Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sugʻurtasi: “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlarini ishga tushirish jadallashtiriladi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʻurtasi: “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlarini ishga tushirish jadallashtiriladi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sugʻurtasi: “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlarini ishga tushirish jadallashtiriladi

Bugun mamlakatimizda davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bunda Prezidentimiz tomonidan shu yil 5-sentyabrda imzolangan tegishli qaror dasturilamal boʻlmoqda.

Xususan, hujjatga muvofiq, 2024-yil 1-oktyabrdan Toshkent shahri, Sirdaryo viloyati hamda 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpogʻiston Respublikasida davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish belgilangan.

Buning doirasida tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni oʻz ichiga oluvchi boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiya qilinadigan “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimi yaratilib, ishga tushiriladi.

Binobarin, shu yil yakuniga qadar bemorning barcha tibbiy maʼlumotlari asosida shakllantirilgan va tibbiyot muassasalarining oʻzaro uzviy hamkorligini taʼminlaydigan “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari yoʻlga qoʻyiladi.

Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari qarorida belgilangan ana shu yoʻnalishdagi ustuvor vazifalar ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.

“Sogʻliqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi direktori Eldor Odilov, Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosarlari Olim Omonov va Farrux Sharipov, boshchiligida oʻtgan tadbirda hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlarining raqamlashtirishga masʼul oʻrinbosarlari, texnik xodimlar hamda “UZINFOCOM” MCHJ vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, raqamli texnologiyalarni birlamchi boʻgʻingacha bosqichma-bosqich joriy etish uchun, birinchi navbatda, ushbu muassasalarni lokal tarmoq va kompyuter texnologiyalari, dasturiy mahsulotlar va zarur jihozlar bilan toʻliq taʼminlash talab etiladi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – tibbiyot xodimlariga ortiqcha qiyinchilik tugʻdirmaslik. Ularning tayyor tizimdan oson va qulay foydalanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berish lozim.

Yigʻilishda Prezidentimiz qarori asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi davlat tibbiyot muassasalarini axborot-kommunikatsiya jihozlari va tarmoq qurilmalari bilan taʼminlash holati tahlil qilinib, bu borada Sirdaryo viloyatida vazifalar ijrosi sust ketayotgani tanqid ostiga olindi.

Oʻz navbatida, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda shifoxonalar faoliyatining barcha jarayonlarini qamrab oluvchi, shuningdek, davlat statsionar tibbiyot muassasalari tomonidan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilgan fuqarolar shaxsini aniqlash imkonini beruvchi axborot dasturlarini yaratishga doir ishlar muhokama qilinib, masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.