Inson qadri va xalq manfaati ulug‘lanadigan yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir islohotda aholi ehtiyojlari hisobga olingan. Asosiy maqsad ham aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini ta’minlash, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan.
Toshkent tibbiyot akademiya akademik litseyida talabalarning Davlat tibbiy sug‘urtasi haqida bilimlarini boyitish maqsadida, davra suhbati o‘tkazildi. Unda TTA professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda DTSJ mutaxassislari ishtirok etdi.
Unda Jamg‘armaning o‘z oldiga qo‘ygan vazifalari, shu kunga qadar Sirdaryo viloyatida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida talabalarga tushunchalar berildi.
Tadbirda DTSJ vakillari bo‘lajak tibbiyot xodimlariga Davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari hajmi, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga kiritilgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’ruzlar qilishdi. Xususan, DTSJ bo‘lim boshlig‘i Umida Gazievaning «Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari», bo‘lim boshlig‘i Doniyor Qosimovning «Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari asosida tibbiyot tashkilotlarini moliyalashtirish tartibi» hamda bo‘lim boshlig‘i Akrom Yusupov «Aholini ambulatoriya sharoitida bepul dori vositalari bilan ta’minlash (qoplash) bo‘yicha loyihaning maqsad va vazifalari (reimbursatsiya)» mavzusida taqdimot o‘tkazdi.
Uchrashuv yakunida talaba va o‘qituvchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar batafsil javob berdi.