Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Tizim 2027-yilgacha barcha hududlarda joriy etiladi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tizim 2027-yilgacha barcha hududlarda joriy etiladi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Tizim 2027-yilgacha barcha hududlarda joriy etiladi

Hududlarda davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etilishiga tayyorgarlik boshlangan, tibbiyot muassasalari faoliyatini raqamlashtirish, ularni davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, oilaviy shifokor yoʻllanmasi asosida kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni bepul koʻrsatilishini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28.07.2021 yildagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-sonli qaroriga muvofiq imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron yoʻllanma asosida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan zarur tibbiy yordam koʻrsatilishi tashkil etilgan. Buning uchun, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hududlardagi, shu jumladan Navoiy viloyatidagi bir qator davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan shartnoma asosida hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

2023-yil boshidan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi poytaxtdagi tuman tibbiyot birlashmalari hamda shahar shifoxonalari va boshqa tibbiyot muassasalari bilan tibbiy xizmatlar xaridi boʻyicha shartnomaviy munosabatlar oʻrnatgan. Toshkent shahrida yuqorida qayd etilgan ishlar bilan birga surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarni elektron resept asosida dori vositalari bilan bepul ta’minlash choralari koʻrilmoqda. Ushbu tizim hozirda Yunusobod, Chilonzor va Olmazor tumanlarida joriy qilinib, bosqichma-bosqich poytaxtning boshqa tumanlarini hamda qolgan hududlarni qamrab oladi.

Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini respublika boʻylab joriy etish choralari koʻrilmoqda. Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 22.01.2024 yildagi “Sogʻliqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-38-sonli qarori muhim dasturilamal boʻlmoqda. Mazkur qarorga muvofiq, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2024-yil yakuniga qadar, qolgan hududlarda 2027-yilgacha bosqichma-bosqich joriy qilinishi belgilangan.


Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 
Matbuot va PR xizmati.