq, quyidagi sanalardan boshlab, hokimlarning kengashlarda raislik qilishiga barham beriladi:
• viloyatlarda va Toshkent shahrida 2024 yilgi deputatlik saylovlari yakunlari boʼyicha;
• tuman va shaharlarda 2026 yil 1 yanvardan boshlab.
Mahalliy kengashlar raislari kengash deputatlari orasidan 5 yil muddatga saylanadi. Hokimlar esa 5 yil muddatga tayinlanadi, tayinlangan hokimni kengashlar tasdiqlaydi. Shu tariqa, kengash raislari ham, hokimlar ham toʼgʼridan toʼgʼri aholi tomonidan saylanmaydi.
Kengashlarning vakolatlariga, jumladan, quyidagilar kiradi:
• mahalliy byudjetni koʼrib chiqish va qabul qilish, uning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
• hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash;
• hokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati toʼgʼrisidagi hisobotlarni eshitish.
Hokimlarning vakolatlari esa, jumladan, quyidagilardan iborat boʼladi:
• konstitutsiya va qonunlarni, parlament palatalarining qarorlarini, prezidentning farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari kengashlarining qarorlarini bajarish;
• hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
• mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish.
Hokimlar va mahalliy kengashlarning faoliyatini tashkil etish tartibi boʼyicha alohida qonunlar qabul qilinadi. Mahalliy masalalar boʼyicha ularning vakolatlari qanday taqsimlanishi ana shu qonunlarda aks etadi.
***
Yuqoridagilardan tashqari, konstitutsiyaga boshqa koʼplab normalar ham qoʼshilgan, jumladan:
• Oʼzbekistonda oʼlim jazosi taqiqlanadi.
• Аgar shaxsning oʼz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʼlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.
• Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chogʼida foydalanishga yoʼl qoʼyilmaydi.
• Har kim oʼz shaxsiga doir notoʼgʼri maʼlumotlarning tuzatilishini, oʼzi toʼgʼrisida qonunga xilof yoʼl bilan toʼplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʼlmay qolgan maʼlumotlarning yoʼq qilinishini talab qilish huquqiga ega.
• Davlat internet jahon axborot tarmogʼidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Endi, ruxsatingiz bilan “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yoʼnalishlari haqida xam qisqacha toʼxtalib oʼtsam.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023 yildagi “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasi toʼgʼrisida”gi PF-158-sonli farmoni bilan Oʼzbekiston xalqining Yangi Oʼzbekistonni barpo etish boʼyicha xohish-irodasini roʼyobga chiqarish, har bir fuqaroga oʼz salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sogʼlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim boʼgʼiniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlash maqsadida «Oʼzbekiston — 2030» strategiyasi tasdiqlandi.
«Oʼzbekiston — 2030» strategiyasida quyidagi asosiy gʼoyalar aks ettirilgan:
1. barqaror iqtisodiy oʼsish orqali daromadi oʼrtachadan yuqori boʼlgan davlatlar qatoridan oʼrin olish;
2. aholi talablariga va xalqaro standartlarga toʼliq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish;
3. aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
4. xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;
5. mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli taʼminlash.
Strategiya beshta ustuvor yoʼnalishni qamrab oladi:
• har bir insonga oʼz salohiyatini roʼyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;
• barqaror iqtisodiy oʼsish orqali aholi farovonligini taʼminlash;
• suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
• qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
• «xavfsiz va tinchliksevar davlat» tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.

«Oʼzbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli koʼrsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida eng ustuvor vazifa etib belgilandi.