Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi qonun bilan mustahkamlandi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi qonun bilan mustahkamlandi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi qonun bilan mustahkamlandi

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish tezlashtiriladi” deb ta’kidlaganlari barchamizning doimiy diqqat markazimizda bo‘lishi kerak. O‘zbekiston Respublikasining eski amal qilgan namunadagi 40-moddasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilib – yangi tahrirdagi Konstitutsiyada 48-modda sifatida belgilandi va quyidagi normalarni o‘z ichiga oldi:

Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. 

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli.

Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi. 

Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Keyingi vaqtlarda tibbiyotga kafolatlangan paket, tibbiy sug‘urta kabi yangi atamalar kirib kela boshladi. Xo‘sh, bu atamalar zamirida tibbiyotda qanday o‘zgarishlar kutilyapti, qanday afzalliklar yotibdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2020 yildan buyon Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etildi va u muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Sirdaryodagi tajriba-sinov loyihasi natijalari tibbiy sug‘urtasi tizimi to‘g‘risida ijobiy xulosa berdi. Shu sababli joriy yilning iyul oyidan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi Toshkent shahrida joriy etiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilishi uchun avvalom bor, barcha davolash-profilaktika muassasalari binolari holati talabga javob berishi, raqamlashgan bo‘lishi, moddiy-texnik bazasi talabga javob berishi, kadrlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.

Ayni vaqtda, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni Toshkent shahri tibbiyot muassasalarida amalga oshirilmoqda. Tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari davolash-profilaktika muassasalarida bo‘lishib, monitoring ishlarini amalga oshirmoqdalar, monitoring jarayonida tibbiyot xodimlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari bilan seminarlar tashkil etilmoqda. Seminarda tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda. Xuddi shunga o‘xshash jarayonlar bizning viloyatimizda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining Jizzax viloyati bosh mutaxassisi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi viloyatimizda joriy etilgach, o‘zi bilan bir qator afzallik va qulayliklarni olib keladi. Eng avvalo tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi, kadrlar bilan ta’minlanadi, natijada aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati, samaradorligi va ommabopligi oshadi, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lami kengayadi, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat tibbiyot muassasalaridan tashqari nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb etiladi, tibbiy xizmatlar bozorida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlari kengaytiriladi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda qulaylik va shaffoflik ta’minlanadi, o‘z o‘rnida korrupsiyaviy holatlarni oldi olinadi.

Kafolatlangan paket bu – sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, barcha tibbiy tekshiruvlarni o‘z ichiga oladi, ya’ni bir fuqaroga tashhis qo‘yishda zarur bo‘ladigan barcha instrumental, laboratoriya tekshiruvlari, shifokor maslahatlari, profilaktik va skrining tekshiruvlarini o‘z ichiga oladi. Soddaroq qilib aytganda, kasallik tufayli murojaat qilgan bemorga tibbiyot muassasalari tomonidan barcha tibbiy xizmatlar – tashhis qo‘yishdan davolanishgacha bo‘lgan harajatlar davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Jahon amaliyotida tibbiy sug‘urtaning ixtiyoriy, majburiy va davlat tibbiy sug‘urtasi shakllari keng qo‘llaniladi. Ixtiyoriy va majburiy tibbiy sug‘urtada ma’lum a’zolik badallari fuqarolar tomonidan amalga oshiriladi. Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Rossiya, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi rivojlangan mamlakatlarning tibbiy sug‘urtasi tajribasi asosida yurtimizda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etildi. Bunda fuqarolar tomonidan tibbiy xizmat uchun hech qanday to‘lovlar amalga oshirilmaydi, barcha harajatlarni Davlat o‘z zimmasiga oladi. Shuning uchun bu tizim – Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi deb yuritiladi. Bu yerda “Davlat” degan so‘z turibdi, bu aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat harajatlari davlat budjeti mablag‘lari hisobiga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, hozirda viloyatimizda tibbiy sug‘urtaga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari ketyapti. Tibbiyot muassasalarining kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatni ko‘rsatishga imkoni yetadimi-yo‘qmi, asbob-uskunalari bormi-yo‘qmi, unda ishlovchi mutaxassislar bormi-yo‘qmi kabi masalalar o‘rganilmoqda. Albatta tibbiyot muassasalari zarur asbob-uskunalar, apparatlar bilan jihozlanadi va shu apparatlarda ishlovchi xodimlar bilan ta’minlanadi. Shu masalalar o‘z yechimini topgandan keyin davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ushbu muassasa bilan shartnoma imzolaydi va ko‘rsatgan tibbiy xizmat hajmiga qarab moliyalashtirib boradi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari aholi jon boshiga qarab moliyalashtiriladi. Bunda o‘sha hududdagi aholining salomatlik ko‘rsatkichlari asosiy me’zon qilib olinadi. Tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat tufayli salomatlik ko‘rsatkichlari yaxshilanib boraversa shu muassasa keladigan mablag‘ ortib boraveradi, bu o‘z navbatida tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish, muassasaning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga, dori preparatlari xarid qilishga ishlatiladi. Qisqacha aytganda, tibbiyot muassasalariga moliyaviy erkinlik beriladi, ular sug‘urta jamg‘armasi orqali kelayotgan mablag‘larni o‘zlari erkin ishlatish huquqiga ega bo‘ladilar. Statsionarlar esa davolangan holatlari uchun moliyalashtiriladi, ya’ni nechta bemor davolasa shunga qarab pul beriladi. Albatta, moliyalashtirishning har ikki holatida ham natijadorlikka qaratilgan, ya’ni birlamchi bo‘g‘in va shifoxonalar tibbiy xizmat ko‘rsatishda sifat va samaradorlikka e’tibor qaratishadi. Asossiz davolanishlar, tibbiy xizmat hajmini to‘liq ko‘rsatmaslik holatlariga barham beriladi.

Xulosa qilib aytganda, tibbiy sug‘urtaning hayotga tatbiq etilishi tibbiyotda ancha yillardan beri to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etadi. Unga ko‘ra, eng katta muammo – korrupsion harakatlar kamayadi. Sug‘urta bilan kelgan bemorga shifokorlar har qachongidan ko‘ra sifatliroq xizmat ko‘rsatadi. Chunki, u o‘zi bilan mablag‘ olib kelyapti, ya’ni sug‘urta jamg‘armasi tibbiy xizmat haqini to‘lab beradi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi
Matbuot xizmati