Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Markazda olti mingga yaqin bemor davlat mablag‘i hisobidan davolandi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Markazda olti mingga yaqin bemor davlat mablag‘i hisobidan davolandi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Markazda olti mingga yaqin bemor davlat mablag‘i hisobidan davolandi

Mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Nafaqat poytaxtdagi, balki hududlardagi shifoxonalarni ham zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlashga ahamiyat qaratilayotir. Shu bilan birga, ularda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.
Bu borada amal oshirilgan ishlarni birgina Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi misolida ko‘radigan bo‘lsak, ushbu markazda 8 ta Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mintaqaviy filiallari ochildi. Ular eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi.
Xo‘sh, bugungi kunda bu kabi o‘zgarishlar viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi uchun qanday imkoniyatlar yaratdi? Markaz viloyat aholisi uchun keng ko‘lamli tibbiy xizmatlarni ko‘rsata olayapti?
Ushbu savollarga Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mutaxassislari quyidagicha javob berdi.
Jamshid DIYOROV, Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori: 
–Salkam 100 yillik tarixga ega Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 439 o‘rinli bo‘lib, unda o‘z kasbining jonkuyar va salohiyatli shifokorlari faoliyat ko‘rsatadi. Markazda 2019-2020 yillardan boshlab, 8 ta Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining mintaqaviy filiallari ochilishi viloyat aholisi uchun keng ko‘lamli tibbiy xizmatning tashkil etilishiga olib keldi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida xirurgik yo‘nalishda to‘rtta ilmiy-amaliy markazning mintaqaviy filiali ish boshladi. Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy markazining Qashqadaryo mintaqaviy filiali shular jumlasidan. Bu esa markazimizda shu yillar davomida 30 ga yaqin yuqori texnologik yangi amaliyotlarni bajarish imkoniyatini berdi.
Vazirlik tomonidan berilgan tibbiy asbob-uskunalardan tashqari, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan mahalliy byudjetdan ham mablag‘ ajratilib, viloyatimizda mavjud bo‘lmagan yangi asbob-uskunalarni olishga erishdik. Buning natijasida uzoq chekka hududlardan respublika markazlariga borishga qiynalgan bemorlarda aynan markazda yirik va yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-avgustdagi “Otorinolaringologiya xizmatini takomillashtirish va uning ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2024 yilning birinchi olti oyligida mazkur markazning Qashqadaryo mintaqaviy filialini ochish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash kerakki, 2023 yilda 19 mingdan ortiq viloyat aholisi shu markazda o‘z sog‘lig‘ini tiklagan. Xirurgik yo‘nalishlarda 2023 yil mobaynida markazda 30 dan ortiq yangi yuqori texnologik amaliyotlar bajarildi. 10 mingga yaqin bemorga terapevtik yo‘nalishda yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Somatik va surunkali kasalliklari bor bemorlar rejali ravishda davolandi. Ulardan 6 ming nafarga yaqin bemor davlat mablag‘i hisobidan markazda yotib davolandi. Xususan, nafaqada bo‘lganlar, 1- va 2- guruh nogironlari va kam ta’minlangan oilalar ana shunday imtiyozga ega bemorlar hisoblanadi.
Shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan keng islohotlardan yana biri – davlat tibbiy sug‘urtasidir. Bu jarayonga bosqichma-bochqich o‘tib boriladi. Deylik, 2025 yildan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari to‘liq tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, 2023–yil davomida qariyb 3 mlrd so‘m davlat tibbiy sug‘urtasi hisobidan qamrab olindi va shu mablag‘lar evaziga imtiyozi bor bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatildi.
Albatta, markazimizda yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlar viloyatimiz aholisining salomatligini tiklashi va ularning zamonaviy tibbiy xizmatdan foydalanishi yo‘lida muhim qadamlardir.

Shokir ASHUROV, Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2-nevrologiya bo‘limi boshlig‘i:
–Markazimizda 20 ga yaqin bo‘lim mavjud. Nevrologiya esa birinchi va ikkinchi bo‘limlardan iborat. Ikkinchi bo‘limimiz 20 o‘rinli bo‘lib, bu yerda nevrologik kasalliklarning barcha turlarini davolash uchun yetarli sharoit yaratilgan.
Keyingi vaqtlarda ko‘pchilik fuqarolarda asabiy toliqishlar kuzatiladi. Bunga asosiy sabab esa bundan 20-25 yil oldingi holatga nisbatan hozirgi kunda miya axborotni 10-15 marotaba ko‘proq qabul qilishi. Shuning uchun hozirga kelib, asab toliqishi bilan keladigan bemorlar juda ko‘pchilikni tashkil etayapti. Shu bilan birgalikda, ortiqcha vaznga ega bo‘lgan bemorlar, ya’ni go‘sht va yog‘li mahsulotlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilishi oqibatida osteoxondroz, bel grijasi bilan kelayotgan bemorlar ham ko‘p.
Yosh jihatdan gapirganda, so‘nggi vaqtda asabiy toliqish, umurtqa kasalliklari yoshardi, ya’ni yoshlar ham bu kasalliklar bilan aziyat chekmoqda. Buni ko‘p holatlarda semizlikka bog‘lash mumkin.
Shu sababli, har bir fuqaro o‘z salomatligiga e’tibor berishi, vaqtida dam olishi va kundalik iste’mol qilayotgan taomlari me’yoridan oshmasligini nazorat qilishi maqsadga muvofiqdir.


O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.