Xabaringiz bor, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda dori vositalari xarajatlarini qoplash boʻyicha reimbursatsiya dasturi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, dori vositalarini oilaviy shifokorning elektron retsept asosida bepul olish tartibi tasdiqlandi.
Xoʻsh oʻzi reimbursatsiya nima?
Bepul dori vositalari kimlarga beriladi?
Reimbursatsiya (reimbursement) ingliz tilidan olingan boʻlib, “xarajatlarni qoplash” maʼnosini anglatadi. Yaʼni, reimbursatsiya dasturida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda davolash uchun qabul qilinadigan dori vositalari uchun dorixona xarajatlarini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi qoplaydi.
Surunkali kasalliklar:
gipertoniya kasalligi – qon bosimi oshishi bilan kechuvchi kasallik boʻlib, koʻp hollarda koʻyidagi asoratlarini keltirib chiqaradi: yurak infarkti, insult va boshkalar;
yurak ishemik kasalligi – yurak hususiy qon-tomirlarining oʻtkir yoki surunkali bekilib kelishi natijasida yurak mushaklarining kislorod bilan taʼminlanishi buzilishiga aytiladi.
qandli diabetning ikkinchi turi – inson tanasi hujayralarining insulinga taʼsirchanligi keskin pasayishi natijasida glyukoza oʻzlashtirilishi buzilishiga aytiladi;
bronxial astma – nafas yoʻllari surunkali yalligʻlanish kasalligi boʻlib, quyidagi belgilar bilan kechadi: hushtaksimon xirillash, nafas siqishi, koʻkrakda ogʻirlik va yoʻtal;
oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi – oʻpka va nafas yoʻllarida havo oqimi tezligini keskin pasayishi xamda zararli zarrachalar yoki gazlar taʼsiriga nisbatan surunkali yalligʻlanish jarayonini faollashishi bilan kechadigan jarayon.
Yuqoridagi surunkali kasalliklarga chalingan dispanser nazoratida turuvchi bemorlar oilaviy shifokor elektron retsepti asosida bepul dori vositalarini olish huquqiga ega.
* Dori vositalari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma asosida xizmat koʻrsatuvchi dorixonalarda beriladi.
DTSJ Matbuot va PR xizmati