Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

RASMIY MUNOSABAT

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > RASMIY MUNOSABAT
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > RASMIY MUNOSABAT

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining rasmiy munosabati

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar va Xovos tuman tibbiyot birlashmalarida yuz berayotgan holatlar yuzasidan e’lon qilingan murojaat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Prezidentimizning 12.11.2020 yildagi PQ-4890-sonli qaroriga muvofiq Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida 2021-yil 1-iyuldan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etilishi boshlangan. Mazkur qarorga muvofiq Jamg‘arma tibbiyot tashkilotlarini tibbiy xizmatlarini xarid qiladi va ularni faoliyatini shartnoma asosida moliyalashtiradi.
Ushbu qaror bilan tuman (shahar) va viloyat darajasidagi shifoxonalarga ajratiladigan mablag‘larning 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi davolangan holat va bajarilgan ishlar hajmi asosida to‘lanishi ya’ni har oy yakuniga ko‘ra davolangan bemorlar sonidan kelib chiqqan holda qayta hisob-kitob qilingan (kamaytirilgan yoki ko‘paytirilgan) holda keyingi oyda to‘lab berilishi belgilangan.
Ushbu tartibga ko‘ra, 2023 yil mobaynida Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasining moliyalashtirish hajmidan chegirib qolingan 10 foiz (2,6 milliard so‘m) miqdoridagi mablag‘ davolangan holatlar soni va murakkabligi asosida qilingan hisob-kitoblar natijasida qariyb 400 million so‘m qo‘shilgan holda (3,0 milliard so‘m etib) to‘lab berilgan. Shuningdek, Xovos tuman tibbiyot birlashmasining moliyalashtirish hajmidan chegirib qolingan 10 foiz (2,0 milliard so‘m) miqdoridagi mablag‘ davolangan holatlar soni va murakkabligi asosida qilingan hisob-kitoblar natijasida qariyb 200 million so‘m qo‘shilgan holda (2,2 milliard so‘m etib) to‘lab berilgan.
Eng muhimi, 2023-yilda Jamg‘arma va Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi o‘rtasida 40,4 milliard so‘m qiymatidagi shartnoma tuzilgan va ko‘rsatilgan mablag‘ to‘liq hajmda to‘lab berilgan. Huddi shunday, 2023-yilda Jamg‘arma va Xovos tuman tibbiyot birlashmasi o‘rtasida 42,5 milliard so‘m qiymatidagi shartnoma tuzilgan va ko‘rsatilgan mablag‘ to‘liq hajmda to‘lab berilgan.
2024-yilda tuzilgan shartnomalarga muvofiq yanvar-fevral oylarida Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasiga 7,2 milliard so‘m, Xovos tuman tibbiyot birlashmasiga 7,5 milliard so‘m ajratilgan.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Kuzatuv kengashining 2022 yil 25 fevraldagi 19-sonli bayoniga muvofiq hamda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga asosan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot muassasalarini kafolatlangan paket doirasida ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar uchun zarur tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash hamda ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga ma’sul ekanligi belgilangan.
Shunga qaramasdan, Yangiyer shahar va Xovos tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 2023 yil davomida tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari hamda sarflov materiallarini xarid qilish o‘rniga, Jamg‘arma tomonidan to‘lab berilgan mablag‘lar boshqa maqsadlarga yo‘naltirgan. Jumladan, Yangiyerda joriy ta’mirlash ishlariga 9,4 million so‘m, asosiy vositalarni xarid qilishga 300 million so‘m va boshqa xarajatlar uchun 152,2 million so‘m yo‘naltirilgan. Shuningdek, Xovosda joriy ta’mirlash ishlariga 60,9 million so‘m, kapital ta’mirlash uchun 136,2 million so‘m, boshqa xarajatlar uchun 192,5 million so‘m yo‘naltirilgan.
Ko‘rinib turibdiki, Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi va Xovos tuman tibbiyot birlashmasi ularga berilgan moliyaviy mustaqillikdan foydalanib mablag‘larni samarali va maqsadli sarflanishini tashkil etishmagan hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan murojaatda ko‘rsatilgan qarzdorliklar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yishgan.