“Oʼzbekiston – 2030” strategiyasida tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalar joriy etilgan tibbiyot muassasalari ulushini yaqin yillar ichida 100 foizga yetkazish koʼzda tutilgan. Bundan tashqari tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi boʼgʼinning oʼzida hal etishga erishiladi.
Mamlakatimiz tibbiyot tizimi oldida turgan bu ulkan vazifaning ijrosiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Zero, tibbiyotning raqamlashtirilishi aholi uchun bir qator qulayliklarni yaratadi. Eng muhimi sohada shaffof tizim vujudga kelmoqda. Tibbiy muassasalar oʼrtasida raqobat muhiti aynan raqamlashtirilgan va davlat sugʼurta tizimi amal qilayotgan birlamchi boʼgʼinda ayniqsa sezilmoqda. Аvvalgi turnaqator navbatlar, asab buzilishlar, odamlarni sarson qilish illatlari birin-ketin barham topmoqda. Endilikda, avvalo inson va uning manfaatlari oldingi oʼringa chiqmoqda. Toʼgʼrida, fuqarolarimiz tibbiyot muassasasi ostonasidan oʼtishi bilanoq, maksimal darajada qulaylikni sezishi va davlat eʼtiborini xis etishi kerak.
Bundan 3 yil avval Prezident qarori bilan davlat tibbiy sugʼurta tizimi Sirdaryo viloyatida tajriba–sinov hududi sifatida tanlab olinib, tadbiq etilgan boʼlsa, bugungi kunga kelib poytaxtda ham ushbu mexanizm sezilarli darajada takomillashganini koʼrishimiz mumkin. Masalan, 61 ming nafar aholiga xizmat koʼrsatuvchi Uchtepa tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli koʼp tarmoqli markaziy poliklinika 1 yanvardan boshlab davlat tibbiy sugʼurta tizimiga toʼliq oʼtdi. Bino ushbu tizimga avvalo moslashtirildi. Hamshira va shifokor koʼrigi uchun alohida xonalar tashkil etildi. Muassasada 21 ta tibbiy brigada tashkil etildi. Har bir brigadaga 1 nafar shifokor, 1 nafar amaliyotchi hamshira, 2 nafar patronaj hamshirasi va patronaj doyasi biriktirilgan. Har bir brigada oʼz hududidagi 2 ming nafar aholiga xizmat koʼrsatadi. Davlat eʼtiboridan, tuman hokimligi va tibbiyot birlashmasining yaqin hamkorligida amalga oshirgan saʼy-harakatlaridan fuqarolarimiz mamnun.
Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent shahri davlat sugʼurta tizimiga oʼtmoqda. Bu esa fuqarolarga ancha qulayliklar yaratadi. Bemor poliklinikaga murojaat qilganidan soʼng belgilangan vaqtda hamshiraga, soʼngra shifokor qabuliga uchraydi. Hech qanday navbatlarsiz, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz ishi tezda xal boʼladi. Uning kasalligi haqidagi maʼlumotlar bazaga kiritiladi va doimo undan foydalansa boʼladi. Bu avtomatlashtirish va integratsiyalashgan tizimning samarasi.
Toshkent shahar boʼyicha bugungi kunda 72 ta poliklinika, 40 ta shifoxona hamda maxsus dispanserlar ham yangi avtomatlashtirilgan tizimda ishlamoqda.
Joriy yilda Qoraqalpogʼiston Respublikasida ham davlat tibbiy sugʼurta tizimi keng joriy qilinadi. Аytish kerakki, oʼtgan qisqa vaqt ichida ushbu tizim mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning mutaxassislari ishtirokida takomillashtirildi va samaradorligi oshirildi. Koʼplab ogʼir yotgan, ijtimoiy himoyaga muxtoj aholi qatlami imtiyozli davolandi, dori-darmon taʼminotida shaffof tizim vujudga keldi, bunda aholi vakillaridan mablagʼ, yaʼni, badal toʼlashlari shart boʼlmay qoldi. Koʼrsatiladigan tibbiy xizmatlar davlat byudjeti hisobidan Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi tomonidan moliyalashtirildi.
Muhimi, ushbu tizim uchun tibbiyot muassasalarini toʼliq axborotlashtirishga erishildi, aholining elektron roʼyxati va bemorlarning maʼlumotlar bazasi yaratildi. Tizimdagi poliklinika va shifoxonalar milliy yagona axborot tizimiga ulandi, oʼzaro axborot almashinuvi yoʼlga qoʼyilmoqda. Ilk bor “reimbursatsiya” dasturi amaliyotga tadbiq etildi. Yaʼni, surunkali va ogʼir kechadigan kasalliklarning oilaviy shifokor tomonidan shakllantiriladigan “elektron retsept” asosida dorixonalardan dori vositalarini bepul berish hamda ularning harajatlarini jamgʼarma tomonidan qoplash tizimi joriy qilindi.
Yangi tizimning yana bir ijobiy jihati davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari oʼrtasida sogʼlom raqobat muhiti vujudga kelishidir. Raqobat bor joyda esa taraqqiyot taʼminlanadi, insonlar uchun qulayliklar koʼpayadi. Eng muhimi bu kabi islohatlardan aholining barcha qatlamlari birdek manfaatdor boʼladi.