Saudiya Arabistonining Al Bwaabh elektron nashrida “Oʻzbekistonda 1-oktyabrdan davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi joriy etiladi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda tibbiy sugʻurta mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi, deb taʼkidlangan materialda.
“Aholi salomatligini mustahkamlash, kasallikni erta aniqlash va davolashda birlamchi boʻgʻin juda muhim. Shuning uchun davlat rahbari bu yoʻnalishdagi islohotlarni xalqimizning, ayniqsa, olis hududlardagi aholining talab va ehtiyojlarini chuqur oʻrgangan holda bosqichma-bosqich amalga oshirish zarurligini taʼkidladi”
Sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlardan yana biri – davlat tibbiy sugʻurtasi. Bu borada muayyan ishlar boshlangan va tayyorgarlik koʻrilgan.
Qayd etilishicha, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini shu yil 1-oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpogʻiston Respublikasida joriy etilmoqda. Buning uchun 2024-yil yakuniga qadar “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari joriy qilinadi. Tibbiyot xodimlari ulardan foydalanish boʻyicha oʻqitiladi. Muassasalar zarur texnika va tarmoq qurilmalari bilan jihozlanadi.
Bu tizimning ahamiyati shundaki, tibbiyotda natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari tatbiq qilinadi. Sugʻurta doirasida tibbiy xizmatlarni koʻrsatish va dori vositalarini taqdim etish davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi, aholidan qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi.
“Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini Oʻzbekistoning boshqa hududlarida 2026-yil yakuniga qadar joriy etish rejalashtirilgan”.
DTSJ Matbuot va PR xizmati