Ishonch telefoni:
(+998 71) 241 02 39
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

Inson qadri ulug‘

Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Inson qadri ulug‘
Tibbiy sug‘urta sayti > Yangiliklar > Inson qadri ulug‘

Tibbiy sug‘urta

Uning salomatligi hamisha davlat e’tiborida

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 48-moddasida  mamlakatimiz fuqarolariga ko‘rsatiladigan kafolatlangan tibbiy yordamning hajmi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan berilishi belgilab qo‘yildi. Bunda sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish vazifasini davlat o‘z zimmasiga olmoqda. Shoshilinch va tez-tibbiy yordam, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, ixtisoslashgan, jumladan, yuqori texnologik tibbiy yordam hamda og‘ir bemorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan palliativ  yordamlarshular jumlasidandir.

Ko‘rsatiladigan bunday tibbiy xizmatlar orqali aholida  uchraydigan yuqumli hamda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni oldini olish, erta aniqlash va o‘z vaqtida davolashga erishiladi.

E’tirof etish joizki, davlat aholi salomatligini saqlash va hayot sifatini oshirish maqsadida qator islohotlarni amalga oshirmoqda. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasini tashkil etilishidan asosiy maqsad davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmiga kiritilgan tibbiy xizmatlar xaridini yo‘lga qo‘yish.

Boshqa davlatlar amaliyotini kuzatadigan bo‘lsak, tibbiy sug‘urtaning bir necha turlari mavjud. Masalan: Fransiya, Germaniya, Rossiya, Qozog‘istonda majburiy tibbiy sug‘urta, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Ukrainada esa davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etilgan. Buyuk Britaniyada tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi umumiy soliq tushumlaridan moliyalishtirilib, aholiga bepul taqdim etiladi. Xarajatlarni esa davlat Milliy salomatlik xizmati (National Health Service) qoplaydi. Fransiyada aholiga tibbiy xizmatlar majburiy tibbiy sug‘urta asosida ko‘rsatiladi va ushbu tizim aholining 89 foizini qamrab olgan. Sug‘urtalangan shaxslarning tibbiy yordam xarajatlarining 80 foizgacha bo‘lgan qismini Birlamchi tibbiy sug‘urta jamg‘armasi (Caisse Primaire d’Assurence Maladie) qoplab beradi.

Misollardan ham ko‘rinib turibdiki, har bir davlatning sog‘liqni saqlash tizimini o‘ziga xos jihatlari bor. O‘zbekistonda esa rivojlangan davlatlar tajribasi asosida davlat tibbiy sug‘urtasi modeli tanlangan. Bu tizimning afzalligi shundaki, aholi mablag‘ (badal)lar to‘lashi ko‘zda tutilmagan va majburiylik xarakteriga ega emas. Tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tamonidan moliyalashtiriladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi  aholini sog‘lomlashtirishga, kasalliklarni oldini olishga, erta aniqlashga  qaratilgan tizim bo‘lib, aholini ijtimoiy himoyalash, tibbiy xizmatlar  ko‘rsatilishida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini tajriba – sinov tariqasida joriy etishda bir qator yutuqlarga erishildi. Eng avvalo, ushbu tizim uchun tibbiyot muassasalarini to‘liq axborotlashtirish talab etilganligi sababli raqamlashtirish yo‘lga qo‘yilib, aholining elektron ro‘yxati va bemorlarning ma’lumotlar bazasi yaratildi. Tizimdagi poliklinika va shifoxonalarni milliy yagona axborot tizimiga ulash, o‘zaro axborot almashinuvini ta’minlashga erishilmoqda.

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonida birinchi marta Sirdaryo viloyatida reimbursatsiya dasturi amaliyotga tatbiq etildi. Bunda, surunkali kasalliklardan: gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning ikkinchi turi, bronxial astma, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi bilan dispanser nazoratida turgan bemorlarni muntazam va bepul dori vositalari bilan ta’minlanishi yo‘lga qo‘yildi.

Qiyoslash uchun aytadigan bo‘lsak, ilgari surunkali kasallar ro‘yxatga olinib, davolanish buyurilgan va nazoratga olingan. Afsuski, hamma bemor ham dori-darmonlarni o‘z vaqtida xarid qilib, qabul qilinmaganligi sababli ularda turli asoratlar paydo bo‘lgan. Endilikda esa bemorlar dorixonadan elektron retsept asosida dori vositalarini bepul olmoqda. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi esa dorixonalarga berilgan dori qiymatini referent narxlar asosida qoplab bermoqda.

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish hamda aholini barcha qatlamini  sifatli tibbiy yordam bilan qamrab olish maqsadi qo‘yilgan edi. Shunga ko‘ra, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib qilish, profilaktika va skrining amaliyotlari sifatini oshirish, oilaviy shifokorlarning vakolatini kengaytirishga e’tibor qaratildi. Oilaviy shifokor bemorlarga tor soha mutaxassislari ko‘rigidan o‘tishi uchun va davolanishga muhtoj bemorlarga shifoxonada davolanishi uchun yo‘llanma berishi yo‘lga qo‘yildi.

Amalga oshirilgan izchil chora-tadbirlar natijasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar – bronxial astma,  yuqori qon bosimi, qandli diabet asoratlari bilan jumladan, infarkt – 7 foizga, insult – 9 foizga, bronxial astma – 2,5% foizga kamaydi. Shifoxonalarga yo‘llanma asosida murojaat 45 foizdan 85 foizga oshib, bemorlarni asossiz yotqizish 45 foizdan 20 foizga tushdi. Tor soha mutaxassislariga murojaatlar 16 foizga kamaygan holda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining kunduzgi shifoxonalarida davolanganlar soni 75 foizga oshgani islohatlarning ijobiy jihatlarini o‘zida aks ettiradi.

Jamg‘arma tibbiy xizmatlar xaridi orqali tibbiyot muassasalarini bir satrda moliyalashtirmoqda. Bu uchun mahalliy budjetdan ajratilgan mablag‘lar konsolidatsiya qilinib, tibbiyot muassasalariga bu mablag‘lardan erkin foydalanish vakolati berildi. Moliya yili oxirida tibbiyot tashkilotlarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida foydalanilmay qolgan mablag‘lar qaytarib olinmaydi va mablag‘lar tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish tegishli ravishda tibbiyot muassasasini rivojlantirish va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun ishlatilishi mumkin.

Yangi tizimning yana bir ijobiy jihati davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni vujudga keltirishidir. Bu bilan davlat har bir fuqaroga o‘zi xohlagan klinikada davolanishi, istagan shifokoridan tibbiy maslahat olishi uchun imkoniyat yaratmoqda. Zero, aholi uchun ishlab chiqilayotgan elektron dasturlar orqali kasallik bo‘yicha qaysi shifo maskaniga murojaat qilish, shifokor qabuliga yozilish, buyurilgan dorilarni topish kabi masalalarga ham oson yechim topiladi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlardan, yaratiladigan qulayliklardan aholi beminnat bahramand bo‘ladi. Bundan tashqari, bemorlarning uzoq viloyatlardan katta mablag‘ sarflab poytaxtga kelib sarson bo‘lishining oldi olinmoqda.

Erishilgan   natijalarga  asoslanib,  Davlat  tibbiy  sug‘urtasini boshqa  hududlarga joriy etish uchun tayyorgarliklar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “…Ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tishni tezlashtiramiz. 2023 yildan bu tizim Toshkent shahrida boshlanadi. Bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi”, deya ta’kidlagan edi.

Hozirda poytaxtning o‘ziga xos jihatlari hisobga olinib, tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish, lokal tarmoqqa ulash, tibbiy hujjatlarni elektron aylanishini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy moliyalashtirish masalalari hamda reimbursatsiya dasturini amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, boshqa hududlarda ham natijaga asoslangan moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, reimbursatsiya tizimidagi dori vositalari ro‘yxatini kengaytirish kabi ishlarga tayyorgarlik bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

Mamlakatimizda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishni yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlanayotgani fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, ularning malakali tibbiy xizmatdan  foydalanishlari uchun huquqiy asos va kafolat bo‘lib xizmat qiladi. Aslida ham inson qadri va xalq manfaati ulug‘lanadigan yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir islohotda aholi ehtiyojlari hisobga olinmoqda.                                                                                                              

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi
Ijro etuvchi direktori
Farrux Sharipov.