Malohat Holiqova suyak yemirilishi tashxisi bilan poytaxtimizdagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasiga yotqiziladi. Murakkab jarrohlik amaliyoti bepul o‘tkazilishi bemorning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatilgan moliyaviy yordam tufayli Malohat opa barcha jarrohlik amaliyotlarini muvafaqqiyatli o‘tab, yaqin kunlarda sog‘lom uyiga qaytadi.
– Juda qiynaldim, hassa tayanib yurardim. Shu klinikada davolandim, hozir xolatim yaxshi. Bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazishdi, shifokorlarga rahmat, – deydi Malohat Holiqova.
Bugun jamiyatimizda Malohat opa kabi mablag‘i yo‘qligidan va ogʼir xastaligidan qiynalib yashayotgan bemorlar ko‘plab topiladi. Endilikda yangi tizim barcha insonlarni qamrab olishi, inson salomatligi va manfaatlari barcha narsadan ustun ekanligini amalda namoyon etishi kutilmoqda. Bunda joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent shahrida to‘liq davlat tibbiy sug‘urtasi tizimiga o‘tilishi muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
– O‘tgan yildan boshlab biz Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi boʼyicha moliyalashtirishga o‘tgan bo‘lsak, pul bemorlarning davolanganlik soniga qarab ajratiladigan bo‘ldi, – deydi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi Baxtiyor Mamajonov. – 1 yanvardan boshlab bu mexanizm toʼliq ishga tushdi Toshkent shahrida. Demak, bemorga davlat tomonidan kafolatlangan xizmat turlari uchun moliyaviy mablag‘lar sug‘urta tomonidan tushiriladigan bo‘ldi. Davlat tomonidan kafolatlangan xizmat turiga tez tibbiy yordamga muxtoj bemorlar va yo‘llanma bilan keladigan bemorlar kiradi.
Dastlab bemor hududidagi poliklinikaga murojaat qiladi. Shifokor tomonidan kasallik aniqlanganidan so‘ng maxsus klinikalarga yo‘llanma beriladi. Bemor klinikaga kelganidan keyin shifokor qabuliga uchraydi va hech qanday navbatlarsiz, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz ko‘riklardan o‘tadi, lozim topilsa jarrohlik amaliyotini o‘taydi. Bunda harajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.
Toshkent shahar bo‘yicha bugungi kunda 72 ta poliklinika, 40 ta shifoxona hamda maxsus dispantserlar ham yangi avtomatlashtirilgan tizimda ishlamoqda. Аytish kerakki, o‘tgan qisqa vaqt ichida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ko‘magida ko‘plab og‘ir yotgan, ijtimoiy himoyaga muxtoj aholi qatlami imtiyozli davolandi, dori-darmon taʼminotida shaffof tizim vujudga keldi, bunda aholi vakillaridan mablag‘, yaʼni, badal to‘lashlari shart bo‘lmay qoldi. Ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar davlat byudjeti hisobidan tomonidan moliyalashtirildi.
Muhimi, ushbu tizim uchun tibbiyot muassasalarini to‘liq axborotlashtirishga erishildi, aholining elektron ro‘yxati va bemorlarning maʼlumotlar bazasi yaratildi. Tizimdagi poliklinika va shifoxonalar milliy yagona axborot tizimiga ulandi, o‘zaro axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zА