Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari Samarqand viloyati misolida

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari Samarqand viloyati misolida
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari Samarqand viloyati misolida

Nasiba Fayzullayeva 67 yoshda. U Samarqand  viloyatining Oqdaryo tumanida istiqomat qiladi. Ortirilgan yurak nuqsoni tashhisi  bilan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filialiga murojaat qilganda kasallik ancha avj olgan edi. Oilaning moddiy holati  tufayli onaxon  bu kasallikdan uzoq  yillar aziyat cheksada tomirlarga klapon qo‘yishning imkoni bo‘lmayotgan edi.

Samarqand viloyatida ham reja asosida Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish boshlangach,  N. Fayzullayeva va unga o‘xshagan bemorlar uchun yangi imkoniyat eshiklari ochildi.

Onaxon ham oilaviy shifokorning yo‘llanmasi bilan shifoxonaga keldi va davlat byudjeti hisobidan unga jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Ayni vaqtda bu borada filialda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Qayd etish kerakki, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali joriy yilning bahorida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan edi. O‘tgan davrda 200 ortiq bemorda yuqori-texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Filial kardio-jarrohi Hushnudbek Nizomov amalga oshirilayotgan jarayonlar haqida batafsil so‘zlab berdi.

– Filialimizda turli darajadagi yuragida nuqson bor bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu bilan aholiga bir qator qulaylik yaratildi, desak adashmaymiz. Birinchidan sarsongarchiliklarga barham berildi, ikkinchidan poytaxtga borishga hojati qolmadi. Yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari filialimizni o‘zida ham keng miqyosda o‘tkazilmoqda.

Juda qisqa fursatda filial kardio-jarrohlari 200 ga yaqin yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazdi. Bu bemorlar jarrohlik amaliyotidan oldin va keyin  ma’lum muddat doimiy nazoratimizda bo‘ladi.

Negaki, hozirda to‘laqonli sog‘lom hayotga qaytgan ko‘pchilik bemorlar uzoq yillar mobaynida og‘ir kasallikdan aziyat chekkan. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazish lozimligini bilsada, bunga jazim etmagan bemorlar anchagina. Sababi oddiy – mablag‘ga taqaladi. Hozirda  ana shunday nogironlikka chiqqan, hisobda turadigan va ijtimoiy  yordamga muhtoj bemorlarni bepul davolash yo‘lga qo‘yildi.

Bunda harajatlarni kim qoplaydi? degan savol bo‘lishi tabiiy. Bunda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 12-noyabrda qabul qilingan  “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unda aholini budjet mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda sifatli tibbiy yordam olishi kafolatlangan.   Shunigdek, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etildi.

Jamg‘armaning asosiy maqsadi mamlakatimiz aholisining barcha qatlamini sifatli va malakali tibbiy yordam bilan qamrab olishdir. Shuningdek, tegishli qarorga ko‘ra, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolashga yo‘naltirilgan mablag‘larni davlat byudjeti hisobidan qoplab beradi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘tgan davrda davlat byudjeti hisobidan 200 nafardan ko‘proq bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bo‘lsa, ularning 16 nafariga elektrokardiostimulyator tibbiy uskunasi o‘rnatib berildi. Ushbu uskunaning asosiy vazifasi yurak urishini bir maromga keltiradi. Inson yuragining sekin yoki tez urishi ham uning sog‘lig‘iga jiddiy havf soladi.  Shuni me’yorida urishini ta’minlash orqali inson umrini uzaytirishga erishiladi. Elektrokardiostimulyator o‘rtacha ishlash davri 3 yildan 7 yilgacha.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Matbuot xizmati