Avval xabar qilganimizdek, Farg‘ona viloyatidagi nodavlat tibbiyot tashkilotlarining imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Bunda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5199-sonli qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Unga asosan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuziladigan shartnoma asosida bazaviy narxlardan kelib chiqib, amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori ijrosini ta’minlash va Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘ini bajarish maqsadida nodavlat tibbiyot tashkilotlarining muvofiqligi yuzasidan Farg‘ona viloyatidagi “Meridian diagnostic hospital”, “Biotest medical”, “Magic hospital”, “Fargona tibbiyot fayzi”, “Abu bakr ar roziy med servis”, “Avitsenna plus med servis”, “Ixlos med sentr”, “Uigitov clinic”, “Neyro nuri”, «Uro-med abk shifo», “Ibn sino med farm” kabi tibbiyot muassasalari ekspertlar guruhi tomonidan o‘rganildi.
Monitoring davomida ushba nodavlat tibbiyot tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021 yil 18 noyabrda 3332-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi nodavlat tibbiyot tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar”ga muvofiqligi hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning narxlari tahlil qilindi.
Natijada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Farg‘ona viloyatida joylashgan “Meridian diagnostic hospital”, “Biotest medical”, “Magic hospital”, “Fargona tibbiyot fayzi”, “Abu bakr ar roziy med servis”, “Avitsenna plus med servis”, “Ixlos med sentr” lar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi nodavlat tibbiyot tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar”ga muvofiq faoliyat yuritishi, Uigitov clinic”, “Neyro nuri”, «Uro-med abk shifo», “Ibn sino med farm”larning faoliyati yuqoridagi talablarga mos kelmasligi aniqlandi.
Ushbu tahlil va monitoring natijasida ekspertlar guruhi qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tanlab olingan Farg‘ona viloyatida joylashgan “Meridian diagnostic hospital”, “Biotest medical”, “Magic hospital”, “Fargona tibbiyot fayzi”, “Abu bakr ar roziy med servis”, “Avitsenna plus med servis”, “Ixlos med sentr” nodavlat tibbiyot muassasalari bilan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi shartnomasi tuzdi.
SSVning tavsiyasiga ko‘ra imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun shartnoma tuzildi. Bunda, bemorlarni davolash xarajatlarini davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi budjet mablag‘laridan Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga tasdiqlangan bazaviy narxlar doirasida qoplab beradi.
Qayd etish kerakki, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni tibbiyot tashkilotlariga elektron yo‘llanma asosida davolanishga yuborilishini inobatga olgan holda “IT-Med” jamiyati Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma imzolagan xususiy tibbiyot muassasalari ham endilikda Sog‘liqni saqlash vazirligining elektron axborot tizimiga ulanadi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi matbuot kotibi