Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Boyovutda bemorlar ko‘chma majmuada ko‘rikdan o‘tdi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Boyovutda bemorlar ko‘chma majmuada ko‘rikdan o‘tdi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Boyovutda bemorlar ko‘chma majmuada ko‘rikdan o‘tdi
Malakali tibbiy xizmatni xalqqa yaqinlashtirish, yurak – qon tomir tizimida kasalliklari bor bemorlarni erta bosqichlarda aniqlash, infarkt xavfining oldini olish maqsadida Milliy tibbiyot markazining zamonaviy ko‘chma jarrohlik majmuasi Boyovutga keltirildi.

–Ushbu ko‘chma kardiojarrohlik majmuasi Boyovut tumaniga kelgani bir mendamas, men singari ijtimoiy himoyaga muhtoj, chekka va olis hududda yashayotgan aholi vakillari uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi,–deydi 2-Boyovut xo‘jaligida istiqomat qilayotgan Mamlakat Umarova.– Qolaversa, kardioskrining, yuqori texnologik koronagrafiya tekshiruvlari mutlaqo bepul. Barcha xarajatlar davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan qoplab berilayotganligini eshitib, kardioskriningdan o‘tdim. Natija yaxshi chiqmaganligi tufayli malakali mutaxassislar tomonidan yurak- qon tomir tizimida koronagrafiya tekshiruvini o‘tkazib, stent qo‘yish uchun Milliy tibbiyot markaziga yo‘llanma berishdi. Buning uchun aholimizning salomatligini o‘ylagan, shunday shart-sharoitlar yaratib bergan Yurtboshimizga rahmat.

Milliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda 15 kun davomida yurak- qon tomir tizimida muammosi bor bo‘lgan 1,5 mingga yaqin fuqaroni kardioskriningdan o‘tkazib, yurak koronar qon tomirida muammosi bor bo‘lgan bemorlarga yordam ko‘rsatdi.

–Yuqori qon bosimi, chap tomonda sanchiq, yurak –qon tomir tizimidagi muammo tufayli Navoiy mahallasidagi oilaviy shifokorlik punktida “D” nazoratida
turaman,–deydi 70 yoshni qarshilayotgan Qarshiboy bobo Usmonov.– O‘tgan yili shifokorlar viloyatga borishimni, u yerda yuqori texnologik koronagrafiya tekshiruvidan o‘tib, yurak- qon tomir tizimidagi muammoning sababini aniqlash, davolanish uchun maslahat berishgandi. Borib -kelish, davolanish uchun imkoniyat yo‘qligi sabab bora olmagandim. Mana bugun hech qanaqa xarajatsiz markaz mutaxassislari kardioskrining va koronagrafiya tekshiruvidan o‘tkazishib, yurak bezovtaligini, sanchiq, yuqori qon bosimi sababini aytishib, tavsiya va maslahat berishdi. Ilohim mutaxassislarimiz baraka topishsin.

–Boyovutda o‘tkazilgan kardioskrining, koronagrafiya tekshiruvidan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, aholining yurak- qon tomir bilan bog‘liq muammolarining kelib chiqishiga asosan sog‘lom turmush tarziga rioya etmaslik, ovqatlanish me’yorlarining buzilishi, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmaslik, tibbiy ko‘riklardan o‘tgan bo‘lsa-da, shifokorlar tavsiyasiga amal qilmaslik kabilar sabab bo‘lgan. Bu esa, nafaqat yurak- qon tomir, boshqa tizimlar bilan bog‘liq kasalliklarni keltirib chiqargan,–deydi Milliy tibbiyot markazi kardiojarrohi Jasur Abdullayev.–Bu holat yurak koronar qon tomirida stentlash, aorta koronar shuntlash (AKSH) jarrohlik amaliyotidan so‘ng ham davom etsa, shifokor ko‘rsatmasiga amal qilinmasa, bundan-da jiddiyroq muammolarni keltirib chiqaradi. Salomatlik kerakmi, unda shifokorlarning tavsiyalariga amal qilishimiz kerak. Shundagina nafaqat kardiologlar, boshqa mutaxassislarga ham davo istab borishimizga hojat qolmaydi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri