Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi

Shu oyning boshida Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasining Matbuot va RP xizmatiga telegram orqali buxorolik Bahriddin Haydarov murojaat qildi. Telefon orqali suhbatlashganimizda turmush oʼrtogʼi Dilfoʼza Haydarova bizga batafsil maʼlumot berdi.

– Sakkiz oydan beri turmush oʼrtogʼim kasal, – deydi D.Haydarova. – Oilamizda moddiy yetishmovchilik borligi uchun tekshiruvlardan oʼtishga vaqtida pul topolmay qiynaldik. Falon pul toʼlab oʼtgan tekshiruvlardan keyin ham maʼlum toʼxtamga kelishmadi. Qoʼyilgan turli tashxislar sabab, foydasi boʼlmasada, dori-darmonlarga ham ancha mablagʼ sarfladik. Natija boʼlmagach, operatsiya zarurligini aytishdi. Аyni vaqtda esa bizda jarrohlik amaliyoti uchun mablagʼ yoʼq, kimdan soʼrashni ham bilmayman. Turmush oʼrtogʼim hozirda toʼshakka mixlanib qolgan. Yaqinda bir tanishim davlat tomonidan bepul davolansa boʼlishini, aytib sizlarning manzilingizni berdi. Shu sababli oxirgi chora sifatida sizlarga murojaat qildik, bizga yoʼl-yoʼriq koʼrsatinglar…
Bu suhbatdan keyin murojaatni yanada toʼliqroq oʼrganish maqsadida biz bemorning hujjatlarini Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan hududiy vakilimizga joʼnatdik. Oradan qisqa vaqt oʼtib, ikkinchi guruh nogirion Bahriddin aka imtiyozli yoʼllanma asosida Buxoro viloyati koʼp tarmoqli tibbiyot markazining travmatologiya boʼlimiga joylashtirildi va chap chanoq son boʼgʼimi total endoprotezlash yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʼtkazildi.
Аyni vaqtda bemorning ahvoli yaxshi, oila aʼzolari ham yurtimizda amalga oshirilayotgan tizimdagi islohotlardan minnatdor.
– Quvonchim ichimga sigʼmayapti,– deydi Dilfuza opa, –Аvvaliga unchalik ham ishonmagandim, bepul davolanish haqidagi gap-soʼzlarga. Endi esa oʼzim guvoh boʼldi. Аholi uchun shunday imkoniyatlar yaratgan davlatimiz rahbaridan minnatdorman. Jarrohlik amaliyoti uchun umuman pul sarflamadik. Murojaatimiz ham kutilganidan tez hal boʼldi. Bizni eʼtiborsiz qoldirmagani uchun Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi vakillariga ham rahmat.
Hozirda Bahriddin akaning ahvoli ancha yaxshi. Uning salomatligi tez orada tiklanadi va sogʼlom hayotga qaytadi.

Davlat tibbiy sug’urtasi jamg’armasi
Matbuot xizmati