Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Opa oʻz singlisiga donorlik qildi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Opa oʻz singlisiga donorlik qildi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Opa oʻz singlisiga donorlik qildi

Guliston tibbiyot klasteri uning xirurgiya boʻlimida Xovos tumanining Xovosobod mahallasida istiqomat qilayotgan, 1990 yilda tugʻilgan Gulmira Eshonqulovaning buyragi bilan bogʻliq, buyrak transplantasiya amaliyoti oʻtkazildi. Unga opasi, 1988 yilda tugʻilgan Noila Jumaboeva bir buyragini berdi.
— Oilamizda buyrak etishmovchiligi xastaligi bilan xastalangan kishilar boʻlmasa-da, nimagadir bundan uch yil muqaddam singlim Gulmira shu dardga chalindi, — deydi Noila Jumaboeva. —Koʻplab mutaxassislarga murojaat qildik. Ular tavsiyasi va maslahati asosida oldiniga Guliston tibbiyot klasterida, keyinchalik Yangier shahar tibbiyot birlashmasi uning nefrologiya va gemodializ boʻlimida davo muolajalarini olib kelayotgandi. Ammo, ijobiy oʻzgarish kuzatilmadi. Singlim koʻz oʻngimizda kun sayin soʻlib borardi. Bunga chiday olmay, bir buyragimni berishga qaror qildi. Koʻrib turganingizdek, tajribali shifokorlar yordamida nafaqat men, singlim ham sogʻ-salomat. Bundan ortiq baxt boʻlmasa kerak opa-singillar uchun.
Mazkur amaliyotni Guliston tibbiyot klaster jarrohi, tibbiyot fanlari nomzodi Akmal Urolov, transplantolog Sherzod Toshmamatov, jarroh Erkin Aliqulov hamda Bobomurod Shavkatovlar muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Ayni vaqtda bemor salomatligi ancha yaxshi. U shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olyapti.
Quvonarli tomoni, ushbu amaliyotga ketgan xarajat Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan qoplab berildi.

Davlat tibbiys sug‘urtasi jamg‘armasi
Matbuot va PR xizmati