Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Qaror va ijro

Joriy yilning 1 iyuldan boshlab Qashqadaryodagi viloyat darajasidagi shifoxonalar Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi mexanizmi asosida ish boshlaydi.


Davlatimiz rahbarining 2024 yil 9 fevraldagi «Qashqadaryo viloyatida aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sogʼliqni saqlash tizimini yangi bosqichga koʼtarish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʼlamini oshirishga qaratilgan. Respublikamizda birinchilardan boʼlib Sirdaryo viloyati sogʼliqni saqlash tizimiga tatbiq etilgan va aprobatsiyadan oʼtkazilgan davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari, 1- iyuldan Qashqadaryo viloyati sogʼliqni saqlash tizimiga joriy etiladi.


Bunday xizmat Qashqadaryo viloyati sogʼliqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi 18 ta viloyat tibbiyot muassasalarida joriy etilib, aholiga tibbiy xizmat davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlari asosida yoʼlga qoʼyiladi.

—Mazkur qaror, uning 11-bandida koʼrsatilganidek, «1-iyuldan boshlab Qashqadaryo viloyati sogʼliqni saqlash tizimidagi viloyat darajasidagi shifoxonalar faoliyatini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʼlar Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasining alohida shaxsiy gʼazna hisobvaragʼi xarajatlar tasnifi boʼyicha oʼtkazib beriladi», — deydi Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ijro etuvchi direktori Zohid Ermatov. — Mablagʼlar jamgʼarma bilan tuzilgan shartnoma asosida yoʼnaltiriladi. Bunda ularga ajratiladigan mablagʼlarning 10 foizidan kam boʼlmagan qismi har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib belgilanadi.


Bu esa, aholi orasida sogʼliqni saqlash tizimi bilan bogʼliq, kelib chiqish ehtimoli boʼlgan turli tushunmovchiliklarni oldini olibgina qolmay, aholiga yanada sifatli tibbiy xizmat koʼrsatish imkonini beradi.

— Bu boradagi ishlarni yoʼlga qoʼyishda Sirdaryo tajribasi, Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ishchi guruhining amaliy va uslubiy yordami Qashqadaryo viloyati sogʼliqni saqlash tizimidagi tibbiyot xodimlari uchun nihoyatda qoʼl kelmoqda, —deydi Qashqadaryo viloyati sogʼliqni saqlash boshqarmasi boshligʼi Аlisher Boboev. — Toʼgʼrisini aytganda, biroz qiyinchiliklar ham boʼldi. Аmmo, Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ishchi guruhi, ular yordami, maslahat va tavsiyalari asosida soha xodimlarini oʼylantirib turgan masalalarga osongina yechim topildi.


Shu maqsadida, Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi ijro etuvchi direktori Zohid Ermatov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida, viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi viloyat onkologiya va radiologiya, viloyat bolalar koʼp tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat asab va ruhiy kasalliklar, viloyat narkologiya dispanseri, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi kabi viloyat darajasidagi barcha shifoxona muassasalariga tashriflar amalga oshirilib, davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmi, uni sohaga joriy etish bilan bogʼliq tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishib, amaliy va uslubiy yordam koʼrsatishdi.

Va shu bilan birga, aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmatlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni elektron axborot tizimiga kiritish orqali davolangan holat, koʼrsatilishi koʼzda tutilgan tibbiy xizmat xususida maslahat va tavsiyalar berildi.

— Qashqadaryo viloyati sogʼliqni tizimiga 1-iyuldan tatbiq etilayotgan davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmi aholi orasida uchrayotgan koʼpgina kasalliklarni davolash, ulardan kuzatilayotgan asoratlarni oldini olish hamda tibbiy xizmat koʼrsatishda, shifokorlar faoliyatini baholashda nihoyatda qoʼl keladi, — deydi Viloyat koʼp tarmoqli tibbiyot markazi rahbari Jamshid Diyarov.

— Qolaversa, ushbu tizim bemor uchun ham, shifokor uchun ham ancha qulay boʼlib vaqtni tejaydi, turli ovoragarchiliklarni oldini oladi.

Vaholanki, davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmi, u asosida yoʼlga qoʼyilayotgan elektron roʼyxatga olish hamda maʼlumotlar shakllantirilishi tizimi yoʼlga qoʼyilmasdan oldin, bemor, uning salomatligi bilan bogʼliq oldingi tashrif va tekshiruvlar toʼgʼrisida maʼlumotlar topishda muammolar tugʼilar edi. Chunki, tibbiyot xodimi bemor, uning oldingi holati toʼgʼrisida qogʼoz shaklidagi kasallik varaqalarini topish, shifokor yozuvlarini koʼzdan kechirishda koʼp vaqt yoʼqotilar edi. Yangi mexanizm esa, bu masalalarga butunlay chek quyadi deya oʼylayman. Ushbu mexanizmni Qashqadaryo viloyati sogʼliqni saqlash tizimiga tatbiq etilishi natijasida tibbiy xizmatlar aholiga yanada yaqinlashadi. Tibbiy xizmat koʼlami oldingiga nisbatan bir muncha ortadi. Ham bemorni, ham shifokorni vaqti tejaladi.

Xullas, Davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Qashqadaryo viloyati sogʼliqni saqlash tizimiga joriy etish, tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan xayrli tashabbus, yaqin kunlar ichida Qashqadaryoda yoʼlga qoʼyiladi.

Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi Matbuot xizmati.