Davlat tibbiy sug’urtasi – Davlat byudjet mablag’i hisobidan aholiga kafolatlangan bepul tibbiy xizmat va dori vositalari bilan ta’minlash tizimi bo’lib, asosiy maqsadi aholiga ko’rsatilayotgan tibbiy yordamni sifati va samaradorligini oshirishdan iborat.
Sug’urta so’zi ko’pchilikda majburiy, foydasiz narsa degan salbiy fikrlar uyg’otishi tabiiy. Negaki, ko’p hollarda sug’urta majburiy bo’lib, odamlar tegishli miqdorda mablag’ to’lab, sug’urta polislari sotib oladi. Hozirda yurtimiz joriy etilgan Davlat tibbiy sug’urta tizimida aholi pul to’lamaydi, sug’urta doirasida davlat tomonidan har bir fuqaroning salomatligini kafolatlangan bepul tibbiy xizmat va dori vositalari (kafolatlangan paket) asosida Davlat byudjeti mablag’i hisobidan sug’urta qilinadi. Bu bilan sohaga ajratilayotgan byudjet mablag’laridan maqsadli foydalanish, kasalliklarni erta aniqlash, aholiga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yanada oshirishga erishiladi.
Tibbiyot sohasida sug’urta tizimining to’liq yo’lga qo’yilishi sog’liqni saqlashga ajratilayotgan mablag’lar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushi oshishiga, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga, tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga, aholining tibbiy yordam uchun to’g’ridan-to’g’ri to’lovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bir so’z bilan aytganda, aholiga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish hamda tibbiyot xodimlarini moddiy rag’batlantirish mexanizmlarini kengaytirishga zamin yaratiladi.
Davlat tibbiy sug’urtasi jamg’armasi Matbuot xizmati